Referendum va yangi Konstitutsiya

O‘zbekiston Asosiy qonunining yangilanishini, shubhasiz, 2023-yilning bosh siyosiy voqeasidir. 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda xalq (ovoz berishda ishtirok etganlar ulushi 84,5 foizni tashkil etdi) Konstitutsiyaning yangi tahririni ma’qulladi. Saylovchilarning 90,2 foizi Asosiy qonunning o‘zgartirilishi uchun ovoz berdi, 9,35 foizi esa bunga qarshi chiqdi.

Asosiy o‘zgarishlar sifatida Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjatga aylangani, unda O‘zbekistoning ijtimoiy va dunyoviy davlat degan maqomi mustahkamlab qo‘yilgani va yana boshqalarni sanab o‘tish mumkin.

Referendumdan so‘ng, mamlakatda yangilangan Konstitutsiyaga mos yangi qonunlar qabul qilina boshladi. Noyabrda prezident kodekslarga davlatning dunyoviyligini mustahkamlovchi tuzatishlarni kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilganlik uchun 6,6 mln so‘mgacha jarima solinishi, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, ko‘p xotinli bo‘lishni targ‘ib qilganlik uchun 15 sutkagacha qamoq jazosi tayinlash mumkin bo‘ldi.

Muddatidan avvalgi prezident saylovi

Referendumdan so‘ng, 9-iyul kuni O‘zbekiston prezidentligi uchun muddatidan avvalgi saylovlar bo‘lib o‘tdi va unda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan qayta saylandi. Unga “Adolat” partiyasidan raqib bo‘lgan Robaxon Mahmudova 4,43 foiz, Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Inoyatov 4,02 foiz, Ekologik partiyadan Abdushukur Hamzayev esa 3,74 foiz ovoz oldi.

Shavkat Mirziyoyev qasamyod qilmoqda, 2023-yil, 14-iyul. Foto: Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev qasamyod qilmoqda, 2023-yil, 14-iyul. Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi

Bolalar va xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonunning kuchga kirishini O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim hodisa deya e’tirof etish mumkin. Nemolchi.uz loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Nigina Xudoybergenova ta’biri bilan aytganda, mazkur qonun loyihasi uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi.

Bolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning Senatdagi muhokamasidan, 2023-yil 24-yanvar. Foto: Senat matbuot xizmatiBolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning Senatdagi muhokamasidan, 2023-yil 24-yanvar. Foto: Senat matbuot xizmati

Jamoat faollarining qat’iyati tufayli endi maishiy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik bor, shilqimlik (xususan, ko‘chadagi tegajoqliklar) esa 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik sifatida tan olindi. Bolalarning jinsiy daxlsizligi va erkinligiga qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun belgilangan jazo muddatlari uzaytirildi.

Ma’muriy islohotlar

O‘tgan, 2022-yilning eng oxirida O‘zbekistonda ma’muriy islohotlar boshlandi. Vazirlik va idoralar sonini ikki barobardan ko‘proq — 61 tadan 28 tagacha kamaytirish, davlat xizmatchilarining sonini esa 30−35 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan edi. Davlat organlarining qisqartirilishi va ularning xarajatlari maqbullashtirilishi natijasida O‘zbekiston davlat budjeti 2,8 trillion so‘m iqtisod qilishi kutilayotgan edi. Ammo islohot loyihalari umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilinmadi, shu va boshqa omillar (masalan, vazirlarning avvalgi lavozimlariga qayta tayinlanishi) sabab jamoatchilik ushbu o‘zgarishlarni sovuq kutib oldi. Islohot tanqidchilari uchun Adliya vazirligi alohida bayonot berishga majbur bo‘ldi.

Yil o‘rtasida yuridik fanlari doktori, professor Iso Hamidov “Gazeta.uz” yozgan maqolasida islohot natijasida davlat boshqaruvining tashkiliy tuzilmasi va vazifalari optimal shakllanib ketdi, deb yakdil ta’kidlashga hali erta ekanini qayd etib o‘tdi. “Qarorlarning shoshma-shosharlik bilan qabul qilingani, islohotni tayyorlash jarayonida lozim darajadagi ekspertlik muhokamasining bo‘lmagani ayrim qarorlarning ilmiy asoslanganligiga nisbatan shubha va savollar keltirib chiqarmoqda”, — deb yozgandi u.

O‘zbekiston hukumati binosi. Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”.O‘zbekiston hukumati binosi. Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”.

2023-yil oxirigacha ma’muriy islohot doirasidagi ayrim qarorlar qayta ko‘rib chiqib bo‘lindi. Masalan, avvallari hukumatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysungan Oila va xotin-qizlar ishlari qo‘mitasi 2022-yil dekabrida Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga o‘tkazilgandi, ammo yaqinda yana Vazirlar Mahkamasi bo‘ysinuviga qaytarildi. O‘tgan yil dekabrida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tuzilmasiga o‘tkazilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sentabrda yana Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasiga qaytdi. Mart oyida Strategik islohotlar agentligi davlat ulushi bor 31 ta yirik korxona aksiyalarini o‘z balansiga olgandi (agentlik 2023−2025-yillar davomida ularni isloh qilib, operatsion jozibadorligini oshirishi lozim edi), ammo avgust oyida barcha ulushlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqaruviga qaytarildi.

Prezident administratsiyasi tuzilmasidagi o‘zgarishlar

Avgust oyida prezident o‘z ma’muriyatining yangi tuzilmasini tasdiqladi. Prezident administratsiyasi rahbari lavozimi tugatilib, prezidentning ikkita qo‘shimcha yordamchisi lavozimlari joriy etildi, ulardan biriga prezidentning bungacha administratsiya ijro apparatida ishlab kelgan to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva tayinlandi. Maslahatchilar soni 9 tadan 11 taga oshirildi, jumladan, administratsiya rahbari lavozimi tugatilganidan keyin Sardor Umrzoqov yangi tashkil etilgan alohida topshiriqlar bo‘yicha maslahatchi lavozimini egalladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi

O‘zbekiston, yangi Konstitutsiyaga muvofiq, ijtimoiy davlatga aylangani sharofati bilan faoliyati aholini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lgan davlat organini tashkil etish masalasi va nihoyat ijobiy hal qilindi. Iyun oyida O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

Ijtimoiy himoya uchun turli davrlarda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi, ham sobiq Mehnat vazirligi mas’ul edi, bunday ahvol esa ijtimoiy muhofaza tizimini to‘laqonli rivojlantirishga to‘sqinlik qilardi. Ekspertlar ko‘p yillardan beri mazkur soha tarqoq ekanini ta’kidlab kelayotgandi.

Agentlikka ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, aholining ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olinishini kengaytirish vazifalari yuklatilgan. U, shuningdek, davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlarini hamda ularning ijrosini monitoring qilish mezonlarini ishlab chiqishi lozim.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga Mansurbek Olloyorov direktor etib, prezidentning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva esa agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Anomal sovuq va Jahongir Ortiqxo‘jayevning Toshkent shahar hokimi lavozimidan olinishi

2023-yil boshida O‘zbekistonda noodatiy qahratonlar kuzatildi, havo harorati -20 darajadan ham pasayib ketdi. Bu nafaqat qattiq sovuqqa o‘rganmagan aholi uchun, balki mamlakat kommunal tizimi uchun ham kutilmagan voqea bo‘ldi. Tizimdagi avariyalar oqibatida bir necha kunlab chiroq bo‘lmadi, gaz bosimi o‘tgan yillarda energiya ta’minoti masalasida nisbatan barqarordek ko‘ringan Toshkent shahrida ham pasayib ketdi.

Poytaxtda eng sovuq kunlarda ko‘p qavatli turar joy mavzelarida odamlar gulxan atrofida isinishga majbur bo‘ldi. Aholi tayyor ovqat sotib olishga va sovuqdan savdo markazlarida jon saqlashga majbur bo‘layotganini ta’kidladi. Elektr va gaz yo‘q bo‘lgan sharoitda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni isitish imkonsizligi sabab, Mudofaa vazirligi, IIV va Milliy gvardiya Toshkentning bir qator mahallalarida chodirli shaharchalar qurdi — bu yerda odamlar issiq ovqat olishi, isinishi va mobil qurilmalarini quvvatlantirishi mumkin bo‘ldi.

Aholini isintirish uchun harbiylar va kuch ishlatar tizimlar tomonidan o‘rnatilgan chodirlar. Toshkent, 2023-yil yanvari. Foto: Milliy gvariya.Aholini isintirish uchun harbiylar va kuch ishlatar tizimlar tomonidan o‘rnatilgan chodirlar. Toshkent, 2023-yil yanvari. Foto: Milliy gvariya.

O‘zbekistonning turli hududlarida aholi odatda uyni isitish uchun foydalaniladigan gaz bosimi pasayib ketgani uchun qiyinchiliklarga uchrayotganini ma’lum qildi, gaz tortilmagan va elektr deyarli berilmay qo‘ygan qishloqlarning aholisi esa chidab bo‘lmas darajada og‘ir turmush sharoitlaridan shikoyat qildi.

Toshkent energetika tizimidagi inqiroz oqibati o‘laroq 2018-yildan beri Toshkent shahar hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

“Nega poytaxtda shunday bo‘ldi? Nega oldindan tayyorgarlik qilmadik? Shuncha gap gapirganimizga qaramay, Vazirlar Mahkamasi qayerga qaragan degan savol meni qiynayapti. Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim, — degandi o‘shanda prezident energetika inqirozi bo‘yicha yig‘ilishda. — Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim”.

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib bungacha “O‘zavtosanoat” rahbari va Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i sifatida ishlagan Shavkat Umurzakov tayinlandi.

Elektr energiyasi, gaz va mustaqillik uchun kurash

O‘zbekiston avgust oyida Turkmaniston bilan yiliga 2 milliard kub metr turkman gazini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Tomonlar yanada uzoq muddatli va yetkazib berish hajmi ham kattaroq bo‘lgan shartnoma ustida ham ish olib bormoqda.

7-oktabrdan e’tiboran O‘zbekiston kuz-qish mavsumidagi yetishmovchilik o‘rnini qoplash uchun Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qilishni boshladi. Gaz xarid qilish shartnomasi ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lib, kunlik xarid miqdori sutkasiga 9 million kub metrni — yiliga taxminan 2,8 milliard kub metrni tashkil etishi kerak.

Dekabrga kelib, qattiq sovuqlar sabab, “Gazprom” Toshkentning iltimosiga ko‘ra O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini ikki barobar oshirdi. Shu oyda “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali “texnik jihatdan maksimal hajmda” gaz o‘tkazilgan.

Yil oxirida Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida esa shamol elektr stansiyasining birinchi navbati ishga tushirildi. Ushbu obyektlarning umumiy generatsiya quvvati 2400 MVtni tashkil etadi.

Umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar to‘liq quvvat bilan ishga tushishi bilan, ta’kidlanishicha, 2 million uy xo‘jaligi barqaror elektr energiya ta’minotiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, 2 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish, 4 milliard dollarlik sanoat mahsuloti va xizmatlar ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonga “kafolatlangan va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur”, deya ta’kidladi O‘zbekiston preziyenti. Kelgusi olti yilda mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 83 milliarddan 120 milliard kilovatt soatga o‘sishi kutilmoqda. “Buni, birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekistonning “yashil” energiyani Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berish rejalari borligini qo‘shimcha qildi.

Pensiya va oyliklar bir yilda ikki marta oshirildi

2023-yilda pensiya va oyliklar ikki marta — aprel-may oylarida va dekabrda oshirildi. Har ikkala safar ham oshish darajasi 7 foizni (jami 14 foizni) tashkil etdi. Shu tariqa, ijtimoiy to‘lovlar va budjet xodimlarining oylik maoshlari indeksatsiyasi yillik inflyatsiyaning Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra taxmin qilingan 9−10 foizlik darajasidan o‘zib ketdi.

To‘rt yilda birinchi marta kommunal xizmatlar uchun tariflar oshirildi

O‘zbekistonda 1-oktabrdan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari va kompaniyalar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirildi. Aholi uchun tariflar esa o‘zgarishsiz qoldirildi. Buning ortidan Toshkentda yuridik shaxslar va budjet tashkilotlari uchun issiqlik ta’minoti narxlari, shuningdek, barcha hududlarda va, jumladan, aholi uchun ham — chiqindilarni olib chiqish va sovuq suv tariflari oshirildi.

Kommunal xizmatlar uchun tariflar to‘rt yildan beri — avvaliga koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlari tufayli, keyinchaliq esa referendum va yangi saylovlarga tayyorgarlik sabab — o‘zgarmay turgandi. Ammo iqtisodiy ekspertlar resurslar uchun bozor narxlari belgilanmasa, barqaror energiya ta’minotiga erishish va infratuzilmani soz holatda saqlash mumkin emasligini yakdil ta’kidlab kelayotgan edi.

Shaharlarda ruxsat etilgan eng yuqori tezlikning 60 km/s etib cheklanishi

Shaharlarda ruxsat etilgan eng yuqori harakatlanish tezligining soatiga 60 kilometrgacha cheklanishi — yo‘l harakati xavfsizligi sohasi va shahar muhitidagi eng uzoq kutilgan qarorlardan biri bo‘ldi. Avvallari cheklov soatiga 70 kilometrga teng edi.

Har 5 km/s tezlik YTH ishtirokchilarining hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega, bu haqda Transport vazirligining Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murob Obidov bir yil avval gapirgandi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Agar soatiga 65 km/s tezlikda kelayotgan haydovchi piyodani ko‘rib, tormozni bossa, transport vositasi piyodaga borib urilguniga qadar tezlik 32 km/c gacha pasayadi. Biroq haydovchi soatiga 60 km/c tezlikda harakatlansa — ya’ni, tezligi bor-yo‘g‘i 5 km/c ga pastroq bo‘lsa va boyagidek masofadan tormozni bosishga kirishsa, piyoda bilan to‘qnashish vaqtida avtomobilning tezligi atigi 5 km/c ni tashkil etadi.

Tezlikni pasaytirish samarasiga baho berish uchun vaqt va ma’lumotlar tahlili zarur. Ayni vaqtda, ekspertlar birgina tezlikni pasaytirish bilan jiddiy natijalarga erishish qiyinligini, bu borada komlpeks choralar zarurligini eslatib kelmoqda.

Toshkentda jamoat transportini rivojlantirish uchun 1000 ta avtobus va elektrobus sotib olinishi

Fevral oyida O‘zbekiston prezidenti jamoat transportini rivojlantirish to‘g‘risida qaror imzoladi. Toshkent uchun gazda harakatlanuvchi 700 ta (200 ta 18 metrli “garmoshka” va 500 ta 12 metrli oddiy) avtobus va 300 ta elektrobus sotib olindi. Bu — bunchalik qisqa muddatda sotib olingan eng yirik avtobuslar partiyasi bo‘ldi. Gazda harakatlanuvchi yana 1000 ta avtobusni Nukus va viloyat markazlari uchun sotib olish rejalashtirilgan edi.

ayollar va bolalar himoyasi, energiya resurslari, ijtimoiy himoya, jamoat transporti, konstitutsiya, korrupsiyaga qarshi kurash, ma’muriy islohotlar, yil yakunlari

Dastlabki avtobuslar bahorda yetkazib berilishi kerak edi: 20-aprel kuni Toshkentda birdaniga 400 ta yangi katta va o‘ta katta sig‘imli avtobus va elektrobuslar yo‘nalishlarga chiqib, poytaxt ko‘chalarini bezadi. Ular orasida 18 metrli “garmoshka"lar ham bor edi — shahar bunday turdagi so‘nggi avtobusdan oxirgi marta 10 yil avval foydalangan edi.

Oradan yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tib, jamoat transportida yo‘lkira 2019-yildan beri birinchi marta (1400 so‘mdan 2000 so‘mga) oshirildi. Bundan tashqari, bir soat ichida bir necha bor jamoat transportidan foydalanganda taqdim etilishi aytilgan va ko‘pdan beri va’da qilib kelingan chegirmalar, shuningdek, kunlik, haftalik, oylik va yillik tariflar joriy qilindi.

Ikki va undan ortiq harakatlanish bo‘lagi bor yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylariga svetoforlar o‘rnatila boshladi

sentabr oyida tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi O‘zbekiston aholi punktlarining qatnov qismi har bir tarafida ikki va undan ortiq harakatlanish bo‘lagi bo‘lgan yo‘llaridagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarini tugma bilan boshqariladigan svetoforlar bilan jihozlashni nazarda tutadi. 2024-yildan ushbu talab barcha yangi yo‘llar uchun majburiy bo‘ladi.

Toshkentda bu borada ishlar boshlab yuborildi — buning uchun hatto viloyatlardan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jalb qilindi. Amir Temur, Oqqo‘rg‘on, Parkent, Sayram va boshqa ko‘plab ko‘chalarda yangi svetoforlar paydo bo‘ldi. Ayrim joylarga esa svetoforlar hali ham o‘rnatilgani yo‘q. Parkent ko‘chasidagi 69-maktab va 77-ixtisoslashtirilgan zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz bolalar maktabi oldidagi piyodalar o‘tish joyiga o‘rnatilgan svetoforlar hali ham ishga tushgani yo‘q.

O‘zbekiston shaharlarida, xususan, Toshkentda har tarafi bir necha (to‘rt, besh, olti va undan ortiq) polosali ko‘cha va yo‘llarda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari ko‘p uchraydi. Poytaxtdagi bir qator shunday o‘tish joylarida o‘lim bilan tugagan YTHlardan so‘nggina svetofor o‘rnatilgan. Piyodalar xavfsizligini oshirish uchun, yuqorida ta’kidlanganidek, kompleksli yondashuv zarur.

Bolalarning dorilardan ommaviy zaharlanishi

Avgust oyida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dorilarni, xususan, “Dok-1 Maks"ni ichganidan so‘ng O‘zbekistonda 2022-yil oxiri va 2023-yil boshida 65 nafar bola o‘lgani haqidagi ma’lumot oshkor qilindi. Ushbu farmkompaniya dorilari keng tarqalgani va taqiqlangan preparatlarni sotish hatto fevral oyida ham davom etavergani inobatga olinsa, bu qurbonlar soni bo‘yicha yakuniy raqam bo‘lmasligi ham mumkin. “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud davom etmoqda.

sentabr oyida Namangan viloyatining Chust tumanida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani ma’lum bo‘ldi. Keyinroq esa viloyatda 450 bola, xususan, birgina Chust tumanida 306 bola kasalxonaga yotqizilgani ma’lum bo‘ldi. Ota-onalar bolalarning ahvoli yodlashtirish dasturi doirasida tarqatilgan “Antistrumin” №100 dori vositasini ichganidan so‘ng yomonlashganini ma’lum qildi, ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi avvaliga bu da’voni rad etdi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Antistrumin'ning nojo‘ya ta’siridan aziyat chekkan bolalarni ko‘rgani kasalxonaga bordi. 2023-yil, sentabr. Foto: Andijon viloyati hokimligi.Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov “Antistrumin"ning nojo‘ya ta’siridan aziyat chekkan bolalarni ko‘rgani kasalxonaga bordi. 2023-yil, sentabr. Foto: Andijon viloyati hokimligi.

Oradan ikki oy o‘tib O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov bolalarning sentabrdagi ommaviy zaharlanishi “Antistrumin” yod preparati dozasi oshirib yuborilgani bilan bog‘liq ekanini tan oldi.

Ushbu holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida uch ayol shifokor — endokrinologiya markazi direktori o‘rinbosari, O‘zbekistonning bosh bolalar endokrinologi va Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarmasi boshlig‘i hibsga olindi. O‘zbekiston shifokorlar uyushmasi bu shifokorlarga qo‘llanilgan ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘rab prezidentga murojaat qildi.

Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha hukmlar

2023-yil yanvari oxirida Nukus voqealarining 22 ishtirokchisiga doir ish bo‘yicha hukmlarni e’lon qildi: Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi, Lolagul Qallixanova esa 8 yilga ozodlikdan shartli mahrum qilinib, Azamat Nuratdinov, Ahmet Smetullayev va Azamat Turdanov bilan birga sud zalidan ozod qilindi. Qolganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazolar tayinlandi.

ayollar va bolalar himoyasi, energiya resurslari, ijtimoiy himoya, jamoat transporti, konstitutsiya, korrupsiyaga qarshi kurash, ma’muriy islohotlar, yil yakunlari

Nukus voqealari bo‘yicha ikkinchi ishda 39 kishi sudlandi: 28 kishi 5 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo olgan bo‘lsa, qolgan 11 kishining ozodligi 5 yilga cheklandi. Iyun oyida birinchi ishning sakkiz ishtirokchisiga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo ozodlikni cheklashga almashtirildi. Xuddi shu oyda ikkinchi ish bo‘yicha sudlanayotganlarning jazolari ham yengillashtirildi — besh kishining jazosi ozodlikni cheklashga almashtirildi, 16 nafarining jazo muddati esa kamaytirildi.

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasidagi ommaviy qo‘lga olishlar

Toshkent shahar IIBB 2-dekabr kuni “ko‘cha to‘dalari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Qo‘lga olinganlar orasida “Saidaziz medgorok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saydaliyev, Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”), Salim Abduvaliyev (“Salimboy”) kabilar bor edi. Umumiy hisobda 100 dan ortiq odam ushlangan bo‘lsa, ularning 52 nafari qamoqqa olindi.

Bundan tashqari, so‘nggi bir hafta davomida Izboskan tumani sobiq hokimi Serobiddin Ismoilov, Buxoro tumani sobiq hokimi Xayrillo Jo‘rayev va Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayev, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov, qishloq xo‘jaligi vazirligining sobiq rahbari Aziz Voitov va boshqalar qo‘lga olindi.

Ommaviy qo‘lga olishlar yuzasidan O‘zbekiston prezidenti ham izoh berdi.

“O‘zini „ko‘cha“ deb ataydigan jinoiy guruhlar bo‘ladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar bo‘ladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan bo‘lsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz”, — dedi prezident.

“Ko‘chalarimiz, mahallalarimiz, hayotimiz tom ma’noda tinch va toza, jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak. Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi shart. Va, albatta, shunday bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.