Prezident hokimlarning ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalari qoniqarsiz ekanligini tanqid qildi. Viloyat hokimlariga qo‘shimcha 110 ming ish o‘rni tashkil etish, kamida 1 mlrd dollarlik eksport uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi. Bundan tashqari, EIZlardagi loyihalarni ekspertiza qilish vakolati hamda sanoat zonalarning ma’muriy kengashlari vakolati Investitsiyalar vazirligiga o‘tkazildi. Zonalardagi yerlar endi hokimliklar tomonidan emas, balki direksiyalar tomonidan auksionga qo‘yiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki baravar qisqartirish chora-tadbirlari haqida gapirdi. Energiya resurslari narxlarini erkinlashtirish va samarasiz subsidiyalarni kamaytirish bilan bir vaqtda davlat resurslarini yanada ko‘proq ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirish, xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat korxonalarini xususiylashtirishni jadallashtirish va boshqalar ko‘zda tutilgan.
15 iyundan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlarning banklarda ochilgan maxsus maqsadli hisobvaraqlari yopiladi. Yopilgandan keyingi qoldiq ularning asosiy yoki ikkilamchi hisobiga o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Germaniyaning Dyuseldorf shahrida Yevropaning C&A kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston Xitoyga 132,8 mln dollarlik tabiiy gaz yetkazib berdi. Natijada mamlakat Xitoyning gaz importyorlari orasida kuchli beshlikka kirdi. Avvalroq, rasmiylar yoqilg‘i eksportin ichki bozor va qayta ishlash foydasiga qisqartirilishi haqida ma’lum qilgan edi.
Jahon banki guruhi 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik dasturini qabul qildi. U uchta strategik maqsadga qaratilgan — xususiy sektorda inklyuziv bandlikni oshirish, inson kapitalini rivojlantirish va «yashil» iqtisodiy o‘sish hisobiga farovonlikni oshirish va barqaror rivojlanish.
25 may kuni Qo‘qon shahrida Yandex Go taksi xizmati ishga tushdi. Endilikda ushbu xizmat Farg‘ona vodiysining barcha yirik shaharlarini qamrab oladi.
Uzbekistan Airports Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish terminalida yangi «Fast Track» xizmati ishga tushirilganini ma’lum qildi. 170 ming so‘m evaziga reysga ro‘yxatdan o‘tish, bojxona va pasport nazorati, shuningdek, parvoz oldidan tekshiruvlardan navbatsiz o‘tish mumkin.
Fuqarolar Markaziy bankka tijorat banklari «noma’lum sabablarga ko‘ra» kredit ajratmayotganidan shikoyat qilishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, rad etish vaqtida bank xodimlari qarz oluvchilar «qora ro‘yxat»ga kiritilganini ma’lum qilishmoqda. MB gap mijozning kredit tarixi haqida ketayotganini bildirdi.
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida mamlakatdagi ikkinchi eng yirik (100 MVt) quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi va yagona tarmoqqa quvvat uzatishni boshladi. Bu bilan yiliga 78 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi (mamlakat aholi xonadonlarining 10 kunlik iste’moli) va 80 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilda tuzilgan shartnomalarga muvofiq, 68 ta dilerlik tashkilotlari orqali 5 mingdan ortiq holatda xaridorlarga mashinalarni o‘z vaqtida yetkazib bermagani aniqlandi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi kechiktirilgan har bir kun uchun iste’molchilarga penya to‘latish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Rossiya-Ukraina mojarosi fonida rossiyaliklar O‘zbekiston yo‘nalishida bir tomonlama aviachiptalarni ko‘proq xarid qilmoqda. Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra, mart-aprel oylarida konsalting, moliya va IT-kompaniyalar vakillari ortga qaytish chiptalarini nisbatan kamroq sotib olgan.
Qarshi xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda: terminalning o‘tkazuvchanlik quvvati ikki baravarga oshiriladi, yangi bagaj tasmalari hamda elektron tarozilar o‘rnatiladi, yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratiladi.
Sanoat Energetika Guruhi (sobiq Jizzakh Petroleum) xorijiy kompaniyasi davlatdan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini 100 mln dollarga sotib oldi. Kompaniya shuningdek, 380 mln dollarga zavodni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish va boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bitim tafsilotlari.
Prezident farmoni bilan dorivor o‘simliklarni ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi oilaviy tadbirkorlar va kichik biznes subyektlari uchun soliq va kredit imtiyozlari berildi. Besh yilda 36 ming gektarda dorivor o‘simliklarning yangi plantatsiyalari yaratiladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar esa 2025 yilgacha bojxona bojidan ozod qilindi, QQSni kechiktirib to‘lashga ruxsat etilib, tashish xarajatlarining 50 foizgacha qismi qoplanishi belgilandi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida O‘zbekistonda ilk bor «Yevro-6» toifasidagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston hukumati davlat-xususiy sheriklikni iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va yalpi ichki mahsulot o‘sishi omillaridan biri deb hisoblaydi, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. 2026-yilgacha DXSH loyihalariga 14 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jalb etish, 2030-yilga borib esa YaIM hajmini 160 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
1 may holatiga O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 745 mln dollarga ko‘payib, jami 35,9 mlrd dollarni, shu jumladan valyuta qismi 13,5 mlrd dollarni, oltin qismi esa 21,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Prezident huzuridagi taqdimotda geologiya sohasini rivojlantirish, foydali qazilmalar zaxiralari va yerosti suv resurslarini ko‘paytirish, uran, litiy, alyuminiy, magniy va boshqa noyob metallarni qazib olishga investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Markaziy bank belgilaydigan AQSh dollari kursi mart oyi o‘rtalaridan beri ilk bor 11100 so‘mdan pastga tushdi. Oxirgi ikki oyda milliy valyuta barqaror ravishda mustahkamlanib bormoqda.
Qo`shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro`yxatdan o`ting