Ko‘plab nizolari, tabiiy va gumanitar falokatlari bilan yodda qolgan 2023-yil ham yakuniga yetmoqda. O‘zbekistonda bu yil anomal darajada sovuq va qorli qish bilan boshlanib, xuddi jazirama yoz kabi mamlakat energotizimi uchun haqiqiy sinovga aylandi. Ekologik vaziyat yomonlashishda davom etmoqda: shaharlarga chang bo‘ronlari yopirilyapti, havo sifatining yomonligi bo‘yicha jahon reytinglarida Toshkentning yetakchi o‘rinlarda turishi esa odatiy holga aylanib qoldi.

2023-yilda Nukusda o‘tgan yil iyulida yuz bergan fojiali voqealar ishi bo‘yicha, “Dok-1 Maks” dori vositasi iste’molidan vafot etgan 65 bolaning o‘limi bilan bog‘liq va yana boshqa shov-shuvli sud jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Maktab o‘quvchilarining “Antistrumin” yod vositasi bilan ommaviy zaharlanishi ham sog‘liqni saqlash tizimining ishga layoqatli ekanini yana bir bor shubha ostida qoldirdi.

Yilning eng asosiy siyosiy voqealari sifatida esa Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha referendum va Shavkat Mirziyoyevning qayta saylanishi bilan tugagan muddatidan avvalgi prezident saylovini ko‘rsatish mumkin. 2023-yilning yodda qolarli lahzalari — “Gazeta.uz” fotosharhida.

Yanvar

O‘zbekistonda yanvar anomal sovuq hukmronlik qildi. Havo harorati ba’zi hududlarda kechasi −25…−27 darajagacha sovidi. Qahraton va qor bo‘roni mamlakat energetika tizimidagi inqirozni bor bo‘y-basti bilan ko‘rsatib qo‘ydi. Nafaqat viloyatlarda, balki poytaxtda ham turar joy binolarini isitishda uzilishlar yuz berdi, odamlar sutkalar chiroqsiz, gazsi va issiq suvsiz yashashga majbur bo‘ldi. Mudofaa vazirligi, IIV va Milliy gvardiya barcha hududlarda va Toshkent shahrining barcha tumanlarida harbiy-dala oshxonalari tashkil etib, aholini issiq ovqat va issiq joy bilan ta’minladi. Shahar hokimligi to‘yxonalarda kommunal xizmatlar, obodonlashtirish boshqarmasi, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari, shuningdek, ehtiyojmand oilalar uchun bepul osh tarqatdi.

Sud 2022-yil yozida Nukusda bo‘lib o‘tgan voqealar bo‘yicha birinchi jinoyat ishini ko‘rib chiqishni tugatib, 22 ayblanuvchiga nisbatan hukm chiqardi. Ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jurnalist Lolagul Qallixanova 8 yilga ozodlikdan shartli mahrum qilindi. U bilan birga Azamat Nuratdinov, Ahmet Smetullayev va Azamat Turdanov bilan birga sud zalidan ozod qilindi. Ish bo‘yicha qolgan ayblanuvchilar ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash ko‘rinishida jazolandi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Nukus voqealariga doir ikkinchi ish sudi mart oyida bo‘lib o‘tdi. Unda 28 kishi 5 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi, qolgan 11 kishiga 5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Iyun oyida 44 kishi nomidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari bo‘yicha sud majlislari bo‘lib o‘tdi. Unda 13 mahbusning jazosi ozodlikni cheklashga almashtirildi, 22 sudlanuvchining jazo muddati qisqartirildi. 8 sudlanuvchiga nisbatan, xususan, Dauletmurat Tajimuratovga nisbatan chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldirildi.

Fevral

Turkiyada ketma-ket vayronkor zilzilalar yuz berdi. Qurbonlar soni 50 ming kishidan oshib ketdi, ular orasida kamida to‘rt nafar o‘zbekistonlik ham bor edi; 115 mingdan ortiq odam jabrlandi. Falokat hududida o‘zbekistonlik 71 shifokor va 100 qutqaruvchi ish olib bordi, ular ikki hafta davomida vayronalar ostidan 18 kishini qutqarib, 190 kishining jasadini olib chiqdi. O‘zbekiston hukumati, tadbirkorlari va aholisi 170 tonna gumanitar yordam to‘plab, zilziladan jabr ko‘rganlarga yubordi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Mart

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent"ning tamal toshini qo‘ydi. 1 million kishiga mo‘ljalangan yangi shaharga ma’muriy organlarni joylashtirish, ko‘p qavatli uylar, oliygohlar va boshqa obyektlarni qurish rejalashtirilgan. “Yangi Toshkent"da jamoat transporti sifatida faqat elektrobuslardan foydalanilishi kutilmoqda.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Aprel

10 yillik tanaffusdan so‘ng Toshkent ko‘chalarida yana 18 metrli “garmoshka"-avtobuslar paydo bo‘ldi. Mamlakatda jamoat transporti rivojiga befarq bo‘lmagan hammani quvontirib, 20-aprel tongida 400 ta yangi avtobus va elektrobuslar yo‘nalishlarga chiqdi. Poytaxt uchun jami 1000 ta yirik avtobus sotib olindi — tarixda hech qachon Toshkent uchun bitta buyurtma bilan buncha ko‘p avtobus sotib olinmagan.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Quruvchi dahasiga qadar cho‘zilgan Toshkent yer usti halqa metrosining beshta yangi bekati yo‘lovchilar uchun xizmat qila boshladi. Keyinroq, yozda O‘zbekiston hukumati ochilganidan beri faqat raqamlar bilan atab kelingan yer usti metrosining 19 ta bekati uchun taklif qilingan nomlarni tasdiqladi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri bo‘yicha o‘tkazilgan referendum mamlakat siyosiy hayotida 2023-yilda yuz bergan eng muhim ikki voqeadan biri bo‘ldi. Referendum saylovchilarning 84,5 foizi qatnashdi. Ularning 90,2 foizi (yoki 15 mln kishi) Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun ovoz berdi, 9,35 foiz saylovchi (yoki 1,55 mln kishi) bu o‘zgarishlarga qarshi ovoz berdi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

May

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrif buyurdi. U Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan birga Berlindagi Jeyms Simon galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushon saltanatigacha” ko‘rgazmasini ochdi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Singapur prezidenti Halima Yoqub xonim turmush o‘rtog‘i Muhammad Abdulla Alhabshiy bilan birga O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Prezident oilasi Toshkentga Uzbekistan Airways aviakompaniyasining muntazam reysi bilan keldi. Tashrif doirasida Singapur rahbari Samarqandda ham bo‘ldi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Iyun

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al-Tani davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. U Samarqandga uchib keldi, asosiy tadbirlar va muzokaralar ham shu yerda bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yildan oshganiga qaramay, bu Qatar amirining O‘zbekistonga ilk tashrifi bo‘ldi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Iyul

Yozning eng muhim siyosiy voqeasi — 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan avvalgi prezident saylovidir. Unda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Toshkent markazidagi sobiq MXX (avvalgi KGB) binosi buzib tashlandi. 2021-yil yozida binoni Metropol Group kompaniyasi sotib olguniga qadar, bino me’moriy yodgorlik maqomiga ega va O‘zbekiston moddiy-madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatida turardi. Buzib tashlangan bino o‘rnida hashamatli 22 qavatli mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Shahardagi tartibsiz va nazoratsiz qurilishlar majburiy ko‘chish va ekologiya bilan bog‘liq muammolardan tashqari sohada firibgarlik holatlari soni oshishiga ham sabab bo‘lmoqda. Aziya Invest Favorit ishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. 1000 dan ortiq kishi Aziya Invest Favorit’ning sakkizta ko‘p qavatli uylaridan xonadonlar sotib olgan. Qurilish kompaniyasi bankdan kredit olish uchun sotilgan xonadonlarni garovga qo‘ygan, kreditlar o‘z vaqtida to‘lanmagani ortidan banklar xonadonlarni tortib ola boshlagan. Turar joy egalari ko‘rgan zarar 300 mlrd so‘m (taxminan 25,9 mln dollar)dan ortiq bo‘lishi mumkin. Bir guruh fuqarolar ushbu masala yuzasidan prezidentga ochiq murojaat qilgach, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov aldangan hissadorlar bilan bir necha bor uchrashdi. Hukumat komissiyasi tomonidan muammoni hal qilish yo‘llari taklif qilindi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Iqlim o‘zgarishi, aholi soni o‘sishi va urbanizatsiya, beqaror qishloq xo‘jaligi va daraxtzorlarning kesilishi mamlakat ekotizimiga ulkan zarar yetkazmoqda. Bu zarar chang bo‘ronlari, kuchli shamol kabi tabiiy ofatlarning tez-tez kuzatilishida ham namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi shunday ofatlardan biri iyul oxirida Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonga yopirildi. Shamol elektr uzatish liniyalarini uzib tashladi, daraxtlarni qo‘pordi, uylarning tomlarini uchirib yubordi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Avgust

Uzbekistan Airports kompaniyasi boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Jo‘rayevaning ishdan olinishi haqidagi xabarni jamoatchilik og‘riqli kutib oldi, ijtimoiy tarmoqlarda ikki yarim yil davomida u tomonidan amalga oshirilgan keskin islohotlar uchun tashakkurnomalar yozib qoldirildi. Bu davrda erishilgan yutuqlar sifatida ko‘pchilik Uzbekistan Airports’ning 2021-yilda foydaga kirgani (kompaniya ochilganidan beri ilk bora), mamlakat aeroportlarida yo‘lovchi oqimi oshgani, Silk Avia hududiy aviakompaniyasi ishga tushirilganini ko‘rsatadi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

11-avgust kuni Toshkent shahar sudida 65 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud boshlandi. Unda 21 kishi (16 erkak va 5 ayol) ayblanuvchi sifatida qatnashmoqda, ular orasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev ham bor. “Gazeta.uz” ushbu ish doirasida halok bo‘lgan 65 bola xotirasi uchun motam e’lon qilishga chaqirdi, ammo chaqiruv javobsiz qoldirildi. “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud jarayonlari 2024-yilda davom ettiriladi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Toshkent aeroporti yaqinidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishida beshta beton to‘sini qulab tushdi. Hodisaning rasmiy izohi — montaj ishlari vaqtidagi ehtiyotsizlik. To‘sin qulashi oqibatida hech kim jabrlanmagan. Yetkazilgan zarar 2,7 milliard so‘m deb baholandi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Yozning so‘nggi kuni Respublika bolalar kutubxonasining qayta ochilishi bilan yodda qoldi. Muassasa 2020-yildan beri ta’mirlanayotgan edi.

sentabr

Qizilqum cho‘lining Navoiy viloyatidagi To‘dako‘l ko‘liga yaqin qismida beshinchi “Stixiya” musiqa festivali bo‘lib o‘tdi. Kelgusida festivalni yana Mo‘ynoqda, Orol dengizining qurigan tubida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

11-sentabr kuni Toshkent chang bo‘roni yopirildi. IQAir havo sifati indeksiga ko‘ra, shu kuni O‘zbekiston poytaxti dunyoning havosi eng iflos shaharlar reytingida sakkizinchi o‘rinda turgan edi. Rasmiylar bu boradagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha biror bir reja taqdim etganicha yo‘q.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

19-sentabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh prezidenti Jo Bayden taklifiga ko‘ra O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov qatnashdi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

sentabr oxirida Namangan viloyatining Chust tumanida 70 dan ortiq bola zaharlanish alomatlari bilan kasalxonaga yotqizildi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu bolalar bog‘chalari va maktablarda bolalarga yod vositalari (“Antistrumin” va “Yodomarin”) ichirilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytildi — 20-sentabrdan O‘zbekistonda “Yorqin millat” yod bilan ta’minlash dasturi boshlangan edi. “Antistrumin"ning nojo‘ya ta’siri Andijon viloyati va Toshkentdagi bolalarda ham kuzatildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tekshiruvlar yakuniga qadar ushbu dori vositasidan foydalanishni taqiqladi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

28-sentabrga o‘tar kechasi soat 2:43 da Toshkentning Sergeli tumanidagi Inter Logistics kompaniyasiga tegishli omborda kuchli portlash yuz berdi. Portlash to‘lqini ko‘plab turar joylar, binolar va transport vositalariga zarar yetkazdi. 163 kishi tan jarohati olgan, 2006-yilda tug‘ilgan bir yigit vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, to‘rt kishi qamoqqa olindi, yana bir gumonlanuvchiga nisbatan garov tariqasidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

oktabr

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga 7-oktabr kuni Moskvada Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berilishiga start berdi. Ikki yillik shartnoma O‘zbekistonga yiliga 2,8 milliard kub met gaz yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan XIX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Milliy jamoa musobaqalarda 71 medal (shundan 22 tasi oltin, 18 tasi kumush va 31 tasi bronza)ni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida o‘zbekistonlik sportchilar 45 ishtirokchi-mamlakat orasida kuchli beshlikdan o‘rin oldi. Medallar sifati bo‘yicha esa O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli 10 mamlakat qatoriga kirdi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi ham Xanchjouda bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida o‘zining eng yaxshi natijasini yangiladi. Milliy jamoa 79 ta medal egasiga aylandi, shundan 25 tasi oltin, 24 tasi kumush va 30 tasi bronza.

foto, o‘zbekiston, yil yakuniO‘zbekiston San’at muzeyida Tashkent Modernism.Index ko‘rgazmasi ochildi. Bu loyiha ilk bor Milandagi 23-Xalqaro Triennale Milano ko‘rgazmasida namoyish etilgan edi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Noyabr

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni Samarqandda kutib oldi. Ular tungi shahar bo‘ylab sayr qildi, Registon maydonida va “Boqiy shahar” tarixiy-etnografiya parkida bo‘ldi. Tashrif yakunlariga ko‘ra jami sakkizta hujjat imzolandi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Oy yakuni sport xushxabarlariga boy berdi. Xususan, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralashining ikkinchi bosqichi doirasidagi ikkinchi o‘yinda Eron bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Hozirda milliy terma 4 ochko bilan “Ye” guruhida ikkinchi bo‘lib turibdi. Mundial saralashi 2024-yilda davom ettiriladi. O‘zbekiston terma jamoasining keyingi uchrashuvi esa 13-yanvar kuni Osiyo Kubogi doirasida Suriyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Shaxmatchi Afruza Hamdamova Italiyadagi U-14 jahon chempionatida muddatidan avval g‘olib chiqdi va O‘zbekiston tarixida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan ilk shaxmatchi qizga aylandi. E’tiborga molik tomoni, u shengen vizasi kech berilgani uchun musobaqaga kechikib yetib borgandi, ammo birinchi o‘yindagi texnik mag‘lubiyatga qaramay, ketma-ket 9 g‘alabaga erishdi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Dekabr

Valensiya (Ispaniya)dagi Valencia Marathon Trinidad Alfonso xalqaro musobaqasida o‘zbekistonlik yengil atletikachi Shohrux Davlatov marafonda bundan 38 yil avval o‘rnatilgan milliy rekordni urdi. U masofani 2:07:02 soatda bosib o‘tdi va olimpiya litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Avvalgi 2:13:28 soatlik rekord Vladimir Beloborodov tomonidan 1985-yil 15-iyun kuni Mogilyovdagi SSSR chempionatida o‘rnatilgan edi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni

Tashkent City hududida 19-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashni ifodalovchi monumentning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Monument ochilgan barmoqlari yuqoriga intilayotgan qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan bo‘lib, balandligi 12 metr. Tantanali marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al-Tani qatnashdi.

foto, o‘zbekiston, yil yakuni