«Gazeta.uz» fevral oyida global voqealar va ularning O‘zbekistonga ta’sirini o‘rgandi. Dunyoda ro‘y bergan muhim voqealarda o‘sha manzillarda bo‘lgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi. Qolaversa, kitobxonlikni targ‘ib etish uchun mamlakatdagi taniqli shaxslar, jamoat faollaridan o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxatini yana uzaytirdi. Shu bilan birga fevral oyida o‘tkir karikaturalari bilan tanilgan «Mushtum» jurnalining 100 yoshga to‘lganiga bag‘ishlab, jurnalda chiqqan hajv-suratlar to‘plamini ommaga havola qildi.

Quyida sizga bir oy davomida e’lon qilingan maqola va fotoreportajlarni havola qilamiz:

Fevral oyining dastlabki kunlarida hamma Nodirbek Abdusattorovning Gollandiyadagi o‘yini haqida gapirdi: Jahon chempioni ustidan qozonilgan g‘alabadan xursand bo‘lishdi, musobaqadagi peshqadamlikni kuzatishdi, finaldagi omadsizlikni bir boshdan o‘tkazishdi. Nodirbek Abdusattorov Veyk-an Zeyeda ajoyib natijaga qanday erishdi? Shaxmat bo‘yicha murabbiy Georgiy Shvanov shaxmatchimizning natijasi haqida fikr yuritdi.

Tahririyat og‘ir ish haftasidan keyin qanday qilib yaxshi dam olish mumkinligi haqida ham maqola tayyorladi. Javobni to‘rt kunlik ish haftasi targ‘ibotchisi Aleks Suchjon-Kim Panning Psyche saytida keltirilgan maqolaning o‘zbek tilidagi talqinida o‘qishingiz mumkin.

Toshkentlik janr va strit-fotosuratchisi Ildar Sadikov Shahrisabzdan 70 km masofada joylashgan, o‘zgarmay kelayotgan arxitekturasiga beton xavf solayotgan Katta Langar qishlog‘ini fotokamera xotirasiga muhrladi.

Katta Langar qishlog‘i. Foto: «Gazeta.uz»

Qolaversa, Toshkent viloyatining Piskent tumanida «Gazeta.uz» fotomuxbiri Madina A’zam ham reportaj tayyorladi. U yerda Markaziy Osiyo respublikalaridan kelgan chavandozlar ishtirokida yirik ko‘pkari bo‘lib o‘tdi. G‘oliblar 5 ta avtomobil, Umraga yo‘llanmalar, 40 dan ortiq tuya va toylarni qo‘lga kiritdi.

«Bazalt» operatsiyasi boshlandi. Toshkentdagi «dom»larni sovuq o‘tmaydigan uylarga aylantirishga kirishildi

Toshkentning Chilonzor tumanidagi uchta «xrushchyovka» ko‘p qavatli uylarni isitish loyihasi doirasida bazalt plitalari bilan qoplanmoqda. Maqsad — poytaxt aholisi chiroqsiz va issiqliksiz qolib ketgan qishki inqiroz takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik. «Gazeta.uz» ishlarning borishi va odamlar fikri bilan tanishdi.

Foto: Benzinga navbat

Avvallari yilda bir yo ikki marta ro‘y beradigan narx o‘sishi arafasida kuzatiladigan, so‘nggi 5−6 yilda esa «avvalgi zamon»da qolib ketgandek tuyulgan benzinga navbatlar bu yilgi qish mavsumida yana kun tartibiga qaytdi. «Gazeta.uz» muxbiri Toshkent AYOQSHlardagi navbatlarni fotosuratlarga muhrladi.

Shunday kasb bor — dasturxonchi. U tavoze bilan g‘amxo‘rlik va mehmondo‘stlik taklif qiladi

So‘nggi vaqtlarda Toshkentda o‘tadigan osh marosimlarini dasturxonchilarsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Abdusalom aka — to‘y-marosimlarni mehmondo‘stlik hissi bilan to‘ldiruvchi shunday mutaxassislardan biri. «Gazeta.uz» uning nahorgi oshdagi o‘rni nimadan iborat ekani haqida hikoya qiladi.

Turkiya 6 fevral kuni mamlakat tarixidagi eng kuchli zilzilalardan birini boshdan kechirdi va bu zilzila qo‘shni Suriyaga ham qattiq ta’sir ko‘rsatdi. 7,7−7,8 magnitudali birinchi zilziladan so‘ng minglab binolar, jumladan turar-joylar, shifoxonalar va maktablar vayronaga aylandi. «Gazeta.uz» o‘z maqolasida zilzila paytida mahalliy xalq tomonidan olingan eng ta’sirli (va dahshatli) videolarni jamladi.

Kuchli zilzila bu mamlakatda yashovchi o‘zbekistonliklar hayotiga ham ta’sir qildi. «Uyim ko‘z oldimda quladi», — deydi ulardan biri. «Uyda ovqatlanib, mashinada tunayapmiz», — deydi boshqa bir vatandosh. Tahririyat Turkiyadagi o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.

Turkiyada ro‘y bergan zilzila

Qo‘llanma: Zilzila bo‘layotganida nima qilish va nima qilmaslik kerak?

Turkiyada yuz bergan zilzila oqibatida minglab insonlar halok bo‘ldi. Ushbu hodisa dunyoning boshqa nuqtalarida ham zilzila va u sodir bo‘layotganida qanday harakat qilish lozimligi haqidagi ma’lumotlarga bo‘lgan qiziqishni oshirdi. Ushbu maqola — aynan zilzila vaqti qanday yo‘l tutish kerakligi haqida.

Istanbulda «kuchli zilzila xavfi» haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, tartibsiz qurilishlar davom etmoqda. Oqibati dahshatli bo‘lishi mumkin

6 fevraldagi zilzila qurbonlari soni 15 ming kishidan oshdi. Olimlar Turkiyada yaqin yillarda yana bir kuchli zilzila yuz berishi mumkinligi, undan 15 mln aholi yashaydigan Istanbul jiddiy jabr ko‘rishi haqida ogohlantirmoqda. Shahardagi tartibsiz qurilishlar ahvolni og‘irlashtiruvchi omil sifatida ko‘rsatilyapti.

Turkiyadagi zilzila O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Turkiyada zilzila oqibatida iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Iqtisodchi va «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev Turkiyaga eksport va pul o‘tkazmalari hajmida kutilayotgan qisqarishning O‘zbekiston YAIM o‘sishiga potensial ta’sirini tahlil qiladi.

«Bu — fojia». Turkiya va Suriyadagi zilzila oqibatlari haqida fotohikoya

Turkiya va Suriyadagi vayronkor zilzilalar yuz berganiga ikki hafta bo‘ldi. «Bu yerdagi aholining 40 foizi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin», deydi qabristonida bo‘sh joy qolmagan Turkiyadagi shahar imomi. «Bu bolalarga ota-onalari endi hech qachon qaytmasligini qachondir aytishimiz kerak», — deydi suriyalik shifokor.

Nima o‘qiymiz?

Tarjimon Gulnoz Nabiyeva va Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov tavsiya qiladi

«Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan «Nima o‘qiymiz?» loyihasini davom ettiradi. Sara asarlar, o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxati haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyalarini sizga yetkazamiz.

«Diqqat, diqqat, radiouzeldan gapiramiz!». O‘zbekistonda radio faoliyati qanday boshlangan?

O‘zbekistonda radio eshittirishlar qachondan boshlangan? Dastlabki radio eshittirish qancha davom etganu, unda nimalar efirga uzatilgan? O‘zbekistondagi ilk radiosuxandon kim? 13 fevral — Butunjahon radio kuni munosabati bilan tahririyat O‘zbekistonda radioning boshlang‘ich davri tarixini hikoya qiladi.

Tarix soxtaliklaridan xoli kitob — «Boburnoma»ni nega o‘qimaymiz?

Shoh Boburning durdona memuarini to‘liq o‘qiganlar kam. Aksarimiz darslikdagi parchalar bilan kifoyalanganmiz. Tili, uslubi qiyinligini bahona qilamiz. Lekin oramizda shunday o‘quvchilar borki, farzandlarining ismlarini Bobur mirzoga atab qo‘ygan. «Gazeta.uz» ana shunday kitobxonlar bilan suhbatlashdi.

Yoshlar davlat va jamiyatdan nima istaydi?

YouTube’dagi «Ular» loyihasining yangi soni shu mavzudagi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik davlatdan erkinlik va qonun ustuvorligini ta’minlashni, jamiyatdan esa shaxsiy hayotga «burun suqmaslik»ni so‘ragan. Yoshlarning fikrlari bir sahifaga jamlandi.

«Biri prezident, boshqasi iqtisodchi bo‘lmoqchi». Saraton bilan kurashayotgan mitti qalb egalari

15 fevral — Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni munosabati bilan «Gazeta.uz» muxbirlari Bolalar milliy tibbiyot markazida bo‘lib, saratondan davolanayotgan bolalarning ota-onalari bilan suhbatlashdi. Ular o‘z farzandlarida kasallik qanday belgilar bilan namoyon bo‘lgani va undan qay tarzda davolanayotganlari haqida so‘zlab berdi.

Bolalarda saratonning oldini olish imkoni bormi? Ota-onalar uni boshqa kasalliklardan qanday farqlashi mumkin? O‘zbekistonda saratonga chalingan bemor bolalar qanday davolanmoqda? Shu kabi savollarga Bolalar milliy tibbiyot markazidagi onkogematolog Kamol Iskandarov javob berdi.

Maktab darsliklari: «ilg‘or tajribalar» izidan

O‘zbekiston maktablarida Milliy o‘quv dasturi va uning asosida yaratilgan darsliklarni joriy qilish davom ettiriladimi yoki yangi darsliklar bilan yangi dastur qabul qilinadimi? Ta’lim sohasi eksperti, kolumnist Komil Jalilov 2023 yilgi Davlat dasturi loyihasini tahlil qiladi.

16 fevralning 16 lahzasi

1999 yilning 16 fevral kuni yuz bergan ketma-ket besh portlash Toshkentni larzaga keltirgan edi. Teraktlar yuz bergan joylar o‘tgan 24 yil ichida qanchalik o‘zgargan? «Gazeta.uz» portlashlar yuz bergan kunda olingan foto va videomateriallarni 2023 yil fevralidagi manzaralar bilan taqqosladi.

«2059 yilga borib O‘zbekistonda irmoqlar qisqarishi yoki yo‘qolib ketishi kutilmoqda» — qishloq xo‘jaligi mutaxassisi Adrian Nil

Yevropa Ittifoqining ASK dasturi iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston agrar sektoriga ta’sirini tahlil qildi. Loyiha rahbari Adrian Nilning «Gazeta.uz»ga aytishicha, mamlakat qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashgan milliy kurash yo‘q. Shu bois sohada qilinayotgan ishlar natijasi sezilarli emas.

Yaqin, o‘rta va uzoq istiqbolda bizni qanday global xavf-xatarlar kutmoqda?

Jahon iqtisodiy forumi hisobotiga ko‘ra, yaqin bir yilda energiya inqirozi, yashash xarajatlarining o‘sishi, oziq-ovqat taqchilligi, uzoq va o‘rta istiqbolda esa tabiiy ofatlar, iqlim, resurslar inqirozi hamda ular keltirib chiqaradigan ijtimoiy-iqtisodiy tanazzul va beqarorlik jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Boeing so‘nggi 747 samolyotini yig‘ishni yakunladi — afsonaviy layner tarixi

Boeing kompaniyasi so‘nggi 747 samolyotini yig‘ib tugatdi. Afsonaviy «o‘rkachli» layner 1969 yilda paydo bo‘lgan va ommaviy aviatsiya ramziga aylangan edi. Ushbu maqolada bu turdagi havo laynerlarning paydo bo‘lishi va u bilan bog‘liq tarixiy voqealar eslab o‘tiladi.

«His-tuyg‘ular orqali ko‘rish». Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga kim va qanday ta’lim beradi?

Toshkentdagi 77-sonli maxsus maktabda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar tahsil oladi. O‘qituvchilar, shu jumladan, xuddi shunday zaif ko‘ruvchi muallimlar, o‘quvchilarga dunyoni his qilish orqali «ko‘rish»ni o‘rgatadi. Bunda ularga korreksion fanlar yordam beradi. Bolalarni his-tuyg‘ulariga ishonib yashashga o‘rgatishni o‘zining vazifasi qilib olgan insonlar haqida hikoya.

Bag‘dod xotiralari: AQSh bosqinidan keyingi ilk oylarda oddiy iroqlik nimalarni his qilgan?

AQSh harbiylari Iroqqa bostirib kirib, Saddam Husayn tuzumini ag‘darganiga 2023 yil martida 20 yil to‘ladi. Iroqlik jurnalistning xotirlashicha, ozodlik havosi bir soatgina esgan, xolos. Chunki «hech qanday reja mazkur noqonuniy bosqinni «ozodlikka olib chiqish»ga aylantira olmasdi».

Ukrainadagi urush global iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Ukrainadagi urush insoniy yo‘qotishlarga, gumanitar inqirozning chuqurlashishiga, oziq-ovqat va energiya shoklariga sabab bo‘ldi, global o‘sishni sekinlashtirdi. Tahririyat Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan urushning jahon iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rgandi.

Ukraina elchisi: «O‘zbekistonning qo‘llovi biz uchun juda muhim»

Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Nikolay Doroshenko Rossiya bosqiniga bir yil to‘lishi arafasida «Gazeta.uz»ga intervyu berdi. Elchi Ukrainadagi hozirgi vaziyat, O‘zbekiston bilan munosabatlar holati, Ukraina tomoni hamkorlik istiqbollarini qanday ko‘rayotgani va O‘zbekiston tomonining yordami haqida gapirdi.

«Hozir eng qadrli narsa — inson hayoti». Ukrainadagi o‘zbekistonliklar va ukrainlar urush davridagi hayot haqida

Bir yil avval, 24 fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandi. Shu kuni «Gazeta.uz» Ukrainadagi vatandoshlar va ushbu mamlakat fuqarolaridan o‘z shaharlarida nimalar bo‘layotgani, rasmiylar qanday choralar ko‘rayotgani haqida so‘ragandi. Bir yil o‘tib, biz ular bilan yana bog‘lanib, nimalar o‘zgarganiga qiziqdik.

«Mushtum» oyligi:

100 yoshga to‘lgan «Mushtum»ning karikaturalari

100 yil avval — 1923 yil 18 fevralida Qodiriy asos solgan «Mushtum»ning ilk soni chiqqan. Tanqidiy hajviyalar istalgan nashrda chiqishi mumkin, ammo bu jurnalni ajratib turuvchi jihat — uning o‘tkir karikaturalari edi. «Gazeta.uz» «Mushtum»da chiqqan hajv-suratlar to‘plamini e’tiboringizga havola qiladi.

«Mushtum» medallari: Ikkiyuzlamachiga, safsatabozga, sansalorchiga va boshqalarga

100 yoshga to‘lgan «Mushtum»ning ko‘plab adabiy qahramonlari, doimiy ruknlari bor. ««Mushtum» medallari» — shunday ruknlardan biri. «Gazeta.uz» 1972 yilda jurnalning 15 ta soni davomida e’lon qilingan «medallar»ni bir sahifaga jamladi. Bu «medallar»ga loyiqlar hali ham oramizda bo‘lishi mumkin.

San’atkor

«Xizmatchisi savodsizlik maktabida o‘qiyotgan biri kishini traktorist „savodsiz!“ desa alam qilmaydimi? — dedi san’atkor o‘zicha bo‘g‘ilib, — „labingdan bo‘lsa olsam-ye, shakar lab“, deganim u kishiga yoqmapti, „bo‘lsa“ emas, „bo‘sa“ emish! O‘zi bilmaydi-yu, menga o‘rgatganiga kuyaman

Yig‘indi gaplar

«Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, […] yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla, […] va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘bdir».

Benzin bozori

«Ikki barmoq 72-benzinni, olti barmoq esa 66-benzinni anglatarkan… Bu yer har xil markali mashinalar bilan to‘lib ketgan… Benzinfurushlar o‘z «govmushlari»ni sog‘ib sotayotgandek bemalol yurishibdi… Eng yomoni, davlatning ming-ming tonnalab yoqilg‘isi shu xil yo‘llar bilan suv bo‘lib ketyapti».

Bo‘yoqli suvlar

«Toshkentdagi ko‘pgina ariqlarda bir vaqtlar baliq va turli jonivorlar bo‘lardi. Hozir ko‘plarida hatto qurbaqaning ham ovozi eshitilmay qolgan. […] Xayriyatki, oqar suvlarning tillari yo‘q, aks holda: Ho‘v, noinsoflar! Obi hayotni iflos qilib koni zararga aylantirgani uyalmaysizlarmi?! — deb bong urardi».

Kuyov monologi

«Uylanishga sarf bo‘ladigan pulning hisobi chiqdi. Miqdorini aytmay, qo‘rqib ketasiz. Faqat bir narsani aytishim mumkin: hozir 25 daman. Sovxozda mexanizatorman, maoshim tuzuk. Tejamkorlik bilan jamg‘arsam, pulni to‘plash uchun yana 19 yil-u 9 oy kerak ekan […] Demak, 45 yoshimda nikoh to‘yimiz bo‘larkan».

Kelajakka maktub

«Oramizda bitta-yarimta shunaqa, yomon yaradek bema’ni odamlar ham bo‘lgan […] Xullas, sen tug‘ilguncha ana shunday oltinchi barmoqdek ortiqcha kishilarni oramizda qoldirmaslikka so‘z beramiz […] Bizdan va biz yashayotgan davrning eng yaxshi kishilaridan ulug‘ jamiyatning grajdanlariga salom ayt