Yo‘l harakati qoidalari yangidan ishlab chiqiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati qoidalari xalqaro standartlar asosida yangidan ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Qoidabuzar haydovchilarga ball hisoblab boriladi, bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi. «Har yili 500 ming kishi haydovchilik guvohnomasini olsa, ulardan 25 foizi mashg‘ulotlarga qatnashmaydi» dedi prezident va haydovchilikka o‘qitish va guvohnoma berish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.

«Qonun yo‘q!» — prezident YHX inspektorlariga qarshilik ko‘rsatish holatlari ko‘payganiga e’tibor qaratdi

Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda inspektorlarga bo‘ysunmaslik, ularga qarshilik ko‘rsatish, haqoratlash holatlari so‘nggi vaqtlarda ortib borayotgani masalasiga e’tibor qaratdi. Davlat rahbari qonunlarni ko‘rib chiqishda, bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Toshkentda yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimi to‘liq poytaxt hokimiyati tasarrufiga o‘tkaziladi

Prezident Toshkent shahrining 602 ta chorrahasidan 111 tasidagina raqamli boshqaruv mavjudligi, boshqa shaharlarda esa bunday tizim umuman yo‘qligini tanqid qildi. Shundan kelib chiqib, Toshkentda yo‘l harakatini raqamli boshqarish tizimi to‘liq poytaxt hokimiyati tasarrufiga o‘tkazilishi aytildi.

Maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 km/soatdan oshmasligi shart — Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahridagi maktab va bog‘chalar oldida avtomobil harakatining maksimal tezligi 30 km/soatdan oshmaydi. Bu haqda prezident videoselektorda ma’lum qildi. Qolaversa, ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 km soatdan 60 kmgacha tushirish zarurati borligi ta’kidlandi.

Yo‘l belgilarini ishlab chiqarishda «O‘zavtoyo‘lbelgi»ning monopoliyasi tugatiladi

Prezident transport serqatnov bo‘lgan 2000 dan ortiq chorraha va 9500 ta piyoda o‘tish joylari svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmaganini tanqid qildi. Yo‘l belgilari bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish uchun «O‘zavtoyo‘lbelgi» monopoliyasi tugatiladi. Svetofor, yoritgichlar o‘rnatish, yo‘l belgilari hamda chiziqlarini chizish, piyoda o‘tish joylarini belgilashga mas’ul korxonalar hokimliklardan YXHXlarga o‘tkaziladi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilishini ma’lum qildi. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning o‘rinbosari ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bo‘ladi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlanadi. Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma hamda avariya o‘choqlarini o‘rganadi.

2021 yilda avariya sabab 2,5 mingga yaqin odam vafot etdi — prezident

2021 yilda O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, unda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan. Avariyalar oqibatida 2,5 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, shundan 263 nafar yosh bola hisoblanadi. Prezident videoselektorda Namangan viloyati IIB boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari YXHB boshliqlarini ishdan olishga ko‘rsatma berdi.

Andijon viloyatidagi tibbiyot markazida yuz bergan portlashda bir kishi qurbon bo‘ldi

FVVning aniqlik kiritishicha, Andijon viloyati Shahrixon tumanida tibbiyot markazida ro‘y bergan portlash oqibatida bir nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Toshkentdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisiga jismoniy zo‘ravonlik qilingani aniqlandi

Toshkent shahridagi 21-sonli mehribonlik uyidagi bolaga tarbiyachi tomonidan jismoniy tazyiq qilib kelinayotganligi aniqlandi. Bolalar ombudsmani holat bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilgan va tarbiyachini vaqtinchalik ishdan chetlatish uchun XTVga xat kiritgan.

«Gazprombank» Samarqand aeroportini modernizatsiyalashni moliyalashtirishda ishtirok etishi mumkin

«Gazprombank» Samarqand aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini moliyalashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Demokratiya indeksi reytingida O‘zbekiston 150-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston Economist Intelligence Unit`ning «Demokratiya indeksi» da 150-o‘rinni egalladi. Tadqiqotchilarning fikricha, mamlakatda demokratiya bilan bog‘liq vaziyatda hech qanday o‘zgarishlar qayd etilmagan, u «avtoritar rejimlar» guruhida qolmoqda.

Project CURE Orolbo‘yi shifoxonalariga 3 mln dollarlik tibbiy jihozlarni yetkazib beradi

AQShning Project CURE xayriya tashkiloti Orolbo‘yi mintaqasiga 3 mln dollarlik gumanitar yuklarni yubordi. Umumiy hajmi qariyb 7 tonnani tashkil etgan tibbiy jihozlar rentgen skanerlari, laboratoriya asboblari, kislorod ballonlari va boshqa tibbiy qurilmalardan tashkil topgan.

O‘zbekiston 2021 yil dekabr oyida 8,4 tonna oltin sotib oldi

Butunjahon Oltin Kengashi O‘zbekiston 2021 yilning noyabr oyida 21,5 tonna oltin sotib, dekabr oyida 8,4 tonna oltin sotib olganini ma’lum qildi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston oltin zaxirasi miqdori 11,6 troy unsiyani, uning qiymati esa 20,94 mlrd dollarni tashkil etadi.

O‘zbekiston AQShdan Puma 3 AE harbiy dronlarini sotib oladi

O‘zbekiston Amerikaning AeroVironment kompaniyasidan razvedka ishlarini amalga oshiruvchi yengil RQ-20B Puma 3 AE dronlarini sotib oladi. Umumiy qiymati 8,54 mln dollarlik shartnoma bo‘yicha ishlar 2022 yil 30 noyabriga qadar tugatiladi. Shephard Defence Insight sayti hisob-kitoblariga ko‘ra, shartnoma doirasida O‘zbekistonga 40 ga yaqin dron yetkazib berilishi mumkin.

O‘zbekistonda 733,8 ming kishi buster doza bilan emlandi

Sanitariya-epidemiologiya xizmati hozirgacha buster doza olishi mumkin bo‘lgan 5,2 mln nafar fuqarodan 733,8 ming nafari ushbu doza bilan emlanganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, buster dozani vaksinaning har qanday turidan foydalangan holda olishi mumkin. «Buster doza bilan emlanish „alfa“, „delta“, „omikron“ shtammidan himoya qila oladi», — deyiladi xabarda.

Kovidning kunlik statistikasi 625 tagacha kamaydi

Payshanba kuni 625 kishining koronavirusga topshirgan test tahlilida musbat natija qayd etildi, bu bir kun oldingi ko‘rsatkichga qaraganda 67 taga kam. Qolaversa, kun davomida 103 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi. Virus asoratlari oqibatida 2 kishi vafot etdi.

Maktablarda ona tili darsliklari turli grammatik qoidalardan imkon qadar tozalanadi — Respublika ta’lim markazi

Maktablarda ona tili darsliklari turli grammatik qoidalardan imkon qadar tozalanadi, deb xabar berdi Respublika ta’lim markazi. Qolaversa, bundan keyin «o‘timli va o‘timsiz fe’llar», «vositali-vositasiz to‘ldiruvchilar», «fe’l kesim va ot kesim», «sifatlovchi-sifatlanmish» va shu kabi mavzular ona tili darsliklaridan chiqarib tashlanadi. Shunga muvofiq, kelgusida DTM testlarining baholash mezonlari ham o‘zgaradi.

Namangan shahrida Usmon Nosir haykali o‘rnatiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan Namanganda shoirga haykal o‘rnatiladi. Uning hayoti va faoliyatini o‘rganish uchun DXX va Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishga sharoit yaratiladi. Toshkent va Namangan shaharlaridagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomi beriladi.

Andijonda o‘qituvchilar uzr so‘rashga majburlangan holatni Bosh prokuratura ko‘rib chiqadi

Andijon viloyati Marhamat tumanida o‘qituvchilar ota-onalar oldida uzr so‘rashga majbur qilingan holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi o‘rganish ishlarini yakunladi. Natijada tuman hokimligi tashabbusiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirga qonuniy baho berish uchun hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.

Andijonda «Xalq banki»ning 13 nafar xodimi 4,6 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda

«Xalq banki» ning Andijon viloyati Amaliyot bo‘limining 13 nafar xodimi jami 4,6 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 11 nafari hibsga olingan, 2 nafariga esa garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

65% aholi oliy ta’limga ishonmaydi degan so‘rov natijalarini o‘qiganmiz — Abduqodir Toshqulov

Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov aholining 65 foizi oliy ta’limga haliyam ishonmasligi haqida so‘rovlarni ko‘rganligini ta’kidladi. Vazir sohada korrupsiya kamaygan bo‘lsa-da, tizim atrofida firibgarlar ko‘payganligini qayd etdi. «Xalq, rahbariyat oliy ta’limning „yuvelir“ darajada toza bo‘lishini xohlaydi», — dedi u.

Farg‘onada «jihod»ga chorlovchi ma’ruzalarni tarqatganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi

DXX Farg‘ona viloyatida xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar rahnamolarining «jihod» ga chorlovchi ma’ruzalarini yuklab olib, tanishlariga tarqatganlikda gumon qilingan 24 yoshli fuqaroni qo‘lga oldi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita uning telefonidagi materiallarni aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganini tasdiqladi.

Jizzaxda Suriyadagi terrorchilik tashkilotiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olingani aytildi

Jizzaxlik fuqaro Suriyadagi xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirganlikda gumon qilinmoqda. U xorijdaligida «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkilotining g‘oyaviy ta’siriga tushib qolib, vatanga qaytgach, o‘ndan ortiq tengqurlariga tashkilot g‘oyalarini targ‘ib qilgani aytilmoqda. Fuqaro IIB va DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

«Gazeta.uz» da e’lon qilingan maqolalar:

«Tramvayning qaytarilishi — global trend»

Prezident tramvayni Toshkentga qaytarish haqidagi bayonotidan oldin «Gazeta.uz» taniqli jurnalistlar va jamoat arboblaridan ushbu transport turining bekor qilinishi bilan shahar nima yo‘qotganligi haqidagi fikrlarini so‘ragan edi. Ular bir ovozdan tramvayning yo‘q qilinishi katta xato bo‘lgani, poytaxtning transport muammolarini yanada kuchaytirgani va uning qaytishi jamoat transportini rivojlantirishning yagona oqilona yo‘li ekanini tasdiqlashdi.

Diplomatik boykot ostida bo‘lib o‘tayotgan Pekin-2022 olimpiadasi

Xitoy poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari diplomatik boykotga uchradi. AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Daniya, Belgiya va boshqa davlatlar ushbu tadbirlarga hukumat amaldorlari va rasmiylarini yuborishdan bosh tortdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa o‘yinlarni siyosiylashtirmaslik kerakligini ta’kidladi. Diplomatik boykotning sabablari, Olimpiya o‘yinlari tarixidagi boykotlar haqida — «Gazeta.uz» maqolasida.