Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi maktablarning birida o‘quvchilar sinfda videoklip tomosha qilib o‘tirgani aytilgan xabar tarqaldi. Videolavhada Massa taxallusi bilan ijod qiluvchi Shuhrat Allayorovning “Dumba” nomli klipi aks etgan.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati holatga munosabat bildirarkan, voqea tumanning 5-umumta’lim maktabida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

“O‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtida nazoratsiz qoldirib, ushbu holat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ygani uchun” sinf rahbari, maktab direktori, direktorning o‘quv ishlari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

“Kelgusida bu kabi salbiy holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida viloyatdagi mavjud barcha umumta’lim maktablarida „Maktab, ota-ona, mahalla“ hamkorligini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi”, — deyiladi xabarda.