3-may kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanlararo xo‘jalik sudida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)ning dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi bo‘lgan Binance`ga qarshi da’vosi bo‘yicha uchinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Kriptoaktivlar sohasi regulyatori ILMA O‘zbekiston fuqarolariga litsenziyasiz xizmatlar ko‘rsatgani uchun Binance`ga qarshi da’vo arizasi kiritgan.

Yanvar oyida tekshiruv natijalariga ko‘ra ILMA Binance`ga aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bayonnoma yuborgani xabar qilingandi. Kriptobirja zarur choralarni ko‘rmagani va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatuvchi provayder litsenziyasini olmagani uchun agentlik unga BHMning 300 baravari miqdorida jarima solgan.

Kompaniya jarimani to‘lamadi, ILMA esa fevral oyida summani sud orqali undirishga qaror qildi. ILMA sud qarorlarini rasmiy kanallar orqali kriptobirja ro‘yxatdan o‘tgan yurisdiksiyaga ijro etish uchun yuborishini ma’lum qilgandi.

Ish bo‘yicha sud majlisi 26-mart kuni boshlangan, biroq sudlanuvchi sud majlisiga kelmagan. 22-aprel kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi yig‘ilishda kriptobirja vakili jarayonni kechiktirishni so‘ragan. Ishni sudya Behzod Abdurahimov ko‘rmoqda.

Binance`dan jarima undirish bo‘yicha da’voga qo‘shimcha ravishda, ILMA suddan 50 dan ortiq xorijiy kompaniyalarni ham javobgar sifatida kiritishni so‘radi. Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, ILMA ayblanuvchilarni jalb qilishni so‘raydi, chunki Binance o‘zini global platforma sifatida ko‘rsatadi, lekin regulyatorga O‘zbekiston fuqarolariga xizmat ko‘rsatadigan kompaniyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaydi. Shu munosabat bilan agentlik suddan Binance bilan u yoki bu tarzda bog‘liq bo‘lgan barcha yuridik shaxslarni ham javobgar sifatida kiritishni so‘radi.

“Jarimani qaysi kompaniya to‘lashi kerakligi Binance`ning o‘ziga havola”, — deb tushuntirdi ILMA “Gazeta.uz”ga.

Binance vakili sudyadan sudlanuvchilarning ishtiroki haqidagi qo‘shimcha bilan tanishish uchun vaqt berishni so‘radi, shuningdek, keyingi sud majlisida kompaniyaning pozitsiyasini yozma ravishda sudga taqdim etishga va’da berdi.

ILMA xodimi Binance vakilidan u kriptobirjaning yoki barcha 50 ta xorijiy kompaniyalarning vakili ekani haqida so‘radi. Ayblanuvchining vakili u Britaniyaning Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan Binance Capital Management kompaniyasi advokati ekanini, lekin aynan kriptobirjaning vakili emasligini aytdi. Undan kompaniyasining kriptobirjaga munosabati haqida so‘ralganda vakil 17-mayga rejalashtirilgan navbatdagi yig‘ilishgacha javob berishga va’da berdi.

O‘zbekistonda 2022-yil avgust oyida sakkizta kriptobirja, jumladan, eng mashhur — Binance, Kraken, FTX va Huobi Global veb-saytlariga kirish bloklangan.

Mamlakatda kriptovalyuta sotish faqat ILMA litsenziyasiga ega ixtisoslashtirilgan kriptobirjalar orqali amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, kriptovalyuta almashinuvining elektron tizimlari mamlakat ichidagi serverlarda joylashtirilishi kerak. 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda fuqarolar va yuridik shaxslar kriptoaktivlarni sotib olish, sotish va almashish bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQSh sudi Binance asoschisi Chanpen Chjaoni to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qilgandi. U AQShning pul yuvishga qarshi qonunlarini buzganlikda aybdor deb topilgan.