Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish joylarida mahkumlar uchun masofaviy videouchrashuvlar tashkil etish imkoniyatini yaratish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Bu prezidentning 2017-yil 11-avgustdagi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

2023-yilning 1-dekabridan 2024-yilning 1-fevraliga qadar 7-sonli axloq tuzatish koloniyasida eksperiment tariqasida mahkumlar bilan masofaviy xavfsiz videoaloqa tashkil etilgan. Inm International tomonidan o‘rnatilgan Prisoline tizimi ijobiy baho oldi, deyiladi izoh materialida.

Shu bois kompaniyani IIV tizimidagi barcha jazoni ijro etish joylarida onlayn uchrashuv uchun videoaloqa tizimlarini tashkil etishga jalb qilish va u bilan davlat-xususiy sheriklik doirasida 10 yilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish rejalashtirilgan.

Mahkum axloq tuzatish muassasasi ma’muriyati nazorati ostida o‘tkaziladigan onlayn uchrashuv xizmati uchun pul to‘lashi kerak bo‘ladi.

Inm International kompaniyasi haqida

inm international, иив, onlayn uchrashuv

Ustav kapitali 10 million so‘m bo‘lgan Inm International kompaniyasi 2018-yil iyul oyida ro‘yxatga olingan. Faoliyatining asosiy yo‘nalishi — boshqa ustki kiyimlar ishlab chiqarish. Ta’sischi va direktor sifatida Inomjon Ibroximovich Oltmishev ko‘rsatilgan.

U, bundan tashqari, 2019-yil may oyidan elektron va telekommunikatsiya uskunalari hamda ularga ehtiyot qismlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan Smart One Club kompaniyasi rahbari ham hisoblanadi. Bu kompaniya Ispaniyaning E21Partners Technology kompaniyasi (75 foiz) va Shirin Sanjar qizi Po‘latovaga (25 foiz) tegishli.