OTMlarda o‘qish 24 fevralgacha bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkaziladi

Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkaziladi. Bu davr ichida darslar ham onlayn ham oflayn shaklda olib boriladi. OTMlar imkoniyatidan kelib chiqib, alohida reja-grafik asosida oflayn shaklga o‘tadi, bu haqda ular o‘zining rasmiy sayti orqali xabar beradi.

Maktab o‘quvchilariga kamida bitta milliy cholg‘u asbobini chalish mahorati o‘rgatiladi

Prezident qarori bilan 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chala olish mahorati o‘rgatiladi va bu ularning shahodatnomasida qayd etiladi. 10130 ta maktab, 323 ta bolalar musiqa maktabi, 826 ta madaniyat markazi 7 turdagi milliy cholg‘ular bilan 3 to‘plamdan ta’minlanadi. Buning uchun 205 mlrd so‘m ajratiladi.

Andijondagi maktablarda tungi tadbirlar prezident topshirig‘i asosida o‘tkazilmoqda — viloyat XTB

Andijon viloyatida joylashgan maktablarda kechasi uyushmagan yoshlar uchun o‘tkazilayotgan tadbirlar prezident topshirig‘i asosida amalga oshirilmoqda, deb ma’lum qildi viloyat XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus jadvallar asosida har kuni maktablarda soat 18:00 dan 22:00 gacha turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Avvalroq, deputat Rasul Kusherbayev sovuq payti ko‘chada o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarni tanqid qilgandi.

Oliy ta’lim vaziri Qashqadaryoda 3 ming talaba Telegram orqali o‘qitilayotganini tanqid qildi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov masofaviy ta’lim uchun ko‘plab maxsus platformalar bo‘lishiga qaramasdan, Qashqadaryo OTMlaridagi talabalar Telegram orqali o‘qitilayotganini tanqid qildi. Masofaviy ta’limni tashkil qilishdagi kamchiliklar uchun Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi.

«IMEI kerak emas» degan gaplar ortida noqonuniy bozordan «dolya» olib turganlarning lobbisi turibdi — Sherzod Shermatov

AKT vaziri Sherzod Shermatov UzIMEI yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun kerakligini ta’kidladi. «IMEI kerak emas, IMEI`ni yo‘q qilinglar, degan gaplar tagida noqonuniy bozordan „dolya“ olib, foyda qilib turganlarning lobbisi turibdi», — dedi vazir Kun.uz nashriga bergan intervyusida. Shermatov UzIMEI pulli ekanligiga to‘xtalib, uning soliq ekanligini qayd etgan.

Koronavirusning kunlik holati 1000 tadan kamaydi

Koronavirus yuqtirib olganlarning kunlik soni 22 yanvar maksimal (1478 ta) darajaga yetgandan beri ilk bor — 1000 tadan kamayib, 926 tani tashkil qildi. Eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan hudud Toshkentligicha qolmoqda — 431 ta. Kovid asoratlari oqibatida 4 nafar bemor vafot etdi. Qolaversa, 188 kishida pnevmoniya aniqlandi.

Chimyonda 6 ming sayyohga mo‘ljallangan kurort barpo etiladi

Chimyonda Fransiya ishtirokida 6 ming o‘rinli dam olish maskani quriladi. Oromgoh 20 km uzunlikdagi chang‘i yo‘laklari, dor yo‘li va boshqa attraksionlarni o‘z ichiga oladi. Loyihaga kiritilgan sarmoyaning umumiy hajmi 269 mln dollarga teng.

Toshkentga 20 ta elektrobus yetib keldi

Xitoyning Yutong kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 ta elektrobus Toshkentga olib kelindi.

«Endi puli yoki tanishi borlar emas, faqat bilimi borlargina rulga o‘tiradi, bundan boshqasiga rozi emasmiz» — vazir o‘rinbosari

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar inson omilidan holi, avtomatlashtirilgan tarzda o‘tkazilishi jarayondagi korrupsion holatlarga chek qo‘yadi. «Imtihondan pul, tanish-bilish orqali bilan o‘tishning imkoni bo‘lmagach, hamma o‘z-o‘zidan o‘qishga majbur bo‘ladi, mas’uliyatsiz avtomaktablar esa yoki ishini yig‘ishtiradi, yoki sifatli ta’lim berishni boshlaydi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Endi intellektual mulk huquqini buzgan shaxslar jarimaga tortiladi

Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tovar belgilari va firma nomlaridan noqonuniy foydalangan shaxslar BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha (27 mln so‘mdan — 54 mln so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortiladi. Qolaversa, endi barcha yuridik va jismoniy shaxslar o‘z nomiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Nukus shahrida joylashgan bozor oldida fuqarolar yo‘lni to‘sib qo‘ydi

2 fevral kuni Nukus shahridagi markaziy dexqon bozor yonida fuqarolar bozor atrofidagi yo‘lni to‘sishgan. «Gazeta.uz» ning aniqlik kiritishicha, bunga «NUKUS DILISHA» kompaniyasiga qarashli binoda ijarada savdo qiluvchi fuqarolarning ijara narxi ko‘tarilganiga noroziligi sabab bo‘lgan.

Arzon kvartira haqida e’lon berib, fuqaroning pulini o‘zlashtirganlikda gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olindi

IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimlari ijtimoiy tarmoqlar va olx.uz saytida kvartirani ijaraga beraman deb, fuqaroning pulini o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan shaxsni qo‘lga oldi. U kvartira uchun avans tariqasida berilgan 500 ming so‘mni o‘zlashtirganligi aytilmoqda.

Samarqandga uchayotgan samolyot Qozog‘istonda shoshilinch qo‘nishni amalga oshirdi

Sankt-Peterburgdan Samarqandga qarab uchayotgan «Aeroflot» aviakompaniyasiga tegishli samolyot Qozog‘istonda shoshilinch qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bunga reys o‘lovchilaridan biri — O‘zbekiston fuqarosiga shoshilinch tibbiy yordam talab etilgani sabab bo‘lgan.

Senatorlar geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida» gi qonun ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, endi tadbirkorlar o‘z tovarlarida ishlab chiqarilgan joy nomini ko‘rsatishi kerak. Qayd etilishicha, hozirgacha O‘zbekistonda faqat 4 ta tovar, xususan, 2 ta mahalliy mahsulotning geografik ko‘rsatkichi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Senatorlar ishontirishicha, mazkur qonun mintaqaviy brendlar rivojlanishi va hududlarning turistik jozibadorligi oshishiga xizmat qiladi.

«Senatorlar qo‘mita majlisi yoki qaysidir tadbirda ishtirok etish bilan cheklanib qolmoqda» — Senat raisi

Senat raisi Tanzila Narbayeva yalpi majlis vaqtida senatorlar faoliyatidagi tadbirbozlikni tanqid qildi. «Senatorlar faqatgina qo‘mita majlisi yoki qaysidir tadbirda ishtirok etish bilan cheklanib qolmoqda» — dedi u. Qolaversa, qo‘mitalar yetarlicha ishlamayotgani, ular faqat rahbarlarning axborotini tinglash bilan shug‘ullanayotgani ta’kidlandi.

OTB O‘zbekistonda 2025 yilgacha umumiy qiymati $2,8 milliardlik 27 ta loyihani amalga oshiradi

OTB 2022−2024 yillarda O‘zbekistonda umumiy qiymati 2,8 mlrd dollarga teng 27 ta loyihani amalga oshirishi ko‘zda tutilmoqda. Joriy yilda OTB O‘zbekistonga qayta tiklanadigan energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasi, suv resurslari, shaharsozlik va yo‘llarga investitsiyalar sohalarida yordam ko‘rsatish, ipoteka bozorini rivojlantirishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Finlyandiya O‘zgidromet salohiyatini oshirish uchun 2 mln yevro grant ajratadi

Finlyandiya hukumati O‘zgidromet salohiyatini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan loyihaga 2 mln yevro grant ajratishni ma’qulladi. 3 yillik loyiha tabiiy ofatlarni prognoz qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Buxoroda qurilish korxonasidan pulini ololmagan erkak o‘zini yoqib yubordi

Peshko‘lik fuqaro uy olish maqsadida mart oyida qurilish korxonasi quruvchisiga 150 mln so‘m pul bergan. Quruvchi uyni rasmiylashtirib bermagani uchun fuqaro pulini qaytarishni so‘ragan. Pulini ololmagan erkak o‘zini-o‘zi yoqib yuborgan, natijada tanasining yarmi kuygan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan fotoreportajlar:

Foto: Haydovchilik guvohnomasini olish uchun Yagona imtihon markazi ishga tushdi

Haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirishga mo‘ljallangan Yagona imtihon markazi o‘z faoliyatini boshladi. Markazga kelgan nomzod nazariy savollarga to‘g‘ri javob berishi va so‘ngra imtihonning amaliy qismidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Shundagina u YHXBB yoki davlat xizmatlari markazlaridan haydovchilik guvohnomasi berilishiga asos bo‘ladigan maxsus sertifikatni qo‘lga kiritadi.