7-iyun kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida 2025−2027-yillar uchun tashkilotning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) a’zolariga saylov bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston ilk marta kengash a’zoligiga saylandi, deb xabar bermoqda TIV.

Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston BMTga a’zo davlatlarning 185 ta ovozini oldi. Mamlakat 2025-yil 1-yanvardan Osiyo-Tinch okeani guruhidan bo‘shatilgan to‘rtta o‘rindan birini egallaydi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur kengash BMTning asosiy organi bo‘lib, tashkilotning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’uldir.

Ushbu tuzilma BMT tizimida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi — iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan rag‘batlantirish bo‘yicha asosiy o‘rinni egallaydi. U uch yillik muddatga saylanadigan 54 a’zodan iborat.

O‘zbekiston 2022-yilda mazkur kengashning Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi etib saylangandi. Komissiya dolzarb ilmiy, texnik, innovatsion va muhandislik masalalari bo‘yicha malakali maslahat yordamini ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.