Samarqand viloyati Nurobod tumanida 4-iyun kuni voyaga yetmaganlar o‘limi bilan tugagan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB matbuot kotibi Jahongir Sagdullayev xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa soat 16:30 da tumanning Mehnatkash mahallasi hududidan o‘tuvchi Samarqand-G‘uzor A-378 avtomobil yo‘lining 35-kilometrida ro‘y bergan.

25 yoshli haydovchi P.Yo. “KamAZ-53212” yuk avtomashinasida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lakchasidan o‘tayotgan J.F. (ayol) va uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandini urib yuborgan.

Oqibatda 2 bola voqea joyida halok bo‘ldi, ularning onasi Samarqand tumani markaziy shifoxonasiga yotqizildi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, haydovchi ushlandi, tergov ketmoqda.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda ham shaharlardagi, ham shaharlararo avtomobil yo‘llarda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarida muntazam ravishda piyodalar bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘ladi.