Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan, Termiz davlat universitetining 24 yoshli bitiruvchisi Telegram messenjeri orqali notkoin yig‘ib, uni sotgani uchun 10 sutkaga qamaldi. “Gazeta.uz” bu bo‘yicha 7-iyun kuni JIB Chilonzor tumani sudida chiqarilgan hukmni o‘rgandi.

Ish hujjatiga ko‘ra, 1-iyun kuni Toshkent shahri IIBB kotibiyati tomonidan ro‘yoxatga olingan ariza yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan. Jarayonda fuqaro I.N.ga tegishli telefon va plastik kartadan kriptoaktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullanilgani aniqlandi.

Sud majlisida yigit yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holat bo‘yicha aybini tan olib, kriptoaktivni Telegram`da yig‘gani, notkoin kriptoaktivini 800 ming so‘mga sotganini bildirdi. O‘z navbatida, u buning noqonuniy ekanini bilmagani, oilada yagona boquvchi ekanini aytib, suddan yengillik barishni so‘radi.

Sud yigitni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlandi.

Shuningdek, yigitga tegishli Galaxy A30 telefoni va bank plastik kartasi tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilandi.

Ma’lumot uchun, 155−4-modda (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu javobgarlik 2024-yil boshida joriy qilingan edi.

Mazkur modda kriptoaktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollarini musodara qilib, 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Notcoin — 1-yanvarda The Open Network (TON) blokcheyn ekotizimida ishga tushirilgan Web3 o‘yin loyihasi. Texnik jihatdan, Notcoin Telegram messenjeri ichidagi ilovadir. Loyiha monetlarning e’lon qilingan tarqatilishi tufayli foydalanuvchilarning, jumladan, O‘zbekistondagilarning ham e’tiborini tortdi. Ishlab chiquvchilar foydalanuvchilarga smartfon ekranini bosish orqali tokenlarni olishni taklif qiladi. O‘yin auditoriyasi bir necha oy ichida 35 million kishidan oshdi.

Barcha yirik kripto birjalari, jumladan Binance, OKX va Bybit Notcoin o‘yinining NOT tokenida savdo boshlanganini e’lon qildi. Endi ular TON`da ishlaydigan tokenlarga aylantirilishi va listingdan keyin ular birjalarda sotilishi mumkin.