AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 10-iyundan e’tiboran yangi viza olish tizimini ishga tushirmoqda, deya xabar qildi diplomatik missiya matbuot xizmati.

Yangi xizmat orqali viza murojaatchilari viza bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishi, ma’muriy to‘lovni amalga oshirishi, suhbat sanasini belgilash hamda yetkazib berish xizmatidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Ariza beruvchilar endi barcha talab qilinadigan viza to‘lovlarini suhbatga yozilishdan oldin to‘laydi. U Tenge Bank`ning barcha filiallarida naqd pul orqali yoki veb-saytda AQSh dollarida plastik karta orqali amalga oshiriladi. To‘lov AQSh elchixonasida qabul qilinmaydi.

Yangi suhbat tizimi uchun ais.usvisa-info.com sayti 10-iyundan boshlab, barcha noimmigratsion viza suhbatlari sanasini belgilash uchun esa 2-iyul va undan keyingi sanalarda faoliyat yurita boshlaydi.

“Tizim orqali suhbatsiz vizaga murojaat etish talablariga javob beruvchi murojaatchilar yetkazib berish xizmati yordamida hujjatlarini konsullik bo‘limiga topshirishlari hamda hujjatlarini belgilangan tegishli bo‘linmadan qabul qilib olishlari mumkin bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Ushbu o‘zgarishlar natijasida viza olish narxi o‘zgarmaydi.