Xorazm viloyati Xiva shahrida 11 yoshli bolani devor bosib qoldi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 29-may kuni soat 17:00 atrofida shaharning Gulshan-2 mahallasida sodir bo‘lgan. 2023-yilda tug‘ilgan Sh. K. fuqaro M.M.ga tegishli bo‘lgan, qurilishi tugallanmagan bino tagida o‘ynab yurgan vaqti binoning bir tomon devori ustiga yiqilib ketgan.

Oqibatda bola hozirda tos suyagi sinishi tashxisi bilan tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Jabrlanuvchi onasining so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li ushbu hodisadan so‘ng 5 kun jonlantirish bo‘limida yotgan.

Sharoiti og‘irligi sabab bolasini davolatishga qiynalayotgan ayol qo‘shnisidan farzandining davolanish xarajatlarini undirish va qonuniy chora ko‘rilishini istayotganini bildirgan.

Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettirishini ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Xiva shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.