O‘zbekiston 2022 yilda ilm, fan, madaniyat, san’at va sport sohalarining ko‘plab taniqli vakillaridan ayrildi, bir qator siyosat va jamoat arboblari vafot etdi. «Gazeta.uz» ularni xotirlaydi.

Yanvar

Kimyogar Saidahrol To‘xtayev

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

3 yanvar kuni kimyo-texnologiya sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, professor Saidahrol To‘xtayev 79 yoshida vafot etdi. U o‘simliklar oson o‘zlashtiradigan mikroelementlardan iborat birikmalar, fiziologik faol moddalar, murakkab mineral o‘g‘itlar olish va ularning samaradorligini oshirishga oid ilmiy ishlar olib borgan. To‘xtayev rahbarligida Kizilqum fosforitlaridan oddiy va boyitilgan superfosfat, qishloq xo‘jaligi ekinlarini bargi orqali oziqlantirish uchun suvda eruvchan yangi murakkab o‘g‘itlar sintezining nazariy va texnologik asoslari ishlab chiqilgan edi.

Adabiyotshunos Baxtiyor Nazarov

Foto: Videodan lavha / YouTubeFoto: Videodan lavha / YouTube

O‘zbekiston fan arbobi, Fanlar akademiyasi akademigi, adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarov 18 yanvar kuni 77 yoshida vafot etdi. Uning ilmiy ishlari XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti, tanqidchilik va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqa masalalariga bag‘ishlangandi. U 1990−1992 yillarda prezident davlat maslahatchisi ham bo‘lgan.

Adabiyotshunos Umarali Normatov

Foto: Oyina.uzFoto: Oyina.uz

29 yanvar kuni adabiyotshunos olim, akademik Umarali Normatov 91 yoshida vafot etdi. U zamonaviy o‘zbek adabiyoti, xususan, o‘zbek romanchiligi masalalari bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida tanilgan edi. Professor Normatovni nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari filologik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari ham murabbiy, taniqli adabiyotshunos olim sifatida e’tirof etgan. «Nasrimiz ufqlari» (1978) «Qalb inqilobi» (1986), «Qodiriy bog‘i» (1996), «Umumbaxsh tamoyillar» (2000), «Qahhorni anglash mashaqqati» (2000), kabi kitoblar muallifi hisoblanadi.

Rejissyor Jo‘ra Mahmudov

Foto: Madaniyat vazirligiFoto: Madaniyat vazirligi

23 yanvar kuni «Ona», «Qiyomat qarz», «Insonlikka nomzod», «Og‘riq tishlar», «Soxta oqsuyak», «Qayerdasan, jon bolam», «Qirol Lir» kabi spektakllarni sahnalashtirgan teatr rejissyori, pedagog Jo‘ra Mahmudov 80 yoshida olamdan o‘tgani ma’lum qilindi. U «Adolat kuni», «Ovsinlar», «Sohibjamol», «Sadoqat» kabi sahna asarlari, «Osmondan tanga yoqqan kun», «Tomchi», «Alpomish», «Ikkivoy va Beshvoy» kabi yosh tomoshabinlarga bag‘ishlangan ertak-pesalarining muallifi ham hisoblanardi.

Dramaturg Sharof Boshbekov

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

«Temir xotin«ning muallifi — dramaturg va ssenarist Sharof Boshbekov 26 yanvar kuni olamdan o‘tdi — u 71 yoshda edi. Sharof Boshbekov, jumladan, «Temir xotin» (1989), «Qasosli dunyo», «Masxaraboz» (1996), «Farhod va Shirin» kabi filmlarning ssenariysini yozgan, «Sharif va Ma’ruf», «Yuzsiz» (1993), «Tilla bola» (1994) kabi filmlarning ssenariylarini yozishda qatnashgan, shuningdek, rejissyor sifatida «Charxpalak» nomli 60 qismli videofilmni suratga olgan.

Fevral

Raqqosa Viloyat Oqilova

Foto: Madaniyat vazirligiFoto: Madaniyat vazirligi

2 fevral kuni O‘zbekiston xalq artisti, raqqosa Viloyat Oqilova hayotdan ko‘z yumdi. U 1937 yilda Samarqandda O‘zbekiston xalq artisti Isahor Oqilov va Margarita Oqilova oilasida tug‘ilgan. Raqqosa sifatidagi faoliyati davomida «Zang», «Larzon», «Shodlik», «Xorazm lazgisi», «Pomir raqsi», «Afg‘oncha», «Dilrabo», «Shodiyona» kabi ko‘plab raqslarni mahorat bilan ijro etib, mutaxassislar va xalq e’tirofiga tushgan. Viloyat Oqilova baletmeyster sifatida «Chorzarb», «Samandariy», «Buxoro to‘lqini», «Tanovar-2», «Surnay lazgisi», «Mavrigi» kabi qator raqslarni sahnalashtirib, o‘ziga xos maktab yarata olgan san’at darg‘alaridan biri edi.

Pediatr-infeksionist Turg‘unpo‘lat Daminov

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasiFoto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

6 fevral kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, professor Turg‘unpo‘lat Daminov 81 yoshida vafot etdi. Akademik Daminov bolalarda uchraydigan gepatitning davomli va surunkali xillari shakllanishini klinik-patogenetik nuqtai nazardan o‘rganib, «V» virusli gepatitning davomli xilini samarali davolash usulini ishlab chiqqan va amaliyotga tatbiq etgandi. U, shuningdek, ko‘pincha chaqaloqlar o‘limiga sabab bo‘ladigan nafas yo‘llari kasalliklari belgilarini ham aniqlagan edi.

Arxeolog Edvard Rtveladze

Foto: O‘zbekiston madaniy merosi / TelegramFoto: O‘zbekiston madaniy merosi / Telegram

Asli Gruziyaning Borjomisidan bo‘lgan o‘zbekistonlik taniqli arxeolog, akademik, tarix fanlari doktori, professor Edvard Rtveladze 10 fevral kuni, 80 yoshida olamdan o‘tdi. U 1972 yili Amudaryo vodiysi arxeologik obidalarini o‘rganish jarayonida Kampirtepa shaharchasi qoldiqlarini topgan, keyinchalik yozma manbalar va xaritalardagi ma’lumotlar, arxeologik materiallarni o‘rganish davomida 2019 yilda Kampirtepa aslida makedoniyalik Aleksandrning yo‘qotilgan Oks Aleksandriyasi shahri degan xulosaga kelgan edi. «Kampirtepaning Oks Aleksandriyasi sifatida tan olinishi — Edvard Rtveladzening hayoti va mehnati samarasidir», — degandi 2019 yilda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

Futbol murabbiyi Rustam Akramov

Foto: O‘FAFoto: O‘FA

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining birinchi murabbiyi, professor Rustam Akramov 15 fevra kuni 73 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston milliy termasi Osiyo miqyosidagi musobaqalardagi yagona g‘alabasi — 1994 yili Yaponiyaning Xirosima shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabaga aynan Rustam Akramov qo‘l ostida erishgan edi.

Askiyachi Jo‘raxon Po‘latov

Foto: Oyina.uzFoto: Oyina.uz

16 fevral kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jo‘raxon Po‘latovning vafot etgani ma’lum qilindi — u 88 yoshda vafot etdi. Jo‘raxon Po‘latov xalqona, samimiy kulgiga boy har bir chiqishi orqali el mehrini qozongan, askiya san’atining darg‘alaridan biri edi. U hatto bir safar Oqsaroyda prezident Islom Karimov bilan birga «bir jamoa» bo‘lib askiya aytgan edi.

Agronom Ibrohim Fayzullayev

Foto: Oyina.uzFoto: Oyina.uz

25 fevral kuni O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, agronom Ibrohim Fayzullayev 89 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan e’lon qilingan ta’ziyada ta’kidlanganidek, u «Denov tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojini ta’minlash, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari qurish va obod qilish, yangi bog‘ va xiyobonlar barpo etish, yoshlarni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatgan edi».

Mart

Aktrisa To‘ti Yusupova

Foto: O‘zbek milliy akademik drama teatriFoto: O‘zbek milliy akademik drama teatri

O‘zbekiston xalq artisti To‘tixon Yusupova 15 mart kuni 86 yoshda bandalikni bajo keltirdi. 1958 yildan O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishlagan aktrisa faoliyati davomida Hafiza (Abdulla Qahhor, «Shohi so‘zana»), Sonya (A.Chexov, «Vanya tog‘a»), Nuri (Oybek, «Qutlug‘ qon»), Xonzoda (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Rahima (O‘. Umarbekov, «Komissiya»), Sotti (S.Ahmad, «Kelinlar qo‘zg‘oloni»), Fotima, Zebi (O‘.Umarbekov, «Shoshma quyosh», «Qiyomat qarz»), Nodira (T.To‘la, «Nodira»), kabi turli qahramonlar obrazini gavdalantirgan. Shuningdek, o‘zbek xalqi uni «Abdullajon» filmidagi Xolida obrazi bilan ham eslab qolgan.

To‘ti Yusupovaning vafot etgani haqida avval — 2015 va 2021 yillarda ham xabarlar tarqalgan, biroq keyinroq rad etilgandi. «Vafotlaridan avval „To‘ti Yusupova o‘ldi“ deb xabar tarqalganda juda xafa bo‘ldilar. O‘shandan keyin uyimizga juda ko‘p odamlar kelishdi, bu xabarni buvijonimdan yashirishga qancha harakat qilmaylik, iloji bo‘lmadi. Chindan vafot etganlarida esa ko‘pchilik ishonmadi», — degan edi uning nevara-kelini Nilufar Nasriddinova.

Aktrisa Maryam Ixtiyorova

Foto: Madaniyat vazirligiFoto: Madaniyat vazirligi

Muqimiy nomidagi Davlat musiqali teatri san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 22 mart kuni 82 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Uzoq yillik faoliyati davomida «Vodillik kelin», «Bomba», «Dev bilan pakana», «Kelgindi kuyov» kabi ko‘plab filmlarda va spektakllarda rol ijro etgan. Shuningdek turli radioeshittirishlar va xajviy teleko‘rsatuvlarda ham muntazam qatnashgan.

Aprel

Aktyor Lutfulla Sa’dullayev

Foto: Kinematografiya agentligiFoto: Kinematografiya agentligi

«Bahor qaytmaydi» videofilmi bosh qahramoni Alimardon To‘rayev obrazi orqali butun O‘zbekistonga tanilgan xalq artisti Lutfulla Sa’dullayev 10 aprel kuni 81 yoshida vafot etdi. U faoliyati davomida 20 dan ortiq filmlar, xususan, «Besh qismat», «Osmondagi bolalar», «Fotima va Zuhra», «Sunami», shuningdek, «Bahor qaytmaydi», «Taqdir», «Uch ildiz», «Otalar so‘zi», «Shaytanat» kabi videofilm va seriallarda turli rollarni ijro etgan.

May

Hokim Nuriddin Abdurahimov

Foto: Toshkent viloyati hokimligiFoto: Toshkent viloyati hokimligi

11 may kuni Angren shahri hokimi Nuriddin Abdurahimov hayotining 44-yilida vafot etdi. Uning o‘limiga betoblik sabab bo‘lgan. Qayd etishlaricha, u ikki kun avval — Xotira va qadrlash kunida shahardagi yangi masjidga birinchi g‘isht qo‘yish marosimida qatnashgan edi. Abdurahimov 2022 yil yanvarida shaharga hokim etib tayinlangan edi, bungacha esa prezident administratsiyasida turli lavozimlarda ishlagan.

Baxshi Abdunazar Poyonov

Foto: Oyina.uzFoto: Oyina.uz

16 may kuni O‘zbekiston xalq baxshisi, Sherobod dostonchiligi maktabi vakili Abdunazar Poyonov 73 yoshida vafot etgani e’lon qilindi. U dostonchilik an’analarini Mardonaqul baxshi, Umr baxshilardan o‘zlashtirgan edi. Abdunazar baxshi repertuaridan «Alpomish», «Malikai ayyor», «Sherali» va boshqa dostonlar, do‘mbira kuylari hamda Vatanga muhabbat, sadoqat, xalq hayoti mavzularida o‘zi ijod qilgan termalar o‘rin olgandi.

Fermer Lola Murotova

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligiFoto: Farg‘ona viloyati hokimligi

O‘zbekiston qahramoni, «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murotova 30 may kuni og‘ir xastalikdan vafot etdi. U mehnat faoliyati davomida avval traktorchi, mexanizator, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, bo‘lib ishlagan keyinchalik brigadir, jamoa xo‘jaligida bosh pudratchi, bo‘lim boshlig‘i, xo‘jalik raisi kabi lavozimlargacha ko‘tarilgan edi. 2019 yilgi parlament saylovlari yakuniga ko‘ra u Farg‘ona viloyatidan senator etib saylangan, shuningdek, xuddi shu yili O‘zbekiston qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni alohida hurmat qilar, Farg‘ona viloyatiga tashriflari chog‘ida Lola Murotovani yo‘qlab o‘tardi.

Sport jurnalisti Axbor Imomxo‘jayev

Foto: O‘zAFoto: O‘zA

30 may kuni taniqli sport jurnalisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, respublika toifasidagi futbol hakami Axbor Imomxo‘jayev 86 yoshda vafot etdi. Uning hayoti futbol, xususan, Toshkentning «Paxtakor» jamoasi bilan chambarchas bog‘liq edi. «Futbol quvonchim, dardim, faxrim», «Maftuningman futbol», «O‘zbegimning Mirjaloli», «Asr futbolidagi asl qadrdonlarim» kabi kitoblar muallifi. O‘zbek sport jurnalistikasining katta avlodi Axbor Imomxo‘jayevni o‘ziga ustoz deb bilardi.

Iyun

Prezident yordamchisi Georgiy Kraynov

Foto: islomkarimov.uzFoto: islomkarimov.uz

4 iyun kuni Georgiy Kraynov vafot etdi — u 89 yoshda edi. U 1977 yili O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi (amalda — O‘zbekiston rahbari) Sharof Rashidovning yordamchisi lavozimida ish boshlagan. Keyinchalik u prezident Islom Karimovning yordamchisi, prezident qabulxonasi bosh konsultanti, prezident devoni Ishlar boshqarmasi umumiy bo‘limining protokol sektori boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. 2018 yildan Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishlayotgan edi.

(Sobiq) hokim Baxtiyor Hamdamov

Foto: Kun.uzFoto: Kun.uz

Navoiy shahriga naq 16 yil — 1992 yildan 2008 yilga qadar hokimlik qilgan Baxtiyor Hamdamov 13 iyun kuni 72 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Hokimlikdan ketgach, ikki yilcha Navoiy shahridagi kompaniyalarning biriga direktor o‘rinbosari bo‘lgan, 2011 yildan buyon esa nafaqada edi.

Jurnalist Farhod Mahmudov

Foto: ProToday.uzFoto: ProToday.uz

27 iyun kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Milliy teleradiokompaniya (MTRK) raisi birinchi o‘rinbosari Farhod Mahmudov vafot etdi. 1995 yildan buyon MTRK tizimida ishlagan Mahmudov «O‘zbekiston 24» telekanali tashkil etilgach, unga rahbarlik qilgandi. 2018 yili prezident maslahatchisiga o‘rinbosar, 2019 yili esa prezident administratsiyasi rahbariga o‘rinbosar etib tayinlangan edi. 2020 yili esa yana MTRKga qaytgan edi.

Adabiyotshunos Ibrohim Haqqul

Foto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiFoto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 28 iyun kuni 73 yoshida vafot etdi. U «She’riyat — ruhiy munosabat» (1989), «Tasavvuf va she’riyat» (1991), «Kamol et kasbkim…» (1991), «G‘azal sog‘inchi» (1991) kabi 20 dan ortiq kitoblar muallifi edi. Shuningdek, Abdulhamid Cho‘lponning «Bahorni sog‘indim» (1988), Xoja Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar» (1991) majmuasini, shogirdi Sayfiddin Rafiddinov bilan hamkorlikda «Boqirg‘on kitobi» (1991), «Me’rojnoma» (1995) kabi uzoq muddat nashr etilmay kelingan asarlarni o‘quvchilarga yetkazgandi.

Iyul

Hokim Elyor Xo‘jayev

Foto: Yangiyer shahar hokimligi matbuot xizmatiFoto: Yangiyer shahar hokimligi matbuot xizmati

8 iyul kuni Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar hokimi Elyor Xo‘jayev betoblik tufayli vafot etgani ma’lum qilindi — u 45 yoshda edi. Xo‘jayev shaharga 2016 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan edi. Bungacha esa u Guliston shahar va Boyovut tumani Moliya bo‘limi rahbari lavozimlarida ishlagan.

(Sobiq) hokim Temir Xidirov

Qashqadaryo viloyatining mustaqillik yillaridagi birinchi hokimi Temir Xidirov 14 iyul kuni 77 yoshida vafot etdi. U 1992 yil 27 yanvardan 1995 yil 29 noyabrgacha viloyat hokimi lavozimida ishlagan edi.

sentabr

Advokat Umidbek Davlatov

yil яkunлари, taniqli шахслар

Bosim, tahdid va ta’qib ostida qolgan blogerlarning sud jarayonlaridagi ishtiroki tanilgan advokat Umidbek Davlatov 42 yoshida vafot etdi. U sobiq o‘qituvchi va bloger Hayotxon Nasreddinov, bloger Nafosat Ollashukurova (Shabnam Ollashukurova tahallusi ostida yozgan), marhum jurnalist Davlat Nazar (Davlatnazar Ruzmetov), bloger Abdufatto Nuritdinov (Facebook`da Otabek Nuritdinov), bloger Otabek Sattoriy kabilarning huquqlarini himoya qilgan edi. Umidbek Davlatov 1 sentabr kuni uydan boshidagi og‘riqdan shikoyat qilib chiqqan va tez yordam mashinasida vafot etgan. O‘lim to‘g‘risidagi guvohnomada uning vafotiga yurak-ishemik — yurak-qon tomir kasalligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Xonanda Ravshan Namozov

Foto: Instagram / Ravshan NamozovFoto: Instagram / Ravshan Namozov

Xalq orasida «Chipradalli», «Kovushim», «Yor-yor yoron-ey», «Biyo-biyo», «Xayol», «Mana shundoq» kabi qo‘shiqlari mashhur bo‘lgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda, bastakor Ravshan Namozov uzoq vaqt davom etgan kasallik (qon saratoni) asoratlaridan 24 sentabr kuni 61 yoshida vafot etdi. Rafiqasi Muhabbat Namozovaning so‘zlariga ko‘ra, san’atkor «kuchli stress sabab» xastalikka chalingan edi.

«Turmush o‘rtog‘im hayotlik chog‘ida juda qiynaldi. Ba’zan bizga bildirmasdi, ammo ichidan ezilayotganini yaxshi bilardim. U 1996 yildan to 2017 yilga qadar taqiq ichida yashadi… 21 yil davomida biror konsertda chiqish uchun borsa, „Aka, uzr sizga mumkin emas ekan“, deb sahnaga chiqarishmasdi», — degan xonandaning rafiqasi. Taqiqqa esa, ta’kidlanishicha, Mustaqillik bayramida sahnaga soqolini olib chiqishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan — xonanda o‘shanda soqolini bir musiqiy filmda suratga tushish uchun maxsus o‘stirayotgan bo‘lgan.

Shoir Jamol Kamol

Foto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiFoto: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Xalq shoiri, 1991−1996 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga raislik qilgan Jamol Kamol 26 sentabr kuni vafot etdi — u 84 yoshda edi. U o‘z she’riy to‘plamlarida mumtoz she’riy an’analar bilan zamonaviy she’riy jarayonni o‘zaro uyg‘unlashtirishga harakat qilgan. Jamol Kamol tarjimon sifatida ham salmoqli mehnat qilgandi, xususan, Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat «Masnaviyi ma’naviy» asarini, Fariduddin Attor asarlarini, Abdurahmon Jomiy g‘azallar kitobini, ingliz dramaturgi Uilyam Shekspirning 10 dan ortiq asarlarini bevosita ingliz tilidan, Aleksandr Pushkining «Motsart va Saleri», Yan Raynisning «Oltin tulpor», Bartold Brextning «Sichuandan chiqqan mehribon» asarlarini rus tilidan tarjima qilgan.

oktabr

Xonanda Davron G‘oipov

Foto: Ijtimoiy tarmoqlarFoto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbek rok-pop qo‘shiqchisi Davron G‘oipov o‘zining tug‘ilgan kuni — 7 oktabrda 61 yoshida olamdan o‘tdi. U faoliyati davomida o‘zbekistonliklar hali ham sevib tinglaydigan «Kerak emas shahlo ko‘zlaring», «Qaydasan», «Bu nima bu?», «Shoshmagin» singari o‘nlab mashhur qo‘shiqlarni yozgan. Soha mutaxassislari uning O‘zbekistonda rok-pop yo‘nalishi rivojiga katta hissa qo‘shganini e’tirof etadi.

Noyabr

Bodibildingchi Alyona Nurayeva

Foto: Xabar.uzFoto: Xabar.uz

2 noyabr kuni bodibilding bo‘yicha ko‘p karra O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempioni Alyona Nurayeva olamdan o‘tgani e’lon qilindi. Sportchi leykemiya kasalligi asoratlaridan vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u respublika va xalqaro musobaqalarda 9 ta oltin va 4 ta kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.

Xonanda Jasur Rafiqov

Foto: Instagram / UzNewsFoto: Instagram / UzNews

Bir necha yillardan buyon saraton kasalligi bilan kurashib kelgan xonanda Jasur Rafiqovning vafot etgani haqida 14 noyabr kuni ma’lum qilindi. U 2007 yili Zohid Rixsiyev va Shohrux Isamuhamedov bilan birgalikda tashkil etilgan «Ummon» guruhi xonandalaridan biri edi. 2018 yili Zohid Rixsiyev guruhni tark etgach, Jasur «Ummon»dagi faoliyatini Shohrux bilan birgalikda 2020 yilga qadar davom ettirgan. Xonandalik faoliyatini to‘xtatganidan so‘ng, u turli biznes loyihalar bilan shug‘ullangan.

Rassom Shavkat Muzaffar

Foto: Muzaffar.uzFoto: Muzaffar.uz

15 noyabr kuni O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi a’zosi, musavvir Shavkat Muzaffar (Shavkat Turopov) 54 yoshida vafot etdi. Uning bir qator rangtasvir, grafika, karikatura, hattotlik asarlari AQSh, Germaniya, Chexiya, BAA, Fransiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarning shaxsiy kolleksiyalarida, shu jumladan, AQSh Kongressi kutubxonasining Markaziy Osiyo fondida saqlanadi.

Dekabr

Genetik Abdumavlon Abdullayev

yil яkunлари, taniqli шахслар

O‘zbekistonda genetika sohasining yetakchi namoyandasi, Fanlar akademiyasi akademigi Abdumavlon Abdullayev 8 dekabr kuni 92 yoshida olamdan ko‘z yumdi. U ilmiy faoliyati davomida g‘o‘za genetikasining fundamental asoslarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan. Olim yaratgan ilmiy maktab asosida g‘o‘zaning bir qator yangi navlari kashf etilgan hamda genetika seleksiyasida g‘o‘zaning yovvoyi turlaridan foydali donorlar sifatida foydalanish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Yozuvchi Sobir O‘nar

Foto: Oyina.uzFoto: Oyina.uz

18 dekabr kuni yozuvchi va jurnalist Sobir O‘nar 58 yoshida vafot etdi. Uning «Orzuga to‘la qishlok» (1989), «Ovloq adirlar bag‘rida» (1990), «Chashma» (1991) kabi hikoyalar to‘plamlari, «Chambilbelning oydalasi» (2006) asari chop etilgandi. Sobir O‘nar qorakalpoq adibi X.Tojimurodovning «Ov xangomalari» (1990) hamda turk yozuvchisi Bakir Yulduzning «Karbalo fojeasi» qissasini o‘zbek tiliga o‘girgandi.


Shuningdek, Ziyouz.com portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil davomida filologiya fanlari doktori, professor Hamdam Abdullayev (1939−2022), filologiya fanlari doktori, professor No‘’mon Rahimjonov (1944−2022), kimyo fanlari doktori, professor Hasan Sharipov (1947−2022), tibbiyot fanlari doktori, professor Saydig‘anixo‘ja Ismoilov (1948−2022), filologiya fanlari doktori, professor Karimboy Quramboyev (1949−2022), biologiya fanlari doktori, professor Sanjar Sherimbetov (1983−2022), san’atshunoslik fanlari doktori, professor Dilfuza Rahmatullayeva (1962−2022) kabi olimlar, Haydar Muhammad (1936−2022), Dilbar Mahmudova (1936−2022), Iskandar Rahmon (1937−2022), Nilufar Alixonova (1940−2022), Soyim Ishoq (1941−2022), Komil Avaz (1942−2022), Jo‘ra Mahmudov (1942−2022), Abdug‘ani Abduvaliyev (1942−2022), O‘sarboy Alavov (1945−2022), Yoqubjon Xo‘jamberdiyev (1947−2022), Jalg‘as Xushniyazov (1947−2022), Abdumutal Abdullayev (1949−2022), Ahmad Xo‘ja (1952−2022), Turob Yusuf (1954−2022), Ismoil Ollaberganov (1957−2022), Shoyim Shernazar (1958−2022), Dilmurod Jabbor (1958−2022), Farog‘at Kamolova (1959−2022), Zarif Sultoniy (1972−2022), Obidxon Mamadaliyev (1988−2022), Saidxo‘ja Xoldorxo‘jayev (1931−2022) kabi ijodkorlar ham vafot etgan.