Mobil ilova orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini 100 taga yetkazish zarur — prezident

Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda raqamli iqtisodiyot xizmatlarini 16 trln so‘mga, kompyuter dasturlari eksportini 40 mln dollarga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, mobil ilova orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 100 taga yetkazish belgilandi. Vazir, viloyat, tuman va shahar hokimlari portallarini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Amir Temur xiyobonidagi ommaviy to‘planishga rossiyalik bloger sabab bo‘lgan — poytaxt IIBB

13 iyul kuni Amir xiyobonida 150−200ga yaqin fuqarolar to‘plangan. Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, bunga rossiyalik bloger, “Subo"ning obunachilariga pul tarqatish haqidagi e’loni sabab bo‘lgan. Ichki ishlar organlari tomonidan to‘plangan fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish va ommaviy to‘planmaslik kerakligi tushuntirilgan hamda ular tarqatilgan, deyiladi boshqarma bayonotida.

12 nafar o‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaning “oltin vizasi” ni olgan

2008 — 2020 yillarda 12 nafar o‘zbekistonlikka Buyuk Britaniyaning “oltin vizasi” berilgan, biroq ularning kimligi haqida ma’lumot yo‘q. Hisobotga ko‘ra, mazkur vizalarning aksariyatini korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan Xitoy, Rossiya, Gongong va AQSh kabi mamlakatlar fuqarolari olgan.

Xalq ta’limi tizimiga qariyb 45 ming nafar erkak o‘qituvchi qaytdi

O‘zbekistonda qariyb 45 ming nafar erkak o‘qituvchi xalq ta’limi tizimiga qaytdi. Shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar soni 64 ming 892 nafardan 46 ming 214 nafarga (30%ga) kamaygan.

Avgustda “Temir daftar"dagi oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga 500 ming so‘mdan beriladi

Prezident farmoni bilan, avgust oyida “Temir daftar"ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandlari uchun 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, farmon bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa qator choralar e’lon qilindi.

Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlariga sel kelishi xavfi kutilmoqda

O‘zgidromet kecha Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida sodir bo‘lgan, sakkiz kishi halok bo‘lgan sel kelishi holati bo‘yicha ma’lumot berdi. Shuningdek, 15−16 iyul kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi borligi haqida xabar berildi.

Vaksina olish uchun yaratilgan imkoniyatlardan 2 baravar past darajada foydalanyapmiz — Nurmat Otabekov

SES rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov ta’kidlashiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston bo‘ylab emlash tadbirlari uchun yaratilgan imkoniyatlarning teng yarmidan foydalanilmoqda. Har bir emlash punktida kuniga 36 nafar fuqaro emlanmoqda, rejada esa 70 kishi bo‘lgan. “Vaksinadan boshqa biz epidemik vaziyatni barqarorlashtiradigan bir taklifni yoki qandaydir tashabbusni ko‘rmayapmiz”, — dedi u. Shuningdek, vaksinatsiya jarayonlarida faol ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlariga rag‘bat sifatida moddiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

O‘zXDP yo‘llarda radarlardan foydalanish tartibini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda

O‘zXDP deputati Sherzod Rahmonov ayrim yo‘l harakati qoidalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Xususan, partiya harakatlanayotgan transport vositalarida radarlardan foydalanishni bekor qilishni va barcha turdagi radarlarning joylashuvi onlayn rejimda ko‘rsatilishini taklif qilmoqda.

Farg‘onada 50 sotix yerni 25 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatida qurilish balansida bo‘lgan 50 sotix yer maydonini 25 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Shuningdek, Namangan viloyati, Buxoro viloyati, Sirdaryo viloyatining Sardoba, Toshkent shahrining Chilonzor hamda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanlarida ham noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.

Toshkent hokimligi davlat organlari tomonidan yetkazilgan zararni qoplab beradi

Toshkent byudjetidan davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizliklari) natijasida fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash xarajatlari uchun 5,72 mlrd so‘m ajratiladi. Hokimning qaroriga binoan yetkazilgan zarar sud qarorlari asosida qoplanadi.

Yangi O‘zbekiston universitetida bir yillik kontrakt narxi qariyb 50 mln so‘m bo‘ladi

Yangi O‘zbekiston universitetida mahalliy talabalar uchun bir yillik kontrakt narxi 49 mln 700 ming so‘m ekanligini ma’lum qilindi. Xorijiy talabalar uchun esa 10 ming dollar etib belgilandi.

“Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak” — Komil Allamjonov

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov fikriga ko‘ra, rossiyalik bloger Subxan Mamedov (Subo) bilan profilaktik suhbat emas, balki “unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘ligiga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani” nuqtai nazaridan huquqiy baho berilishi kerak.

SSV Amir Temur xiyoboni yaqinidagi ommaviy to‘planish bo‘yicha izoh berdi

Karantin qoidalari va cheklovlari qo‘pol ravishda buzilayotgan holatlar, xususan, 13 iyul kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida 150−200 nafarga yaqin yoshlar yig‘ilgan holati epidemiologik vaziyatning yanada og‘irlashishiga olib kelishi mumkin, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi. “Kasallikning yangi shtammlari tez yuqishi, jadal rivojlanishi hamda yashirin ravishda organizmni kuchli jarohatlashi kuzatilmoqda”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Andijonda IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani rad etildi

Andijon shahar deputati Jahongir Jiyanov IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani haqida xabar berdi. Bosh prokuratura Andijon shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi. IIV matbuot kotibi esa fuqaroga IIB xodimlari tomonidan jarohat yetkazilganini rad etdi. Xabar berilishicha, fuqaro ertalab tez tibbiy yordam bo‘limiga IIO xodimlari tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha murojaat etgan. Hozirda fuqaro jarohatni qayerda olganligi bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonga yaqin oylarda qariyb 5 mln doza vaksina olib kelinadi

20−25 iyul kunlari ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasidan qo‘shimcha 4 mln doza olib kelinadi. Shuningdek, avgust-cyentyabr oylarida Sputnik V vaksinasidan 160 ming doza COVAX dasturi doirasida yana 660 ming doza (AstraZeneca yoki Moderna) vaksinalari olib kelinishi kutilmoqda, deya xabar berdi deputat Doniyor G‘aniyev.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

“Maktabning maqsadi „universal odam“ yaratish emas” — Respublika ta’lim markazi direktori

Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorovning fikricha, o‘quv dasturlari va darsliklarda asosiy e’tibor o‘quvchilarga qoidalar va ma’lumotlarni yodlatishga emas, mustaqil hayotda kerak bo‘ladigan ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilishi kerak. Biroq bunday yondashuv asosida darsliklar yaratish jarayoni har doim ham silliq kechayotgani yo‘q. Bu haqida u “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida gapirib berdi.