Ijtimoiy tarmoqlarda 13 iyul kuni poytaxtdagi Amir Temur xiyobonida fuqarolarning ommaviy to‘planishi yuz bergani haqida ma’lumot tarqaldi. Toshkent shahar IIBB bu holat yuzasidan bayonot berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, oldinroq Instagram va Youtube platformalarida «Subo» nomi bilan tanilgan bloger, 1999 yilda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Mamedov Subxan Murad ugli o‘z sahifasida tez orada Toshkentda bo‘lishini va obunachilari bilan uchrashib, ularga pul tarqatishini ma’lum qilgan.

13 iyul kuni taxminan soat 22:30 larda poytaxtdagi Amir Temur xiyobonida blogerni kutib olish uchun 150−200 ga yaqin fuqarolar yig‘ilgan.

«Hozirgi kunda epidemiologik vaziyatni inobatga olib, yurtimizda karantin cheklovlari o‘rnatilganligi sababli, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqarolarga karantin qoidalariga rioya etishlari hamda ommaviy ravishda to‘planmasliklari tushuntirilgan va fuqarolar tarqatilgan», — deyiladi xabarda.

Poytaxt IIBBning ma’lum qilishicha, bloger Mamedov S. bilan ham profilaktik suhbat o‘tkazilgan. «Mazkur voqeada qonun buzilishi holatlari va tartibsizliklar yuz bermagan», deya qayd etadi boshqarma.

Boshqarma tomonidan e’lon qilingan videoda bloger O‘zbekistonga nukuslik saraton kasalligiga chalingan obunachisi bilan ko‘rishish va uni Dubayga sayohat uchun olib ketish maqsadida kelganligini aytadi. U xiyobonga bunchalik ko‘p odam to‘planishini kutmaganligini, ichki ishlar organlari xodimlari unga mashinaga o‘tirib ketishiga yordam berishganligini ta’kidlaydi.

Toshkent shahar IIBB fuqarolardan bunday mazmundagi chaqiriqlarga uchmasliklarini va karantin qoidalariga rioya etgan holda ommaviy ravishda to‘planmasliklarini so‘rab qoldi.