Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sherzod Rahmonov Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida"gi nizomidagi ayrim bandlarining bajarilijini tanqid qildi.

Hujjatga ko‘ra, «YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini maxsus audio va video qayd etish qurilmalari bilan jihozlangan transport vositalaridan foydalangan holda, Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan ekipirovkada oshkora usulda amalga oshirishi kerak». Nizomga asosan, yo‘llarda xizmatni yashirin olib borish taqiqlanadi.

«Ammo amaliyotda buning aksini ko‘rayapmiz, maxsus moslamalar ekipirovka qilinmagan yengil avtomobillarga o‘rnatilgan holda yashirin usulda xizmat o‘tamoqda. Shuningdek, ko‘chma maxsus moslamalar yo‘llarda yashirin ravishda o‘rnatilgan holatlari kuzatildi. Ochig‘ini aytish kerak, Nexia 3 avtomobiliga radar o‘rnatib, berkinib «o‘lja poylash»dan kim manfaatdor? Xalqmi yoki YHXB? Bu bahsli va aniqlashtirilishi zarur bo‘lgan masala, deb hisoblaymiz», — deydi deputat.

Deputat ta’kidlashicha, mazkur talabga rioya etilmagan holda rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi, deb mustahkamlab qo‘yilgan. Uning fikriga ko‘ra, «eng yomoni me’yoriy hujjatlar va real hayotdagi nomutanosibliklar minglab fuqarolarning nohaq jarima to‘lishiga olib kelmoqda, tegishli sud qarorlari buni tasdiqlaydi».

Sherzod Rahmonov qayd etishiga ko‘ra, bularni hisobga olib, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Hukumatga quyidagi «qat’iy takliflarni» bildiradi:

  • yo‘l harakati qoidalari chuqur tanqidiy-tahlildan o‘tkazilishi va shu asosda ularga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilishi zarur;
  • avtomobillarda harakatlangan holda maxsus moslamalar bilan tezlikni nazorat qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yish zarur;
  • nafaqat statsionar, balki barcha turdagi radarlarning joylashuvi onlayn rejimda ko‘rsatilishi kerak;
  • yo‘llarga radarlarni joylashtirish mezonlari qat’iy belgilab qo‘yilishi lozim.

«Mana shu masalalar hal qilinmasa, radarlar haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligi uchunmi yoki ko‘proq jarimalar yig‘ish uchunmi, degan savol ochiq qolaveradi», — deya xulosa qildi O‘zXDP deputati.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlarga avtomobil yo‘llarida foto va video fiksatsiya vositalarini o‘rnatishga ruxsat berilgan. Iyul oyining boshida YHXBB Toshkentdagi radar va kameralar ro‘yxatini e’lon qilgan edi.