14 iyul kuni Andijon shahar deputati Jahongir Jiyanov tomonidan «IIB xodimlariga fuqaroni qo‘lini sindirishga kim vakolat berdi?» sarlavhasi ostida fuqaro I.Shaxabovga Andijon shahar IIB Post-patrul xizmati xodimlari tomonidan tan jarohati yetkazilgani haqida xabar bergan edi.

Uning yozishicha, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib noqonuniy kishan taqib qiynoqqa solingani oqibatida fuqaroning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan, eng yomoni jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, uning chap qo‘li cinganligi aniqlangan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Jahongir Jiyanov tomonidan e’lon qilingan maqoladagi holatlar yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ushbu holat yuzacidan IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ham izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 12 iyuldan 13 iyulga o‘tar kechasi Andijon shahar, Eski shahar hududida tungi xizmatga jalb qilingan piyoda patrullar A.Xoshimov va Q.Nosirov tungi soat 00:40 larda ushbu hududda joylashgan «Shuxrat-lyuks» savdo do‘koni oldida o‘tirgan fuqaro I.Shaxabov va uning 3 nafar sherigidan tunda ko‘chada bo‘lish maqsadlarini so‘ragan. IIB xodimlari fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirayotganlarida, xodimlarning harakatlaridan norozi bo‘lgan I.Shaxabov turli e’tirozlar bildirgan.

Chaqiruv asosida voqea joyiga yetib kelgan post-patrul xizmati 4-otryad komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari S.Muxamedov I.Shaxabov va uning sheriklari bilan profilaktik suhbat o‘tkazib, ularning shaxsiga aniqlik kiritib, uylariga javob bergan.

Qayd etilishicha, keyinroq fuqaro I.Shaxabov tungi soat 03:30 va 04:00 larda qayta IIBga qo‘ng‘iroq qilib, xodimlarning harakatlaridan norozi ekanligini bildirgan. Uning chaqiruviga ko‘ra post-patrul xizmati boshqarmasi o‘rinbosari A.Yuldashev kelib, xodimlarning harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini uqtirgan. A.Yuldashev fuqaro I.Shaxabovni o‘zining xizmat avtomashinasida uyiga olib borib qo‘ygan. «Bu vaqtda I.Shaxabovda hech qanday tan jarohatlari bo‘lmagan», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Xabarda ta’kidlanishicha, shu kuni ertalab I.Shaxabov viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga IIO xodimlari tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha murojaat etgan. Hozirda fuqaro jarohatni qayerda olganligi bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

«Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, fuqaro I.Shaxabov muqaddam 2021 yil fevral oyida ham xuddi shu mazmunda, ya’ni ichki ishlar organi xodimi uning qo‘l barmoqlarini sindirganligi haqida murojaat qilgan, lekin prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida uning ko‘rsatmalari o‘z tasdig‘ini topmagan», — deyiladi xabarda.