Toshkent shahrida ota-ona qarovisiz qolgan voyaga yetmagan bolaga zaruriy ijtimoiy yordam xizmati ko‘rsatildi, deb xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati.

B.I. ismli bola ota-onasi 2012-yilda oilaviy kelishmovchiliklar sababli ajrashgandan so‘ng otasining qaramog‘ida bo‘lgan. Biroz muddat o‘tganidan so‘ng uning onasi boshqa turmush qurib, Turkiyaga jo‘nab ketgan.

Bolaning otasi ham boshqa ayolga uylangan. O‘gay ona tomonidan voyaga yetmagan B.I.ga nisbatan doimiy davom etgan qiynoq va zulm bolaning o‘z uyidan chiqib ketishiga sabab bo‘lgan.

“B.I.ning qarovsiz qolishi natijasida uning ta’lim olishi, tarbiyasi izdan chiqib ketganligi aniqlandi”, — deyiladi xabarda. Bola Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

Hozirda uning ruhiy holatini yaxshilash borasida tegishli mas’ullar tomonidan belgilangan tartibda amaliy ishlar olib borilmoqda.