Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 253 xil xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 2021 yilda ularni yana 60 taga ko‘paytirish, 50 dan ortiq xizmatlarni soddalashtirish mo‘ljallangan.

«Eng muhimi, bu ishlar sansalorlik, byurokratiya va korrupsiyani kamaytirib, vaqt va mablag‘larni tejash, unumdorlikni oshirishga xizmat qilmoqda», — deya qayd etdi prezident matbuot xizmati.

«O‘ztransgaz»da shartnomalarni boshqarish bo‘yicha axborot tizimi joriy etilgani natijasida xarajatlar 30 mlrd so‘mga qisqargani ta’kidlandi. Shuningdek, 360 turdagi davlat bojlarini Yagona elektron billing tizimi orqali to‘lash yo‘lga qo‘yilgani hisobiga 24 mlrd so‘m mablag‘lar tejalgan.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilning birinchi yarmida raqamli iqtisodiyot sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 7 trln 200 mlrd so‘mni, kompyuter dasturlash xizmatlari eksporti 17 mln 500 ming dollarni tashkil etgan.

Shu bilan birga, raqamlashtirish reytingi 65 ta tashkilot, 116 ta tuman va shaharda ishlar sust tashkil etilganini ko‘rsatmoqda.

«Oxirgi yillarda qilingan ishlar, albatta, o‘z natijasini berdi, xizmatlar qulay va odamlarga yaqin bo‘ldi. Lekin raqamli texnologiyalar kun sayin o‘zgarib, yangi-yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Shuning uchun har bir vazirlik, davlat organi va hududlarda yangi dasturlarni joriy etish bo‘yicha „yo‘l xaritasi“ ishlab chiqish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Raqamli iqtisodiyot xizmatlarini 16 trln so‘mga, kompyuter dasturlari eksportini 40 mln dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, mobil ilova orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 100 taga yetkazish, xususan, kommunal soha, kadastr, soliq, bojxona, pensiya va mehnatga oid ma’lumotlarni olishda qulayliklarni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Xabarga ko‘ra, mutasaddilarga vazir portali, viloyat, tuman va shahar hokimlari portallarini shakllantirish, ulardagi ma’lumotlarni muntazam tahlil qiladigan tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.

«Aloqabank» aksiyadorlik tijorat bankiga mijozlar uchun barcha xizmatlarni mujassamlashtirgan yagona platforma yaratish, axborot texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat va xo‘jalik organlari xodimlarining raqamli texnologiyalar bo‘yicha savodxonligini oshirish muhimligi qayd etildi.