Andijon va Samarqand viloyatlarida yer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

DXXning Oltinko‘l tumani bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.Sh. “Ittifoq” MFY hududidagi 80 sotix noturar yer maydonini fuqaro A.B.ga firibgarlik yo‘li bilan 160 000 dollarga sotmoqchi bo‘lgani aniqlangan. U go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydonidan turar joy sifatida foydalanishi uchun yana 10 000 dollar berishi kerakligini aytgan. Kelishilgan pullar hisobidan 50 000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, departament, DXX va IIB Samarqand viloyati boshqarmalari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro Sh. E. Payariq tumani Maniobod mahallasida joylashgan ijara huquqi asosida dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ajratilgan 2,1 gektar yer maydonini fuqaro A.A.ga 36 000 dollarga sotishga uringani ma’lum bo‘lgan. U oldindan 20 000 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.