Mahmud Shuhratovich Istamov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devoni rahbari etib tayinlandi. Bu haqdagi ma’lumot parlament quyi palatasi saytida paydo bo‘ldi.

Fevral oyida Mahmud Istamov 2021-yil yanvaridan buyon ishlab kelgan Buxoro viloyati prokurori lavozimidan ozod etilgan edi.

Mahmud Istamov (1979 y.t.) Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan (2000), mutaxassisligi bo‘yicha — yurist. 2004−2005-yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan ta’minlash markazi boshlig‘i, 2005−2006-yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2006−2017-yillarda Prezident administratsiyasi xizmatlarida turli lavozimlarda ishlagan. 2017−2019-yillarda adliya vaziri o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2019-yil yozida u MSK raisi o‘rinbosari etib saylangan edi.