Buyuk Britaniya 2008 — 2020 yillarda 12 nafar o‘zbekistonlikka «oltin viza» bergan, deyiladi korrupsiyaga qarshi kurashish tashkiloti Spotlight On Corruption hisobotida. Bunga davletov.uz Telegram-kanali e’tibor qaratdi.

Tashkilot hisobotni «Noqonuniy pullar uchun qizil gilam» deya nomlagan.

Mazkur viza investorlarga investitsiya evaziga mamlakatda rezident maqomini olish imkoniyatini beradi. Bir necha yildan so‘ng, investor fuqarolikni olishga da’vogar bo‘lishi mumkin, deya qayd etdi Spot. «Oltin viza» narxi taxminan 2 mln funt sterlingni tashkil qiladi.

Hisobotga ko‘ra, so‘nggi 12 yil ichida «oltin vizalar» ning katta qismi korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar — Xitoy (4106), Rossiya (2526), Gonkong (692), AQSh (685), Pokiston (283) va Qozog‘iston (278), Hindiston (254) fuqarolari olgan.

Ularning kimligi haqida ma’lumot berilmagan, ammo hisobotda qozog‘istonlik tadbirkor Madiyar Ablyazov va Ozarbayjon prezidentining qarindoshi Izzat Javadova qayd etilgan.

Hisobotda 2008 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan davr, «ko‘r-ko‘rona ishonch» davri deb nomlangan bo‘lib, unda oltin vizaga da’vogarlarga boylik tekshiruvi o‘tkazilmagan.

Ushbu davrda berilgan barcha «oltin vizalar» endi Ichki ishlar vazirligi tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid mavjudligi bo‘yicha tekshirilmoqda.

Spotlight On Corruption ushbu mexanizm Buyuk Britaniya uchun milliy xavfsizlik, korrupsiya va pul yuvishning tarqalishi bo‘yicha xavf tug‘diradi, deb hisoblaydi.

«Oltin viza» Buyuk Britaniyaga iqtisodiy foyda keltirishiga xizmat qiladi. Ta’kidlanishicha, 2008 yildan buyon mazkur rejim 6,5 mlrd funt sterling investitsiya jalb qilgan va ular Buyuk Britaniyaning COVID-19`dan keyingi iqtisodiyotini yo‘lga qo‘yishga ishlatilishi ko‘zda tutilgan.