14 iyul kuni, «Taraqqiyot strategiyasi» markazida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi profilaktik emlash (vaksinatsiya) jarayoni haqida davra suxbati bo‘lib o‘tdi. Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ishtirok etdi.

Ma’lumotga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha 236 ta turdagi koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar ketmoqda. Shulardan 63 tasi klinik ishlab chiqarish jarayonida, 173 tasi bevosita klinikaga qadar tahlillardan o‘tkazilmoqda. Ayni damda dunyo bo‘yicha 14 turdagi vaksinalar ishlatilyapti.

«Hozir JSST tomonidan 6 ta vaksinaga favqulodda holatlarda ishlatishga tavsiya berilgan. Ko‘pchilikda bir savol paydo bo‘ladi, JSSTdan vaksinalar ro‘yxatdan o‘tganmi deb. Aniqlik kiritib o‘tishimiz kerak, JSST bu vaksinalarni ro‘yxatga oladigan tashkilot emas. Qachonki vaksinalarning sifati va xavfsizligi bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar asosli bo‘ladigan bo‘lsa, JSST uni ko‘rib favqulodda holatda ishlatishga tavsiya etishi mumkin», — dedi Nurmat Otabekov.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 6 ta, ya’ni Pfizer, Moderna, AstraZeneca, Johnson-Johnson, Sinopharm va AstraZeneca`ning Hindistonda ishlab chiqarilgan Covishield vaksinalari favqulodda holatlarda ishlatishga ruxsat berilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonga 3 ta vaksina: xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi, Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi va AstraZeneca vaksinasi olib kelingan.

«Hozir bilasizlar jahon hamjamiyatida vaksinaga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqori bo‘lib, vaksina ishlab chiqaruvchi tashkilotlarda imkoniyat bir muncha chegaralangan. Shu nuqtai nazardan biz O‘zbekistonga imkoniyati bor bo‘lgan vaksinalarni imkon qadar o‘sha dunyo hamjamiyatida qo‘llanilayotgan 14 ta vaksinani qatoriga kirgan vaksinalarni olib kelish va ishlatish bilan shug‘ullanyapmiz», — deya ma’lum qildi SES rahbari o‘rinbosari.

Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, emlash jarayonlarini boshlanguniga qadar 1 ta markaziy, 14 ta hududiy, 236 ta tuman va shaharlarda vaksinalarni saqlaydigan alohida omborxonalar qurildi. 457 ta sovutgichlar, 148 ta elektrgeneratorlar, 500 ta termosumkalar va 121 ta termokonteynerlar xarid qilinib, emlash punktlariga taqdim etildi. Respublika bo‘yicha 3184 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi (mobil) emlash brigadalari tashkil etildi. Vaksinalarni qabul qilish, saqlash va joylarga yetkazish jarayonida foydalanish uchun 17 ta авторефрижератор, Miniven avtobazasi negizida 206 ta yuk tashuvchi muzlatgichli avtomashinalar, 16 ta yengil avtomobillar xarid qilinib, joylarga yetkazib berildi.

Bundan tashqari, kechagi kun holatiga O‘zbekistonda 4 mln 160 ming dona shpritslar joylarga yetkazildi. 45 ming 606 dona xavfsiz qutilar, 8,2 tonna paxta va 6 tonnadan ortiq 70 foizli spirtlar joylarga olib borildi, deya qayd etdi SES rahbari o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashiga ko‘ra, respublikada emlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 4356 nafar shifokorlar va 11 ming 539 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. Yana qo‘shimcha ehtiyoj bo‘lish ehtimolidan kelib chiqib, 833 nafar vrachlar qo‘shimcha tayyorlandi.

«Emlash punktlarida har kuni o‘rtacha 140 ming odam emlanyapti. Ming afsuski biz hozir emlash tadbirlari uchun yaratilgan imkoniyatlarning teng yarmidan foydalanmoqdamiz. Agar biz butun O‘zbekiston da mavjud emlash brigadalari va emlash punktlari imkoniyatini sarhisob qiladigan bo‘lsak, har bittasiga 44 ta emlanganlar to‘g‘ri kelyapti. Agar biz emlash brigadalarini ham qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, har bittasida 36 tadan odam 1 kunda emlanmoqda. Aslida, biz reja qilgan paytimizda har bitta emlash punkti va emlash brigadasida bir kunda 70 tadan odamni emlash belgilangan edi. Demak, biz imkoniyatdan 2 baravar past darajada [foydalanmoqdamiz]. Vaksinadan boshqa biz epidemik vaziyatni barqarorlashtiradigan bir taklifni yoki qandaydir tashabbusni ko‘rmayapmiz», — dedi Nurmat Otabekov.

«Vaksinatsiya jarayonlarida faol ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlariga rag‘bat sifatida, ularni moddiy quvvatlash mexanizmlarini ham amaliyotga tadbiq etadigan bo‘lsak, biz bundan faqat manfaat ko‘ramiz», — deya qo‘shimcha qildi u.