Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda “O‘zbekiston 24” telekanali.

Farg‘ona viloyatida

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida aholiga transport xizmati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari rieltorlik bilan shug‘ullanuvchi MCHJ boshlig‘i va yana ikki nafar fuqaro bilan kelishib, o‘zganing ishonchiga kirib, unga qurilish firmasi balansida bo‘lgan 50 sotix yer maydonini 25 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan.

Transport xizmati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida DXX va departamentning boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Namangan viloyatida

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Davlat kadastri palatasining Namangandagi bo‘limi rahbari va bosh mutaxassisi yer bilan bog‘liq masalada firibgarlik yo‘li bilan o‘zganish 6 ming dollar va 42 mln so‘m olgani aniqlandi.

Buxoro viloyatida

“O‘zshaharsozlikLITI” DUK Buxoro filiali arxitektori qurilish firmasi vakiliga Buxoro shahridan ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun 6 sotix yer maydonini vakolatli tanishlari yordamida E-auksion elektron-onlayn savdolar orqali olib berishini aytib, xizmati uchun 30 ming dollar talab qiladi.

DXXning Buxuro viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan puldan avanz sifatida 10 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Dastlabki surishtiruvlar davomida u mazkur pul mablag‘ini Davlat kadastrlar palatasining Buxoro tumani filialining E-auksion savdolari bo‘yicha muhandisiga berishi ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxs ham pulni olgan vaqtida ushlandi.

Sirdaryo viloyatida

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida istiqomat qilib, Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs boshqa bir fuqaroga tegishli chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi yeridan 20 gektarini xaridor nomiga olib berishi evaziga 8 ming dollar talab qilgan.

U so‘ralgan puldan 7,5 ming dollarni olgan vaqtida DXX hamda departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Toshkent shahrida

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi shaxs Yangihayot tumanida yashovchi fuqaroga mansabdor tanishlari orqali Sergeli tumanidan 1,2 sotix yerni olib berishini va’da qilib, evaziga 12 ming dollar so‘ragan.

DXXning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi va departamentning shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda u so‘ralgan puldan 6 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Navoiy viloyatida

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro 2017 yili dehqon xo‘jaligi tashkil etish maqsadida tuman hokimi qarori bilan o‘z otasi nomiga rasmiylashtirib berilgan 50 sotix yer maydoni hamda uning yonida joylashgan yana shuncha yerni mansabdor tanishlari orqali xaridorga sotmochi bo‘lib, xaridordan 8 ming dollar so‘ragan. U so‘ralgan puldan 4 ming dollarni olgan vaqtida DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.