Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni karantin qoidalari va cheklovlariga qat’iy rioya qilishga va ommaviy yig‘ilishlarda qatnashmaslikka chaqirdi.

SSV Maxsus komissiya ommaviy bayramlarning barcha turlari, sport musobaqalari, shuningdek konsertlar, festivallar, teatr va kino namoyishlari uchun vaqtincha cheklov qo‘yganini eslatib o‘tdi. Bundan tashqari, 50 nafardan ko‘p bo‘lgan kishilar bir joyda, bir vaqtning o‘zida to‘planmasligi tavsiya etilmoqda, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

«Biroq shunga qaramay, ayrim hollarda karantin qoidalari va cheklovlari qo‘pol ravishda buzilayotgan holatlar ham kuzatilmoqda», — deydi SSV, 13 iyul kuni rossiyalik blogerni kutib olish uchun Amir xiyobonida 150−200ga yaqin fuqarolar to‘plangani haqida.

«Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida tarqalgan ushbu tadbir aks etgan videotasvirlardan ko‘rish mumkinki, bu yig‘inda ishtirok etgan yoshlar tomonidan mamlakatimizda o‘rnatilgan ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish kabi karantin qoidalariga mutlaqo rioya etilmagan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bu holat koronavirus infeksiyasining yanada keng tarqalishi va epidemiologik vaziyat yanada og‘irlashishiga olib kelishi mumkin. Kasallikning yangi shtammlari tez yuqishi, jadal rivojlanishi hamda yashirin ravishda organizmni kuchli jarohatlashi kuzatilmoqda. Inson o‘z organizmida kechayotgan jarayonni bilmay qolishi ham mumkin.

Vazirlik barcha fuqarolarni karantin qoidalari va cheklovlari, sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etishga, ommaviy to‘planmaslikka chaqirdi. Shuningdek, ota-onalar o‘z farzandlariga bu borada tegishli tushuntirish berishlari, ko‘pchilik to‘planadigan joylardan uzoq bo‘lishlariga e’tibor qaratishlari so‘raldi.

«Zero, birgina e’tiborsizlik, loqaydlik, o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligini xavf ostiga qo‘yishi, COVID-19 infeksiyasining yurtimiz aholisi orasida yanada keng tarqalib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qilinadi SSV xabarida.

SSV Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq, epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish tegishli tartibda javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.

Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham ushbu holat bo‘yicha fikr bildirib, rossiyalik bloger Subxan Mamedov (Subo) bilan profilaktik suhbat emas, balki «unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘ligiga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani» nuqtai nazaridan huquqiy baho berilishi kerakligini ta’kidlagan edi.