Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida darsliklarni yozishda o‘quvchidan «universal odam» yaratish maqsad qilinmasligi, o‘qituvchilarga esa standartlarda belgilangan maqsadlarga erishishda mustaqillik berilishi kerakligi, shuningdek, Milliy o‘quv dasturining maqsadi va rejalari, darsliklar yaratishdagi qiyinchiliklar haqida gapirdi.

— Respublika ta’lim markazining oxirgi bir yilda amalga oshirgan eng katta loyihasi — barcha fanlardan Milliy o‘quv dasturlari yaratilishi bo‘ldi. Milliy o‘quv dasturlari yaratishning zarurati nimada edi? Milliy o‘quv dasturi amaldagi davlat ta’lim standartidan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?

— Birinchi navbatda «Milliy o‘quv dasturi o‘zi nima?» degan savolga javob beradigan bo‘lsak, Milliy o‘quv dasturi — biz xohlayotgan maktab bitiruvchisi qiyofasini aniq-tiniq chizib beruvchi hujjat. Standartlar qanchalik aniq bo‘lsa, o‘qituvchining dars berishi shunchalik oson bo‘ladi. Standartlarni kompas sifatida olishimiz mumkin, o‘qituvchi esa shu kompasga qarab harakat qiladi.

Yaqinda Jahon banki o‘tkazgan ta’lim bo‘yicha forumda Polshalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, ularning davlatlaridagi ta’lim islohotlarining muvaffaqiyatini ta’minlagan omillardan biri qaysi fan nimaga xizmat qilishi va qaysi ko‘nikmalarni rivojlantirishi kerakligining aniq belgilanganligi bo‘lgan. (Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti (OECD) tahliliga ko‘ra, Polshada 1999 yilgi ta’lim islohotlari mamlakatning PISA tadqiqotlarida ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga olib kelgan — tahr.) Biz hozir mana shu jarayonni amalga oshiryapmiz, ya’ni har bir fan rivojlantirishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalarni belgilab beryapmiz. Shu paytgacha faqat bitiruvchi sinflar (4, 9, 11) uchun talablar belgilangan, lekin har bir sinf kesimida o‘quvchilarda rivojlanishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalar belgilanmagan edi.

Ikkinchi jihat — maqsadni belgilab olgandan keyin, shu maqsadga erishish uchun nimani o‘qitishimiz kerak? Biz shu paytgacha eskirgan, davrini yashab bo‘lgan kontentni ham o‘qitib keldik. Mavzularning haddan tashqari ko‘pligi ham yana bir muammo edi. Milliy o‘quv dasturida nazariy mavzular qisqartirilib, ko‘proq amaliy jihatiga e’tibor berdik. Hozir milliy o‘quv dasturida amaliy mavzular hajmi 20%dan 60%gacha oshdi. Ko‘proq bolani hayotga tayyorlaydigan, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladigan mavzular olib qolindi.

Mavzularni tanlashda biz o‘quvchilarning qiziqishlarini hisobga oldik. Mavzularda fanlararo integratsiyani, fanlarning o‘zaro uyg‘unligini ham hisobga oldik. Fanlararo integratsiya hisobiga ayrim fanlarni birlashtirish imkoni ham paydo bo‘ldi. Masalan, 1−6 sinflarda bitta «tabiiy fanlar» paydo bo‘ldi, buning ichida fizika ham, kimyo, biologiya, geografiya ham bor.


Milliy o‘quv dasturining oldingi standartdan farqi — XXI asrda o‘quvchi muvaffaqiyatga erishishi uchun kerak bo‘lgan asosiy kompetensiyalarni rivojlantirishni maqsad qilib oldik. Bular — tanqidiy fikrlash, ijodiy fikrlash, kommunikativlik (muloqotga kirishish), axborot bilan ishlash, o‘z-o‘zini rivojlantirish va faol fuqarolik. Bizga qanday avlod kerak? Bizga ilg‘or fikrlaydigan, qat’iyatli, o‘z maqsadi sari harakat qiladigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, muammoni ijobiy yechadigan shaxslar kerak. Bunday shaxslar iqtisodiyotni rivojlantira oladi, jamiyatni boshqara oladi, hayotimizni o‘zgartira oladi. Milliy o‘quv dasturiga XXI asr ko‘nikmalarini singdirish orqali shunday shaxslarni tarbiyalashga harakat qilamiz.

2017 yilgi ta’lim standartlaridan yana bitta katta farq — oldingi standart chiziqli dasturga asoslangan bo‘lsa, milliy o‘quv dasturida spiralsimon dasturni ko‘ramiz. Chiziqli dasturda o‘quvchi bir mavzuni o‘tgandan keyin bu mavzuga boshqa qaytilmaydi. Spiralsimon dasturda esa o‘quvchilar oldin o‘rgangan tushunchalariga qaytib, uni chuqurlashtirishadi va uning asosida yangi ko‘nikmalarni shakllantirishadi.

Yana bir muhim jihati — agar 2017 yilda tasdiqlangan davlat ta’lim standartlari uchta komponentdan iborat bo‘lsa, milliy o‘quv dasturida yana uchta komponent qo‘shildi. Yangi qo‘shilgan komponentlar — fanni o‘qitish konsepsiyasi, metodologiya va baholash.

Metodika qanday o‘zgardi? 2017 yilgi standartlar ko‘proq yod olishga asoslangan edi. Ma’ruza metodi ustun edi, ya’ni o‘qituvchi gapiradi, o‘quvchi tinglaydi. 11 yil tinglab o‘rgangan o‘quvchi 12-yilda ham kimnidir tinglagisi keladi. Unda qaror qabul qilish ko‘nikmasi rivojlanmagan bo‘ladi. Natijada bu o‘quvchi hayotda mustaqil harakat qila olmaydi. Milliy o‘quv dasturida shuni o‘zgartirishga harakat qildik.

Masalan, Finlyandiya tajribasida «fenomenal ta’lim» degan tushuncha mavjud. Bu — yon-atrofda sodir bo‘layotgan, bola eshitayotgan, ko‘rib turgan voqea-hodisalar asosida o‘qitish. Xorij tajribasida «Inquiry-based learning» (o‘quvchilar oldiga muammolar qo‘yilishi va o‘quvchilar bu muammolarni hal qilish jarayonida o‘rganishlariga asoslangan ta’lim — tahr.) tushunchasi ham mavjud. Milliy o‘quv dasturida o‘quvchilarda aynan yon-atrofda bo‘layotgan voqealarni kuzatish, savollar qo‘yish va savollarga javob izlash orqali o‘rganish metodikasini singdirishga harakat qildik.

Loyihalar asosida o‘qitishni taklif qilyapmiz. O‘quvchilar nimanidir bajarib ko‘rishsin, yasab ko‘rishsin. Loyihalar ustida ishlayotganda o‘quvchilar jamoa bo‘lib ishlashni o‘rganishadi. Jamoa bilan ishlashda esa yaxshi bir lider, menejer, yaxshi suhbatdosh, yaxshi jurnalist, yaxshi rassom paydo bo‘lishi mumkin. Bunday ko‘nikmalar o‘quvchida 1-sinfdan rivojlanib borsa, kelgusida uni kasbga yo‘naltirish oson bo‘ladi.

Masalan, tabiiy fanlarda «STEM mashg‘ulotlari» deb atalgan mashg‘ulotlarni kiritdik. Bu mashg‘ulotlar bir necha fanlarni qamrab oladi. Ular o‘quvchida dunyoni yaxlit anglashga yordam beradi. Masalan, «suv» mavzusida o‘quvchi suvni geografiya, biologiya, fizika nuqtayi nazardan o‘rganadi.

— Milliy o‘quv dasturi asosida 1−2-sinflar uchun darsliklar yaratildi. Oldin yaratilgan, hozir amalda bo‘lgan darsliklar bilan yangi yaratilayotgan darsliklarning farqi nimada?

— Shu paytgacha aksariyat darsliklar olimlar tomonidan yozilgan. Darsliklar murakkab yozilgan, o‘quvchining ruhiy va jismoniy rivojlanishi hisobga olinmagan. Maktabni «fanlar akademiyasi»ga aylantirib tashladik. Universal odam yaratmoqchi bo‘ldik, lekin biz o‘qitgan avlodning aksariyati «palag‘da» bo‘lib chiqdi. Biz yo‘qotgan avlod, xorijda yurgan migrantlar aksariyati — noto‘g‘ri ta’limning qurbonlari.

Shuni hisobga olib, oldingiday faqat ikkita-uchta olim bir bo‘lib yozgan darslik yozish emas, bu olimlarning yoniga o‘qituvchilarni ham qo‘yyapmiz. Har bir mavzu yozilganida, o‘qituvchilar uni borib sinflarda tajriba o‘tkazishdi. Endi darsliklar kabinetlarda o‘tirib, maktabni hech qachon ko‘rmaganlar tomonidan yaratilmaydi.

Bir muallif yaqinda «Haqqing yo‘q meni mualliflikdan chiqarishga, chunki bu fanga men asos solganman» dedi. Savol berdim: «Qachon oxirgi marta maktabga borgansiz?» O‘zlari ham eslolmadilar. Darslik yozish jarayonida albatta o‘quvchiga dars beradigan mutaxassis — o‘qituvchi qatnashishi kerak.

Standartlar, dasturlar va darsliklar yozishdan oldin biz mualliflarni xalqaro ekspertlar yordamida qayta-qayta o‘qitdik. Mana shu jarayonda mualliflar saralab olindi. Misol sifatida aytishim mumkin, bir fanda shunday holat bo‘ldi. Eski avlod mualliflari bilan loyiha doirasida shartnoma qildik. Shartnoma muddati o‘tib ketsa ham ular standartlarni yozib berishmadi. Keyin bu jamoa bizga yana eski narsani olib kelib berishdi. Shunda boshqa jamoani, yoshlar jamoasini jalb qilishga majbur bo‘ldik. Yoshlar jamoasi ishlashga rozi bo‘ldi, lekin bir muddat o‘tgandan keyin rad qilishdi. Ma’lum bo‘ldiki, eski jamoa yangi jamoaning ilmiy rahbarlariga chiqib, bosim o‘tkazishgan.

Ochiq jang bo‘lgan holatlar ham bo‘ldi. Masalan, matematika fanida yoshi katta mualliflar aytishdiki, «biz Al-Xorazmiy, Al-Beruniylar avlodimiz, qanday qilib matematikani osonlashtiramiz?» Bizning qarashimiz bo‘yicha, yangi matematika darsliklari sodda, hayotiy, amaliy bo‘lishi kerak edi. Yoshi katta matematiklar esa soddalashtirishga qarshi bo‘lishdi.

Xalqaro hamkorlarimizning aytishicha, 2000 yillar boshida AQShda ham shunday jarayon bo‘lgan. Matematikani hayotga yaqinlashtirishda «Nega matematikani soddalashtirdinglar?» deb noroziliklar bo‘lgan. Aslida bu soddalashtirish matematikani tushunishga xizmat qilgan.


Yangi tayyorlangan 1-sinf «Matematika» darsligi

Bu kabi misollarni har bir fanda ko‘rish mumkin. «Ona tili va o‘qish savodxonligi» fanida (milliy o‘quv dasturida boshlang‘ich sinflarda ona tili va o‘qish bitta fanga birlashtirilgan) grammatik qoidalarga emas, nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga urg‘u berdik. Buni aksariyat yoshi katta olimlar hazm qilishga qiynalishdi. Bizda ko‘proq ilmiy ishlar grammatika yo‘nalishida qilingan, nutq ko‘nikmalariga e’tibor qaratilmagan.


Yangi tayyorlangan 1-sinf «Ona tili va o‘qish savodxonligi» darsligi (ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablar uchun)

— Darsliklar yozishga yangi jamoalarni jalb qilgan ekansiz, oldingi darsliklar mualliflarining bunga munosabati qanday bo‘ldi? Qarshiliklar bo‘lmadimi?

— Yangi avlod va eski avlod o‘rtasidagi farq, fikrlar qarama-qarshiligi har doim bo‘lgan. Eski avlod o‘z tamoyillarini saqlab qolishga, yangi avlod o‘z qarashlarini olib kirishga harakat qiladi. Yoshlarning takliflarini deyarli barcha hollarda eski avlod vakillari rad qilishdi. Shuning uchun ham darsliklarni tayyorlashda yangilik tarafdori bo‘lgan, o‘z ustida ishlashdan qo‘rqmaydigan mualliflarni olib qolib, boshqalardan voz kechishga majbur bo‘ldik.

Ayrim yoshi katta mualliflarni darslik yozishga jalb qilmaganimiz uchun tazyiqlar, qo‘ng‘iroqlar ham bo‘ldi, o‘rtaga odamlarni qo‘yishdi. Lekin bunday mualliflarni jamoaga qo‘shishning bitta katta xavfi — yana eskicha darsliklarning yaratilishi, jamoada ziddiyatning kuchayishi edi. Kimlargadir qachondir imkoniyat berilgan, bugun biz buning natijasini ko‘rib turibmiz. Endi yangi mualliflarga ham imkoniyat berib ko‘rishimiz kerak. Shundagina raqobat paydo bo‘ladi.

Ish jarayonida shuning guvohi bo‘ldimki, aksariyat mualliflar bizning fikrlarimizni tan olishmaydi. Darsliklar yozish jarayonida shunday holatlar bo‘ldiki, metodistlar va o‘qituvchilarning fikrlari, takliflari ko‘p marotaba asossiz rad qilindi. Bu kabi mualliflarga saboq bo‘lishi uchun, ular yagona emasliklarini, ularga raqobat borligini ko‘rsatish uchun ham yangi mualliflarni jalb qilish kerak. Shunda oldingi avlod mualliflari ham o‘z ustida ishlashadi.

— Sizning fikringizcha, darslik kerakmi va u yagona bo‘lishi kerakmi?

— Hududlarda yurib, shuni ko‘rdimki, o‘qituvchilar darsliklarga suyanib qolishgan. O‘qituvchilarda akademik mustaqillik yo‘q, ya’ni ularning aksariyati standartlar asosida ishlash nimaligini bilmaydi. O‘qituvchi qaysi sinfda nimalarni rivojlantirish kerakligini bilmaydi, chunki ularga har bir sinf uchun aniq talablarni belgilab beradigan standartlar berilmagan. Shuning uchun darslik o‘qituvchi uchun standart bo‘lib qolgan.

Surxondaryo viloyatiga borganimda, o‘qituvchilar so‘rashdi: «Nega „Tarbiya“ darsliklarida qoidalar yo‘q? Biz o‘quvchilarga nimani yodlatishimiz kerak?»

Shunday mamlakatlar borki, ularda darsliklar yo‘q. Lekin sifatli ta’lim bor. Biz o‘qituvchilarni darslikka qaramlikdan xalos qilishimiz kerak. O‘shandagina ta’limda juda katta o‘zgarish sodir bo‘ladi.

Yagona darslik bo‘lishi kerak emas. Xususiy maktablarga borsak, ular har xil darsliklardan foydalanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Biz borayotgan manzil — ko‘p darsliklarning bo‘lishi. Misol uchun, hozir bir vaqtning o‘zida ikkita jamoa tomonidan ona tili, matematika, ingliz tili va informatika darsliklari yaratilyapti. Bitta fandan har xil darslik. Respublika ta’lim markazi mualliflari tomonidan shu fanlar bo‘yicha bir darslik, boshqa guruh mahalliy ekspertlar tomonidan esa boshqa bir darslik yaratilmoqda. Ikkinchi loyihani USAID moliyalashtirmoqda va RTI instituti amalga oshirmoqda. Keyingi yil ayrim fanlarda o‘qituvchilarga qaysi darsliklardan foydalanishni tanlash imkoniyatini bermoqchimiz.

Ingliz tili va informatikadan Kembrij darsliklarini mahalliylashtiryapmiz, ya’ni o‘zimizda nashr etish uchun tayyorlaymiz. Informatika darsliklari tarjima qilinyapti.

Shu o‘rinda bir savol tug‘ilishi mumkin: nimaga bugun raqobatga yo‘l qo‘yilmadi (darslik yaratish uchun nashriyotlarga tanlov e’lon qilinmadi)? Buning birinchi eng katta sababi — mualliflar masalasi, ya’ni mualliflar maktabi yo‘qligi. Ko‘p darsliklar mualliflari olamdan o‘tgan va darsliklar [mualliflik huquqi] ularning farzandlariga qolgan, ular esa darsliklarni o‘zgartirishga qarshi. Shuningdek, ko‘p mualliflar keksayib qolgan va ular yangiliklarni, yangi yondashuvlarni qabul qila olmaydi. Yosh olimlar, yosh tadqiqotchilar bor, ular esa deyarli hech qachon darslik yozib ko‘rmagan.

Ikkinchi eng katta sabab — nashriyotlar salohiyati. Nashriyotlarda ham darsliklar tayyorlash menejmenti tizimi yo‘q. Nashriyotlar kim bilan ishlashni bilishmaydi.

Biz hozirgi vaziyatda tanlov e’lon qilganimizda ham eski darsliklarning kelish ehtimoli yuqori bo‘lardi.

Biz yosh olimlar, tadqiqotchilar bilan birlashib, «zamonaviy darslik o‘zi nima?» degan savolga javob topishga harakat qildik. Bu jarayonga mahalliy ekspertlarni, amaliyotchi o‘qituvchilarni va xalqaro ekspertlarni jalb qilamiz. Mana shu uch tomon bir bo‘lib, «zamonaviy darslik o‘zi nima?» degan savolga javob qidirib ko‘raylik, zamonaviy darslikni yaratib ko‘raylik. Shu jarayonda salohiyat paydo bo‘ladi, biz mualliflar maktabini shakllantirib olamiz va kimning nimaga qodirligini bilib olamiz. Keyingi rejalarimiz esa ularning o‘zini ochiq raqobat maydoniga qo‘yib yuborish. Nashriyotlar ularga chiqishi mumkin, ular bilan hamkorlik qilib o‘z darsliklarini yaratishi mumkin va raqobat muhiti shakllanishi mumkin.

— Yaqinda o‘zbek tilining ta’lim rus va boshqa tillarda olib borilayotgan maktablarda xorijiy til metodikasi asosida o‘qitilishi ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv qilindi. Ko‘p hollarda ta’lim rus tilida olib boriladigan maktab bitiruvchilari o‘zbek tilida gapira olmaydi. O‘zbek tili bo‘yicha yangi darsliklar boshqa millat vakillariga o‘zbek tilini o‘rgata oladigan darslik bo‘ladimi?

— O‘zbek tili bo‘yicha milliy o‘quv dasturini ishlab chiqishda CEFR (Tillarni egallashning Umumevropa kompetensiyalari — tahr.) asos qilib olindi. Buning eng katta yutug‘i — o‘quvchining yosh xususiyatlari hisobga olinib, malaka talablari ishlab chiqildi. Har bir sinf uchun bola nechta so‘zni bilishi kerak, qanday lingvistik bilimlarga ega bo‘lishi kerak — aniqlab berildi. Shu malaka talablari asosida dastur ishlab chiqildi, bu dastur asosida darslik tayyorlanmoqda.

Hozirgi darsliklarni ko‘rsak, birinchi darslardan qiyin-qiyin she’rlar, qiyin so‘zlarni berib qo‘yishgan. Ularni boshqa millat vakillari tugul, o‘zbek bolalari ham tushunishda qiynalishadi. Murakkab so‘zlar, murakkab she’rlar, murakkab gaplarning berilishi natijasida o‘quvchida fanga nisbatan ishtiyoq susayib boradi. Yangi darslikda ko‘proq badiiy matnlarga emas, nutqiy vaziyatlarga, dialoglarga e’tibor berdik. Yangi darslikni yozgan jamoa ichida amaliyotchi o‘qituvchilar bor, ular muammoni bilishadi.


Amaldagi (yuqorida) va yangi tayyorlangan (pastda) 2-sinf o‘zbek tili darsliklari (ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun)

— Ta’lim o‘zbek va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun rus tili darsliklari Rossiya bilan hamkorlikda yaratildi. Bu esa «Rossiya davlati o‘z mafkurasini, o‘z manfaatlarini singdirishiga sabab bo‘lmaydimi?» degan xavotirlar yangrashiga sabab bo‘ldi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

— Loyiha doirasida darsliklar O‘zbekistonda tayyorlanyapti va mualliflar ham O‘zbekistonlik mualliflar. Rossiyalik hamkorlar — Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti metodik jihatdan yordam berishyapti. Darsliklar rus tilini xorijiy til sifatida o‘qitish metodikasiga asoslanadi.

Til o‘qitishda biz til egalari bilan hamkorlik qilishimiz kerak. Masalan, ingliz tili darsliklarini yaratishda Kembrij universiteti bilan hamkorlik qilyapmiz. To‘g‘ri, xorijiy til darsliklarida tili o‘rganilayotgan mamlakatlar, ularning madaniyati haqida ham ma’lumotlar beriladi. Hozirgi ta’limda shunday kompetensiya bor — madaniyatlararo muloqot kompetensiyasi, bag‘rikenglik, boshqa millatlar va madaniyatlarni hurmat qilish.

Tilni o‘rganishning o‘zi yetarli emas. Misol uchun, tilni o‘rganib, bir mamlakatga tushsangiz, u yerdagi an’analarni tushunmasangiz, ularga hurmatsizlik qilsangiz, bu — ta’limning xatosi. Darsliklarda tili o‘rganilayotgan mamlakatlar haqida, ularning tarixi, madaniyati haqida ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Bu degani — mafkurani (ideologiyani) singdiryapti degani emas.

Bizda til o‘qitish metodikasi 1950−60 yillar darajasida qolib ketgan. Sir emas, aksar yurtdoshlarimiz farzandlarini rus tilini o‘rgansin, deb rus sinflariga berishni xohlashadi. Lekin o‘zbek sinflarida o‘qib turib ham rus tilini o‘rganish mumkin-ku? Afsuski, o‘zbek sinflari uchun yozilgan rus tili darsliklari birinchi til (ona tili) metodikasiga asoslangan, ko‘proq grammatikani o‘rgatishga qaratilgan.


Yangi tayyorlangan 2-sinf rus tili darsligi (ta’lim o‘zbek va boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun)

— Yaqinda ayrim saytlar tarix, biologiya darsliklarida evolyutsion ta’limotning singdirilganligi haqida yozishdi va «maktablarimizda odam maymundan tarqalgan deb o‘rgatilmoqda» degan fikr bildirishdi. Ayrim olimlar bunga o‘z munosabatlarini ham bildirishdi. Darslik yozilayotganda bu darslikka qanday kontent kirishi kerak va qanday kontent kirishi kerak emas? Shuni kim belgilaydi va bunda nimalar hisobga olinadi?

— Darslik uchun mavzular standartlar va o‘quv dasturlari asosida tanlanadi. Bu mavzularni belgilaydigan yo‘riqnomalar yoki cheklovlar yo‘q. Darslikda qaysi mavzular, qanday aks etishi o‘qituvchi va muallif o‘rtasidagi hamkorlikda tug‘iladi. Bundan tashqari, har bir fan yo‘nalishida ilmiy tadqiqot institutlari bor, ular bilan hamkorlikda tayyorlanadi. Bunda xalqaro tajriba hisobga olinishi, o‘rganilishi mumkin, milliy qadriyatlar va an’analarga ham diqqat qilinadi.