15−16 iyul kunlari Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar hisobiga Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi mavjud, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

13 iyul kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida kuch yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Kosonsoy tumaniga sel kelgan. Hodisa oqibatida 8 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

O‘zgidromet mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

«13 iyul kuni Qirg‘izistonning shimoli-g‘arbiy qismi va Qozog‘iston janubidan atmosfera sovuq fronti o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida front o‘tishi ortidan, Farg‘ona vodiysi tog‘ havzalarida kuchli yomg‘irli to‘p-to‘p bulutlar rivojlandi», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Oqsuv va Olabuqa tumanlarida mahalliy vaqt 12:35 va 13:25 oralig‘ida kuchli jala yomg‘ilar yog‘ib o‘tgan. Kuchli jala yomg‘irlar Jalolobod viloyati Oqsuv tumani va Namangan viloyati Kosonsoy tumanidan oqib o‘tuvchi Kosonsoy soyida sel oqimini hosil qilgan.

Namangan viloyati Kosonsoy tumani ayrim hududlarida qisqa muddatli jala yomg‘irlari va do‘l hodisasi kuzatilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, o‘rtacha hisobda do‘l diametri 1 sm ni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, Kosonsoy tumani tog‘ oldi hudud hisoblanib, georafik joylashganligiga ko‘ra, sel-toshqinlari hosil bo‘lishiga moyil hudud sanaladi. 13 iyul kuni qo‘shni Qirg‘iziston hududlarida kuzatilgan kuchli jala yomg‘irlar hisobiga shakllangan Kosonsoy soyidagi sel hodisalari oldinlari tumanning boshqa soylarida ham tez-tez takrorlangan.

Ta’kidlanishicha, 13 iyul kuni Kosonsoy soyidan maksimal 60 m³/s miqdordagi sel-suv toshqiini o‘tgan. Bu Kosonsoy soyi uchun maksimal miqdor emas. Kosonsoy soyida sel hodisalari 1878 yildan boshlab ro‘yxatga olib kelinadi. Soyda sel hodisalari asosan, aprel-iyul oylarida hosil bo‘ladi.

Kosonsoy soyida tez-tez sel hodisalari kuzatilgan bo‘lib, 1964 yil 27−28 iyul kunlari — sekundiga 278 kubometr, 1988 yil 10 mayda — sekundiga 200 kub, 1992 yil 25 mayda — 250 kubometrni tashkil etgan.

O‘zgidromet mahalliy aholidan 14−17 iyul kunlari Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan hududlardagi dam olish maskanlariga bormaslikni so‘rab qoladi.