Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan 17−19-may kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifning birinchi kunida Toshkentda oliy darajadagi tadbirlar va muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Sammit kun tartibidan tizimli siyosiy muloqotni rivojlantirish va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish, savdo, innovatsiyalar, energetika, neft-kimyo, sanoat, elektrotexnika va elektronika, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa sohalarida aniq kooperatsiya dasturlari va loyihalarini ilgari surish masalalari o‘rin olgan.

Bundan tashqari, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Shundan so‘ng Malayziya hukumati rahbari Samarqand va Buxoro shaharlariga ham tashrif buyurib, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy va ma’naviy merosi bilan tanishadi, qo‘shma biznes forumida ishtirok etadi.