Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevning 8 iyuldagi qarori bilan poytaxt ma’muriyati davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizliklari) natijasida jabrlangan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplaydi.

E-qaror platformasida joylashtirilgan hujjatga muvofiq, ushbu maqsadlar uchun ikkinchi chorakda Toshkent byudjetining ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismi hisobidan 5,72 mlrd so‘m ajratiladi.

Qayd etilishiga ko‘ra, zararni qoplash uchun Moliya bosh boshqarmasiga kelib tushgan Sud qarorlari hamda asoslantiruvchi hujjatlar asosida mablag‘ ajratiladi.

O‘tgan yilning oxirida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2021 yil yakuniga qadar poytaxtdagi barcha buzilgan ko‘chmas mulklar uchun kompensatsiyalar to‘liq to‘lab berilishini haqida va’da bergan edi. «Bu yil juda katta miqdorda — 700−800 mlrd so‘m pul va yer ko‘rinishida «snos»ga (kompensatsiya to‘lashga) ketdi. Bizning hisoblarimiz bor, oldimizga qo‘ygan maqsad 2021 yilda 2005 yildan buzilgan binolar uchun hech kim to‘lovsiz qolmaydi», — degan edi poytaxt hokimi.

Shu yilning fevral oyida Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinov 2020 yilda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilgan mulklar bo‘yicha yetkazilgan zararlarning 55 foizi qoplab berilmaganini ma’lum qilgan. U poytaxtning 76,4 mlrd so‘m miqdorida qarzi borligi haqida ta’kidlagan.