Yangi O‘zbekiston universitetida o‘qish uchun kontrakt narxi e’lon qilindi. Bu haqda universitetning veb-saytida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra,

  • mahalliy talabalar uchun bir semestrga 24 mln 850 ming so‘m (bir yil uchun 49 mln 700 ming so‘m);
  • xorijiy talabalar uchun esa bir semestrga 5 ming dollar (bir yil uchun 10 ming dollar) etib belgilangan.

Keyinroq kontrakt narxlari to‘g‘risidagi ma’lumot universitet saytidan olib tashlandi.

Universitetda o‘qish narxi haqidagi ma’lumot o‘chirilishidan oldin (yuqorida) va keyin (pastda).

Ma’lumot uchun, yangi universitetda qabul imtihonlarini Kembrij universiteti o‘tkazadi. O‘quv reja va dasturlari Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda ishlab chiqiladi.

Sentyabrda ish boshlaydigan OTMda 5 ta — muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi marta Shavkat Mirziyoyev 2019 yil mart oyida poytaxtda prezidentlik universiteti ochilishini ma’lum qilgan edi.

Yanvar oyi boshida Shavkat Mirziyoyev prezident universtiteti 8000 talabaga mo‘ljallanishi haqida ma’lum qilgan.

«Biz prezident universitetini quramiz. Oksford ta’limini birinchi marta O‘zbekistonda joriy qilmoqchimiz. Britaniyaning ta’lim sohasi dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Biz yangi prezident maktablarini ochdik, endi 8000 talabaga mo‘ljallangan yangi prezident universitetini ochamiz. Barcha domlalari chet eldan bo‘ladi», — degan edi davlat rahbari.