Aprel oyida O‘zbekistonda avtomobillar sotuvining pasayish sur’ati tezlashdi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.

ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil bozorida fevral oyida boshlangan sotuvlardagi pasayish sur’atining tezlashish tendensiyasi kuzatilgan. O‘tgan oyda respublikada avtotransport vositalarining umumiy savdosi (shu jumladan, yengil avtomobillar) 19 foizga — 88,3 mingtagacha kamaygan.

Aprel oyida 78,5 mingta yengil avtomobil sotilgan, bu avvalgi oyga nisbatan 18,6 foizga kam. Yillik hisobda sotuvlar 35,3 foizga qisqargan (2023-yil aprelida ko‘rsatkich 120 mingtadan ortiq avtomobilni tashkil qilgandi).

avtobozor, avtomobil bozori, itim

Savdo hajmining pasayishi barcha hududlarda kuzatilmoqda, eng katta pasayish Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan bo‘lib, ularda savdo hajmi 30 foizdan ko‘proq kamaygan.

ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, pasayish sabablari avtokreditlarning qisqarishi va ularni berish qoidalarining murakkablashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mart oyida O‘zbekiston banklari tomonidan 1,25 trillion so‘mlik avtokreditlar berilgan, Markaziy bankning ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, bu so‘nggi ikki yildagi minimal ko‘rsatkichdir.

Birlamchi yengil avtomobil bozorida ham pasayish dinamikasi qayd etildi. Shu bilan birga, pasayish aprel oyida sekinlashdi — o‘tgan oyda sotuvlar mart oyidagi 17 foizga nisbatan 10 foizga pasayish bilan deyarli 20 ming avtomobilni tashkil etdi. Yil davomida birlamchi bozor deyarli 22 foizga kamaydi.

Mahalliy yangi avtomobillar sotuvi uchinchi oy ketma-ket pasaydi. Aprel oyida 17,7 mingta yengil avtomobil sotilgan, bu mart oyiga nisbatan 9 foizga kam, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 21 foizdan ko‘proqqa kamaydi.

Xorijiy yengil avtomobillar bozori ham 15,3 foizga qisqardi — taxminan 2000 ta xorijiy avtomobil sotildi. Savdo hajmi o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 24 foizga kamaydi.

Minilgan avtomobillar sotuvi 21,2 foizga — deyarli 59 mingtagacha kamaygan, yil davomida esa pasayish 39 foizni tashkil etgan. Ikkilamchi bozorda sotuvlar 2022-yil boshidan beri eng past darajaga yetdi.

avtobozor, avtomobil bozori, itim

Elektromobillar bozorida aprel oyida yuqori savdo ko‘rsatkichlari qayd etildi. Aprel oyida 2900 ga yaqin yengil elektromobillar sotilgan, bu mart oyiga nisbatan 23,2 foizga ko‘p degani. Eng ko‘p sotuvlar poytaxtda qayd etilgan — deyarli 2000 ta avtomobil.

Yillik hisobda respublikada elektromobillar savdosi 2 barobarga oshgan.