Tojikiston may oyi oxirigacha Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 14-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Energetika haftaligi (UEW 2024) davomida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Biz mintaqalararo savdo va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz, qo‘shnilarimiz — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bilan elektr energiyasini yetkazib berish, eksport, import qilish va tranziti bo‘yicha juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Bu oy Tojikiston ham bizning yagona Markaziy Osiyo energetika tarmog‘imizga qo‘shilishini kutamiz”, — dedi u.

2021-yil oxirida Tojikiston mamlakatni Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qaytarish masalasini muhokama qila boshlagandi. Sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir Tojikiston 2022-yilda yagona energiya tizimiga qaytishini ma’lum qilgan, biroq bu masala bir necha bor qoldirilgan.

“Biz shu yilning oxirigacha [Tojikiston energetika tizimining] shimoliy qismini ulanishga tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz, biroq bu liniyaning amalda ishga tushirilishi 2024-yilning aprelida amalga oshiriladi”, — degandi Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma.

YAET haqida

Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘istonning Yagona energetika tizimi (YAET) 1970-yillarda yaratilgan. U Toshkentdagi Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilib, irrigatsiya davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va suvga bo‘lgan ehtiyojning mavsumiy tebranishlarini muvozanatlash imkonini bergan.

Qishda Tojikiston va Qirg‘iziston suv omborlarida suv saqlagan va O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Turkmanistondan elektr va energiya resurslarini (ko‘mir va tabiiy gaz) olgan. Yozda Tojikiston va Qirg‘iziston qishda to‘plangan suvni qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun mintaqadagi qo‘shnilariga yo‘naltirgan. Shuningdek, yozda Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shni respublikalarga ortiqcha hajmda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yetkazib bergan.

“Energiya” muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi direktori Hamidulla Shamsiyev 2022-yil boshida Turkmaniston 2003-yilda Eron energetika tizimida savdo bozorini topib, o‘z tashabbusi bilan YAETni tark etganini va hozir u bilan parallel ravishda ishlayotganini ta’kidlagandi. Turkmaniston va O‘zbekiston “halqa” deb atalgan sxemalar ustida ishlamoqda, O‘zbekiston tomoniga alohida generatorlar ajratmoqda.

Tojikiston bir vaqtlar parallel ishlash shartlarini takroran buzgani sababli “halqa” tarmog‘idan ajratilgan edi. Bu Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston tizimining boshqa ishtirokchilari qabul qilgan qo‘shma qaror bo‘lgan. Hozirda Osiyo Taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magi asosida Tojikistonni yagona energetika tizimiga qayta ulash bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda.

“Tojikiston energetika tizimi shu yillar davomida chastotani mustaqil ravishda tartibga solib kelmoqda, bu esa uning gidroelektrostansiyalarida mavjud bo‘lgan katta zaxiralar bilan ta’minlangan. Bu muammoni issiqlik stansiyalari (Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lgani kabi) yoki gidroelektrostansiyalardagi zaxiralar kamayishi (so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi) fonida hal qilish deyarli imkonsiz. Shuning uchun ham ushbu energetika tizimlarining yagona Markaziy Osiyo halqasida birgalikda ishlashi Markaziy Osiyo energetika tizimlarining ishonchli tarzda parallel ishlashini ta’minlash, nafaqat ular, balki uzoq qo‘shnilar bilan ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb ehtiyojidir”, — dedi Shamsiyev.

Tojikiston a’zo bo‘lgach, nima kutilmoqda?

Asiaplustj.info nashrining qayd etishicha, suv va energiya resurslaridan birgalikda muvofiqlashtirilgan foydalanish mintaqadagi barcha mamlakatlarga foyda keltiradi.

Tojikiston va Qirg‘iziston endi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi tanqisligiga duch kelmaydi, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston esa sug‘orish mavsumida suvsiz qolmaydi.

Tojikiston qishki suv omboriga qaytadi (hozirda u yozda suv to‘playdi) va mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji transchegaraviy daryolarning quyi oqimidagi mamlakatlardan yetkazib beriladigan ta’minot hisobidan qoplanadi.

Yozda Tojikiston qishda to‘plangan suvdan qo‘shnilarining sug‘orish suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun foydalanadi.