Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni yaqinidagi ommaviy to‘planish bo‘yicha voqeaga izoh berdi.

Avvalroq, Toshkent shahar IIBBga tayanib, 13 iyul kuni Amir xiyobonida 150−200ga yaqin fuqarolar to‘plangani haqida xabar bergan edik .Bunga rossiyalik bloger, Subxan Mamedov (Subo) ning obunachilariga pul tarqatish haqidagi e’loni sabab bo‘lgan. Ichki ishlar organlari tomonidan to‘plangan fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish va ommaviy to‘planmaslik kerakligi tushuntirilgan hamda ular tarqatilgan. Xavfsizlik xodimlari olomonni dubinka, qalqon va amunitsiyalar bilan tarqatishgan.

Poytaxt IIBBning ma’lum qilishicha, bloger Mamedov S. bilan ham profilaktik suhbat o‘tkazilgan va mazkur voqeada qonun buzilishi holatlari va tartibsizliklar yuz bermagan.

«U bilan profilaktik suhbat emas, balki unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘ligiga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani nuqtai nazaridan huquqiy baho berilishi kerak. Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak. Tartibbuzarlarni bunday ehtirom ila yana kuzatib qo‘yaversak, ertaga o‘zimizga qiyin bo‘ladi», — dedi Komil Allamjonov.