Davlat rahbari bugun o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalarni optimizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, prezident matbuot xizmati COVID-19 shifoxonalarida 6570 nafar bemor davolanayotganini qayd etdi. SSV esa 17 noyabr holatiga mamlakatda 2123 nafar koronavirus bemori borligini ma’lum qilgan.
«Mozori-Sharif — Qobul» temir yo‘li AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi mablag‘lari evaziga qurilishi ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari kelasi yilning sentyabr oyida boshlanishi kutilmoqda. Ushbu loyiha O‘zbekistonga Pokiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatini beradi.
Prezident farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab qishloq vrachlik punkti — oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi — oilaviy poliklinika deb qayta nomlanadi. OTMni oxirgi 3 yilda tamomlab, qishloq joyga ishlashga borganlarga 30 mln so‘m pul mukofoti beriladi. Ular uy-joy bilan ham ta’minlanadi.
Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasida 50 foiz vaqt investitsiya bilan shug‘ullanishga sarflanishi kerakligini ta’kidlandi. Xorijiy investorlarni jalb qilish uchun yondashuvni ham o‘zgartirish lozimligi aytildi. Istiqbolli maydonlarni shakllantirish, ularni xorijiy investorlarga taqdim etish, geologik qidiruvlar o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yangihayot tumani Xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Hayot Inog‘omov Yangihayot tumani hokimligiga tasdiqlandi. Shuningdek, Yangihayot tumani prokurori lavozimini Azamat Azimov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavomini esa Murat Raimov egalladi.
Prezident suv xo‘jaligini vaziri Shavkat Xamrayevni Qashqadaryodagi irrigatsiya va melioratsiya ishlari holati uchun tanqid qildi. Shavkat Mirziyoyev unga viloyat suv xo‘jaligi rahbarlarini ishdan olish va ishlaydigan odamlarni qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev ham davlat rahbaridan tanbeh eshitdi.
Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimining yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi o‘tkaziladi. Oilaviy shifokor, terapiya va pediatriya bo‘yicha yordamchilar, hamshira va doyadan iborat guruhlar tuziladi. Bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilmoqda.
«Janobi Ro‘ziyev sharmanda qilgan ekan, endi bilinayapti hammasi. Qashqadaryo zo‘r, gazi bor, deb yuravergan ekanmiz. Viloyat respublika gazining 63 foizini beradi. Ammo odamlarda gaz yo‘q, suv yo‘q. Qani adolat?», — dedi Shavkat Mirziyoyev viloyatning sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyev haqida.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqot qilishdi. Sadir Japarov «Qirg‘iziston uchun qiyin davrda» ko‘rsatgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva jinsiy tarbiyani yoshlikdan boshlash zarurligini ta’kidladi. Jumladan, maktabgacha ta’limda yoshga mos qilib, yuqori sinflar va oliy ta’limda yigit-qizlarni oilaga tayyorlash, reproduktiv salomatlikka o‘qitish kerakligi aytildi. «Biz yopganimiz sari internet ochiq. U salbiy oqibatlarga olib kelayapti», — dedi yuqori palata raisi.
10 oy mobaynida qariyb 8,5 ming xotin-qiz davlat himoyasiga olindi. Ular orasida oilada otasi yoki onasi tomonidan zo‘ravonlikka duch kelgan qizlar ham bor. Shuningdek, himoya orderi olinishi natijasida 418 ta oila ajrashib ketdi.
IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Gulnora Karimovaning COVID-19`ga chalinmaganini ma’lum qildi. Uning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi gaplar ham asossiz ekani aytilmoqda. Shuningdek, Senat raisi Tanzila Narbayeva Gulnora Karimovaga oid gap-so‘zlar yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, «Hozir gender tengligi haqida gapiryapmiz, ayolmi, erkakmi, jinoyat qilsa teng javob berishi kerak», — dedi.
«O‘zbekistonda ayollar va erkaklarga teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish kerak, deb necha yillardan beri aytsak ham, bizning gapimizga hech kim quloq solmagan. O‘sha paytlar shunaqa davr edi» — Tanzila Narbayeva Vazirlar Mahkamasida ishlagan vaqtida gender tengligi masalasiga qanday yondashuv bo‘lganini so‘zlab berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safarini Shahrisabzdagi Oqsaroy Vortex MCHJda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdan boshladi.
Prezident qarori bilan Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani hokimligi tashkil etildi.
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy hamkorlik va qirg‘iz xalqiga iqtisodiy yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qilishdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdullani qabul qildi.
Ekologiya va atrof muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga Alisher Maqsudov nomzodi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi etib Qudratilla Rafiqov bir ovozdan saylandi. Uning nomzodi Oqsoqollar kengashi tomonidan tavsiya qilindi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qariyb 900 nafar bangladeshlikka O‘zbekistonda ishlash uchun ruxsat berilmaganini aytdi. Uzbekistan GTL va ENTER Engineering ishlash huquqi uchun tasdiqnomani olish yuzasidan murojaat qilmagan. Mazkur holatga Qonunchilik palatasi deputati munosabat bildirib, «O‘zimiznikilarning rizqini qirqishi qanchalik to‘g‘ri bo‘larkin?» — dedi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting