Davlat rahbarining 12 noyabrdagi «Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi o‘tkaziladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida:

  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya bo‘yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuziladi;
  • har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi;
  • kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bunda oilaviy shifokor tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika shifoxonalariga yo‘llanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi;
  • aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, retsept yozish va tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
  • tibbiyot xodimlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) ishlab chiqilib, unga erishish holati monitoring qilinadi va natijalarga qarab rag‘batlantiriladi;
  • aholining barcha qatlamlariga sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Buning uchun tegishli vazirliklar tomonidan 2021 yil 1 fevralga qadar kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmi, shuningdek, tibbiyot xodimlarini baholash mezonlari va rag‘batlantirish tartibi ishlab chiqiladi.

Hujjat bilan, tajriba-sinov loyihasi doirasida aholi mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga bo‘linadi. O‘rta va yuqori xavf guruhlaridagi aholi tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi va salomatligi davriy kuzatuvga olinadi. Yuqori xavf guruhidagi va tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvga olinadi va uyiga borgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Profilaktik ko‘riklar o‘rniga, hudud xususiyatlariga ko‘ra, muayyan kasalliklar bo‘yicha maqsadli skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Patronaj ko‘riklari optimizatsiya qilinadi va yangi maqsadli patronaj tizimi joriy etiladi.

Sirdaryo viloyatida joriy qilinayotgan yangi tibbiy profilaktika va patronaj tizimini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilinadi.

Tajriba-sinov loyihasi yakunlariga ko‘ra, mazkur bandda nazarda tutilgan tizimni respublikaning boshqa hududlarida qo‘llash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.

Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 dekabrdan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlari cheklangan soni 46 nafar etib belgilandi.

Jamg‘arma davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etadi. Aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etiladi.

Tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Loyiha doirasida 2021 yil 1 iyuldan boshlab Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablag‘lar Jamg‘armaning alohida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga bosqichma-bosqich o‘tkazib beriladi.

Jamg‘arma tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish orqali ular faoliyatini moliyalashtirib boradi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi.

Kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin.

Ajratilgan byudjet mablag‘larining samaradorligi va natijadorligi Jamg‘arma tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.

2021 yil 1 mayga qadar tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi xatlovdan o‘tkaziladi. Ularning sog‘ligi va kasallanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

2021 yil 1 iyulga qadar «elektron poliklinika» va davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Sh.Inoyatov) va Sirdaryo viloyati hokimligi (G‘.G‘.Mirzayev) ikki oy muddatda viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganadi. Ular negizida «tibbiyot klasteri»ni tashkil qilish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi. Mazkur hujjat loyihasida samarasiz faoliyat yuritayotgan bo‘g‘inlarni qisqartirish, qayta moslashtirish va boshqaruv xarajatlarini maqbullashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Guliston tibbiyot kolleji negizida tibbiyot oliy ta’lim muassasasini tashkil etish uchun xususiy sektorni jalb qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 10 noyabrdagi qarori bilan, 2021 yil 1 yanvardan Sirdaryo viloyati ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida tajriba tariqasida «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» xonalari tashkil etilmoqda. Ushbu xonalarda to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi. Ular aholiga to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik masalalarida maslahatlar berib boradi.