6-may kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Soymo‘min Yatimov uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga oid barcha muammolar to‘plamini atroflicha muhokama qildi. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, noqonuniy migratsiya, kontrabanda va transchegaraviy xarakterdagi boshqa tahdid va xatarlarga qarshi kurashish kabi dolzarb sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tomonlar davlatlar o‘rtasida chegaradosh hamkorlik va, umuman olganda, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

DXXga ko‘ra, muloqot chog‘ida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bog‘liq kun tartibidagi masalalar, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralarni demarkatsiya qilish masalalari konstruktiv tarzda ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi va tomonlarning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab oldi.

Muzokaralar yakunida Qirg‘iziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi a’zolariga chegaraning qolgan uchastkalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, tegishli ikki tomonlama shartnomani tayyorlash va imzolash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.