Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchisi Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Suhbatda mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni, avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport, hududlararo va gumanitar almashinuv sohalarida, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishga xizmat qiladigan qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi kurashishda yaqin muvofiqlashtirish va yordamni davom ettirish muhimligini ta’kidlashdi. Sadir Japarov O‘zbekistonning Qirg‘iziston uchun qiyin bo‘lgan davrda dori-darmon, shaxsiy himoya vositalari, tibbiyot anjoblari va oziq-ovqat yetkazib berish shaklida insonparvarlik yordamini ko‘rsatganligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston qardosh Qirg‘iziston xalqining tinch va barqaror taraqqiyot, farovonlik va ravnaq sari intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini» yana bir bor tasdiqladi.

14 noyabr kuni Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini ko‘rsatish uchun hujjatlar to‘plamini Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyaga taqdim etdi. Muddatidan oldin o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan prezident saylovlari 2021 yil 10 yanvarga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonga iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatishi ma’lum bo‘lgan edi.