Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning jazoni ijro etish muassasasida sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

oktabrda Gulnora Karimovaning qizi onasining sog‘ligidan xavotirdaligini yozgan edi. Iman Karimova aytishicha, bir necha kun ichida onasining sog‘ligi yomonlashgan va shifoxonaga yotqizilib, ikki tomonlama o‘tkir «pnevmoniya» tashxisi qo‘yilganini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, bu haqda Karimovaning advokatlariga xabar berilgan. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda Karimova o‘z joniga qasd qilgani haqida ham axborotlar urchib ketdi.

Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida «Gazeta.uz» IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘landi. Tashkilot axborot xizmati bu ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanini ma’lum qildi.

«Uning ahvoli yaxshi, COVID-19`ga chalinmagan, o‘pka pnevmoniyasi ham yo‘q», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 12 noyabr kuni o‘tkazilgan Gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan matbuot anjumanida Senat raisi Tanzila Narbayeva ham Gulnora Karimovaga oid gap-so‘zlar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. «Hozir gender tengligi haqida gapiryapmiz, ayolmi, erkakmi, jinoyat qilsa teng javob berishi kerak», — dedi u.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

Daryo.uz nashrining yozishicha, IIV polkovnigi Umida Abdullayeva mazkur masala yuzasidan bayonot berar ekan, «O‘z joniga qasd qildi degan yoki boshqa noxush holat haqidagi gaplar asossiz. Gulnora Karimova sud tomonidan belgilangan jazo muddatini o‘tamoqda», — dedi.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

«Gazeta.uz»ning ishonchli manbasi xabar berishicha, hozirga qadar Gulnora Karimova ikki marotaba koronavirusga test topshirgan va har safar uning javobi salbiy chiqqan. Unga yordam ko‘rsatilmayotgani va tazyiq o‘tkazilayotgani ham o‘z tasdig‘ini topmadi.

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetganini ma’lum qilgandik. Sud hukmi bilan Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.