11 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdullani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik hamda Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarini rivojlantirishda erishilgan sur’atni katta mamnuniyat bilan ta’kidladi. Amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport va logistika, energetika, ta’lim va boshqa muhim yo‘nalishlarda ustuvor loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Afg‘onistonda mintaqaviy ahamiyatdagi infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekani ta’kidlandi. Muzokaralar chog‘ida mintaqaviy va xalqaro siyosatning tomonlarni qiziqtirgan masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Abdulla Abdulla O‘zbekistonning afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga hamda xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha faoliyatini birlashtirishga xizmat qilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.