Pokiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatini beradigan «Mozori-Sharif — Qobul» temir yo‘lini qurish loyihasi O‘zbekiston prezidentining «Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» qarorida belgilangan.

Temir yo‘l qurish loyihasini moliyashtirish uchun O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston davlat rahbarlari nomidan qo‘shma murojaati asosida AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining va boshqa xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Google Maps

Qarorga ko‘ra, 2020 yilning dekabr oyida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston transport vazirlari o‘rtasida trans-afg‘on temir yo‘lining optimal iqtisodiy, iqtisodiy jihatdan foydali yo‘nalishini tezkor o‘rganish va tanlash bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.

Loyiha uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash 2021 yil iyungacha yakunlanadi. Temir yo‘l qurilishi kelasi yilning sentyabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 avgust kuni Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri hamda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida 10 yillik elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi.