O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tanqidiy tahlil qilar ekan, — «Qashqadaryo o‘zining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning ko‘pgina hududlaridan ancha orqada», — deya ta’kidladi. Davlat rahbari bunga sobiq hokim Zafar Ro‘ziyev sababchiligini aytdi.

«Janobi Ro‘ziyev sharmanda qilgan ekan, endi bilinayapti hammasi. Qashqadaryo zo‘r, gazi bor deb yuravergan ekanmiz. Viloyat respublika gazining 63 foizini beradi. Ammo odamlarda gaz yo‘q, suv yo‘q. Qani adolat?», — deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Daryo.uz.

Shuningdek, davlat rahbari Zafar Ro‘ziyevni iqtisodiyot va investitsiyani tushunmaydigan rahbar deya atagan.

«Na bilimi, na saviyasi bor, iqtisodiyot, investitsiyani tushunmaydigan rahbar 4−5 yil boshqargani uchun Qashqadaryo hamma viloyatdan orqada qolib ketdi. Bu, albatta, mening ham xatoyim», — deya ta’kidlangan.

Yig‘ilishda oxirgi 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotdagi viloyat ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgani qayd etilgan.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ilmiy asos va innovatsion yondashuv yo‘qligi tanqid qilingan. Shuningdek, viloyat iqlim sharoitiga mos yangi navlar yaratilmagani aytilgan. O‘tgan yili paxta hosildorligi gektariga 19 sentnerni yoki mamlakatdagi eng quyi ko‘rsatkichni tashkil etgan. Qishloq xo‘jaligi texnikalari yetishmasligi hamda mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ham past ekani ta’kidlangan.

Shavkat Mirziyeyoyev i Zoyir Mirzayev. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatining ayni kundagi rahbari Zoir Mirzayev haqida ham fikr bildirilgan.

«Zoir Toirovich — sinalgan kadr. Tajribasi bor. Qashqadaryoni o‘zgartirish uchun olib kelingan», — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.