Prezidentning 11 noyabrdagi qarori bilan Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani hokimligi tashkil etildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Yangihayot tumaniga o‘tkazilgan hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning pochta manzili ulardan ariza yoki ma’lumot talab qilmagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron tizim orqali bepul o‘zgartiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Yangihayot tumani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2020 yil sentyabrdagi tegishli qarorlari asosida tashkil etilgan. Ushbu tuman Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir tumanlari va Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlari hududlaridan jami 2131,2 gektar ajratish hisobiga tashkil etildi.

29 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Sergeli tumanida barpo etilgan yangi turar joy mavzesiga tashrifi chog‘ida ushbu hududda poytaxt hokimligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan alohida — Yangi hayot kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirgandi.

Shuningdek, davlat rahbari mazkur tumanga hokim sifatida Xayot Inogamovni taklif qilgandi. U hokimlikka taklif qilinganidan qadar Toshkent shahar hokimligida kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari bo‘lgan.