12 noyabr kuni O‘zbekiston Gender tengligi masalalari bo‘yicha komissiyasi matbuot анжuмаniuюштирди. Unda Oliy Majlis Senati hamda komissiya raisi Tanzila Narbayeva bolalar bog‘chasidan tortib, to oliy ta’limgacha jinsiy tarbiyadan ta’lim berilishi zarurligi haqida gapirdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, rais 2018 yilda 9 ta, 2019 yilda 11 ta va 2020 yilda 3 marta qiz o‘g‘irlab ketish holati kuzatilganini qayd etgan. U shuningdek, nikoh er va xotin roziligi bilan bo‘ladigan masala ekani, yigit va qiz o‘z xoxishiga ko‘ra nikohga kirishi lozimligi, hech kim, xatto ota-onaning ham majburlashga xaqqi yo‘qligini aytgan.

Tanzila Narbayeva so‘zida davom eta turib, bu kabi holatlarga bilimsizlik sabab bo‘layotgani, ayniqsa, jinsiy tarbiya masalasi hanuz yopiq mavzu bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

«Ginekolog masalasida qizlar ko‘rinmasligi kerak degan stereotiplar bor. Jinsiy tarbiya masalasi biz uchun yopiq mavzu hisoblanadi. Hech kim gapirishi mumkin emas. Deyarli ko‘p oilalarda, hattoki ota-ona ham farzandlariga shu narsalarni gapirmaydi. Bu noto‘g‘ri. Biz o‘ylaymizki, jinsiy tarbiyani yosh bolalikdan olib borish kerak», — dedi Senat raisi.

Tanzila Narbayeva jinsiy tarbiyada u so‘zlarni ishlatmasa ham ona qiziga, ota o‘g‘liga aytib borishi kerakligini aytdi. Ta’kidlanishicha, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida Mahalla va oila instituti tashkil etilgan. Unda ota-onalarga qiz va o‘g‘il bolalarga jinsiy tarbiya mavzusida qanaqa ko‘nikma berish kerakligi bo‘yicha katta loyiha boshlangan.

«Prezidentimiz tashabbusi bilan maktablarda tarbiya darsi kiritildi. Vazirliklarga shu tarbiya darsida, albatta, jinsiy tarbiya yo‘nalishi, gender tenglik masalalarini kiritishni, qizlarni alohida, o‘g‘il bolalarni alohida o‘qitish, tayyorlash vazifasini qo‘ydik. Hozir tarbiya dars soatlariga mana shu narsalar kiritilgan. O‘quv dasturlarini shu darajada noziklik, bilim bilan qilishimiz kerakki, o‘g‘il bola, qiz bolaga kerakli bilimni berishimiz lozim. Maktabgacha ta’limda yoshga mos qilib, o‘zini doirasida, yuqori sinflarda va oliy ta’lim muassasalarida qizlar va o‘g‘il bolalarni oilaga tayyorlash, reproduktiv salomatlik, tug‘ish, saqlanish, qarindosh urug‘lik nikohlari va boshqalar to‘g‘risida ochiqdan-ochiq ma’lumotlarni berishimiz kerak», — dedi Tanzila Narbayeva.

Shu bilan birga, oila, maktab, ta’lim muassasalarida ayol kishi qizlarga, erkak kishi esa o‘g‘il bolalarga ushbu mavzuni ochiqdan-ochiq tushuntirishi kerakligi aytildi.

«Biz yopganimiz sari internet ochiq. Internetda yomon narsalarni o‘rganayapti [yoshlar — tahr.]. U salbiy oqibatlarga olib kelayapti. Shuning uchun undan ko‘ra, do‘st bo‘lib, dugona bo‘lib, ota, aka-uka bo‘lib, ma’lumotni bergani, menimcha foydaliroq bo‘lsa kerak», — dedi yuqori palata raisi.

Bundan tashqari, Narbayeva nikoh qurayotgan yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasi bor. Lekin hammasi formal bo‘lib qoldi. ZAGS yo‘llanma beradi, 5 ta yo‘nalish bo‘yicha dispanserlardan hisobda turibdimi, yo‘qmi ma’lumot oladi. Hisobda turmasa, kasalmas deb yozib beradi. Yoki bo‘lmasa, SPID [OITS — tahr.] degan joyda yo‘q deb yozib beradi. U ro‘yxatda turmagan bo‘lsachi? Kasallik bor bo‘lsachi? Senatimizni kelayotgan 20 noyabrdagi yalpi majlisida nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy nikohdan o‘tkazish masalasini parlament so‘rovi tartibida hukumatga kiritmoqchimiz. Mana shu masala hozir qay darajada dolzarb? 17 yil bo‘libdi qaror qabul qilinganiga. Hozirgi kun talabiga javob berayaptimi, yo‘qmi?», — deya ta’kidladi.

Matbuot anjumanida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova o‘smir qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish zaruriyatiga izoh berdi.

«O‘smir qizlarni biz, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishimiz kerak. Ularning kasalini erta topishimiz kerak. Bitta misol keltiraman, Xorazmda 14 yoshar qizning qornida o‘simta paydo bo‘lib, kattalashayotgani ko‘ringan. Ota-onasi va tibbiyot xodimlaridan cheksiz minnatdorman. Ommaviy tibbiy ko‘rikdan o‘tishda aniqlangan. Onkologik emas, bezarar o‘simta bo‘lgan. Operatsiya qilingach, qiz to‘laqonli hayotga, hech qanday ruhiy tushkunlikka tushmasdan yana qaytib keldi», — deya qayd etdi Elmira Basitxanova.

Cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

U, shuningdek, qizlarning kasalini yashirish urfga bo‘lib qolgani va buni bartaraf qilish uchun qanday chora ko‘rilayotganini aytdi.

«Biror-bir oilada qiz kasal bo‘lsa, hech kimga aytmagan ma’qul degan masala bo‘lgani uchun prezident qizlarni ayollar davolanadigan ginekologga emas, alohida bolalar qabul qiladigan joyda «qizlar salomatlik markazi»ni ochinglar, deb topshiriq bergan edilar. Bugungi kunda 200 dan oshiq markaziy poliklinikalarda «qizlar salomatlik markazi» mavjud, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida qizlar xonasi ham bor», — dedi Basitxanova.