12 noyabr kuni Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, Oliy Majlis Senati va komissiya raisi Tanzila Narbayeva gender tenglik masalasiga O‘zbekistonda qanday qaralganiga to‘xtalib o‘tdi.

«Elmira Irkinovna [Basitxanova], Farida Yo‘ldoshevna [Abduraximova], Gulnora Mahmudovna [Marufova]lar tirik guvoh, o‘sha paytda ishlashgan. Biz O‘zbekistonda ayollar va erkaklarga teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish kerak deb, necha yillardan beri aytsak ham, bizni gapimizga hech kim quloq solmagan. O‘sha paytlar shunaqa davr edi. Men u davrni yomonlamoqchi emasman, lekin u davrda ham o‘ziga xos ishlar bo‘lgan. Biroq, o‘sha davrda bu narsalar gapirilmas edi. Nimaga desangiz, Konstitutsiyada erkaklar va ayollar teng huquqliligi yozilgan, Mehnat kodeksi bo‘yicha ham oylik to‘lash-u, ishga qabul qilishda muammo yo‘q. Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi hammaga bir xil. Nima ehtiyoj bor bunday qonunga, degan javob eshitardik. Bu masala to‘g‘risida biz gapira olmasdik ham», — dedi Narbayeva.

Senat raisi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari o‘z loyihalarini amaliyotga tadbiq qilish sharti etib u yoki bu davlatga gender tenglik masalasini hal etish talabini qo‘yishi haqida gapirdi.

«Biz xotin-qizlar va erkaklar tengligi masalasiga yaxshi yondosha olmas edik. Xalqaro reytinglarda ham baholarimiz juda past darajada edi. Gender tenglik ko‘rsatkichlarini xalqaro tashkilotlarga taqdim etib borishimiz kerak edi, lekin o‘z vaqtida taqdim qilmasdik. Chunki bu iborani o‘zini tan olmas edik, boshida. Shuning uchun biz ko‘rsatkichlarni aytmaganimiz tufayli, xalqaro reytinglarda davlatimiz qayd etilmas edi», — deya ta’kidladi rais.

Uning ta’kidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoyev ilk kunlardanoq, ya’ni 2016 yilda «xalq bilan muloqot» tizimini joriy qilgan. Ana shu muloqotda asosiy e’tiborni ayollar va oilalar dardiga qaratish lozimligini qayd etgan.

Anjuman davomida Narbayeva zo‘ravonlik holatlari ham juda ko‘pligiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, rahbar xodimlar «Mahallada zo‘ravonlik bo‘yicha tahlil o‘tkazildi» degan xabar uchun ishdan bo‘shatib yuborilgan.

«Men o‘zim ham, o‘shanda Vazirlar Mahkamasida ishlagan paytimda, rahbarlardan gender tenglik so‘zini ishlatish mumkin emas, degan gaplarni eshitar edim. Ichimizda tushunmas edik, nima uchun shunaqa ekan, deb. U gender degani ayollarning erkaklardan o‘zib ketaman, degani emasku. Gender bu erkak va ayollar teng huquqliligi va imkoniyat berilishi degani, u yog‘i tanlov. Har bir insonning o‘z tanlovi. Agar ayol kishi uyda o‘tiraman, hech qanaqangi ishlashni xohlamayman. Menga shu ma’qul, farzandlarimni tarbiyalayman, turmush o‘rtog‘im bilan yaxshi hayot kechiraman desa — bu ham uning tanlovi», — dedi.

Yig‘ilishda, shuningdek, so‘nggi uch yilda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qariyb 20 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, ikkita qonun, prezidentning 1 ta qarori va 4 ta farmoni, hukumatning 12 ta qarori qabul qilingan.