Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Markaziy Osiyodagi vaziyatni muhokama qilish chog‘ida davlat rahbarlari mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar to‘g‘risida kelishuvga erishdilar. Hududlar va biznes darajasida faol muloqotlarni davom ettirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan MDH va SHHT doirasidagi muloqotni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.

Qozog‘iston rahbari matburot xizmatining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston qirg‘iz xalqiga iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatadi.