Prezident «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab qishloq vrachlik punkti — oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi — oilaviy poliklinika deb qayta nomlanadi.

Aholi soni va mahalliy zaruriyatdan kelib chiqib, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda tunu kun navbatchi tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, 2021 yildan olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalari shifokorlari uchun «Qishloq shifokori» dasturi joriy qilinadi.

Tibbiyot OTMni oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va boshqa hududda yashovchi shifokorlar olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga ishga joylashsa, 3 yil ishlab berish sharti bilan ularga 30 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari beriladi.

Uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari beriladi yoki BHMning 2 baravari miqdorida har oylik ijara to‘lovlari Davlat byudjetidan kompensatsiya qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bo‘sh shifokor ish o‘rinlari ro‘yxatini tuzadi.

Moliya vazirligi 2021 yildan ushbu vazifalarni bajarish uchun davlat byudjetidan 20 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratadi.

Shuningdek, 2021 yil 1 yanvardan oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligi bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi. Uning natijalariga ko‘ra, shifokorlar har chorakda BHMning 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

2021 yil 1 yanvardan tuman [shahar] tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida, zaruriyatga qarab, tor soha shifokorlari shtatlarini mustaqil belgilash vakolati beriladi.

2021−2023 yillarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar quyidagicha tashkil etiladi:

  • 315 ta oilaviy shifokor punktlari, shundan 2021 yilda — 100 ta, 2022 yilda — 105 ta va 2023 yilda — 110 ta;
  • 52 ta qishloqda joylashgan oilaviy poliklinikalar, shundan 2021 yilda — 17 ta, 2022 yilda — 18 ta va 2023 yilda — 17 ta;
  • 33 ta shaharda joylashgan oilaviy poliklinikalar, shundan 2021 yilda — 7 ta, 2022 yilda — 13 ta va 2023 yilda — 13 ta tashkil etiladi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

Mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, Qarshi davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti va Guliston davlat universitetida tibbiyot fakultetlari tashkil qilinadi. Jumladan, ular va boshqa tibbiyot OTMlarida yetakchi xorijiy tibbiyot OTMlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qitish tizimi joriy qilinadi;

Viloyat tibbiyot muassasalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda klinik bazalar tashkil qilinadi va bitiruvchi kurs talabalari ushbu klinik bazalarda o‘quv amaliyotini o‘taydi;

Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlarida oilaviy shifokorlar yordamchilarini tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Ularda oilaviy shifokorlar yordamchilarini tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi joriy qilinadi;

Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga biriktiriladi. Ularning o‘quvchilari ixtisosligidan kelib chiqib, ushbu muassasalarda amaliyot o‘taydi.