Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasini modernizatsiya qilish, investitsiyalar jalb etish hamda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari geologiya-qidiruv ishlarini oshirish hisobiga 2021−2022 yillarda mineral xomashyo bazasini keskin kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Sohaga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etishga bo‘lgan yondashuvni ham o‘zgartirish kerak. Shu maqsadda istiqbolli maydonlarni shakllantirish, ularni xorijiy investorlarga berish, geologik qidiruv o‘tkazish va soliqqa tortish tizimlarini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

31 ta strategik foydali qazilma maydon va konlar joylashtirilgan onlayn auksionga chet ellik sarmoyadorlarni keng jalb etish muhimligi aytib o‘tildi.

— Geologiya sohasida 50 foiz vaqt investitsiya bilan shug‘ullanishga sarflanishi kerak. Investitsiya kelmasa, geologiyada vaziyat o‘zgarmaydi. Uzoq yillik mavhum rejalar emas, qisqa muddatli, aniq va natijador rejalar kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yetakchi auditorlik va konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda sohadagi davlat korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. «O‘zgeorangmetLITI» institutiga ilg‘or tajribaga ega xorijiy kompaniya jalb qilinishi belgilandi.

Yig‘ilishda mutasaddilar 2021−2022 yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Sohani modernizatsiya qilish chora-tadbirlari haqidagi taqdimotdan ko‘rish mumkinki, sohani moliyalashtirishga 2017 yilda 51 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 161 mlrdni tashkil etgan. 2020 yilda 378 mlrd bo‘lishi kutilmoqda. 2021 yilda esa 257 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

2017 yilda jami uskunalarning yangilari 18 foizni, eskilari esa 82 foizni tashkil etganini ko‘rish mumkin. 2019 yilga kelib, 31 foizgacha uskunalarni yangilashga erishilgan. 2020 yilda 39 foizga, 2021 yilda esa 44 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.