12 noyabr kuni O‘zbekiston Gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazilgani haqida хабарбергандик. «Gazeta.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, anjumanda zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan xotin-qizlarni davlat himoyasiga olish masalasiga ham to‘xtab o‘tildi.

Unda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva himoya orderini taqdim etish bo‘yicha 10 oylik tahlil natijalari haqida axborot berdi.

«1 noyabr holatiga 8431 nafar xotin qizimizga himoya orderi berildi. Shundan voyaga yetmagan qiz 62 nafarni, 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar 2103 nafarni tashkil etdi. Qolgan himoya orderi undan yuqori yoshdagilarga to‘g‘ri kelmoqda. Jami himoyaga olinganlarning 90 foizi oila-turmush doirasida nizolar sababli himoya orderi so‘rab kelishgan», — deya tak’idladi Umida Abdullayeva.

Umida Abdullayeva. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Tahlil natijalariga ko‘ra, oilada otasi yoki onasi tomonidan zo‘ravonlikka duch kelgan qizlar ham bo‘lgan. Ular davlat himoyasiga olinib, ota-onalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi [Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik] bilan javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, orderni olishni rad etgan fuqarolar ham yo‘q emas, ular 151 nafarni tashkil etdi. Shundan 85 nafari Farg‘ona viloyatiga, qolganlari Jizzax, Buxoro va boshqa hududlarga to‘g‘ri keladi. Himoya orderi nafaqat nizoni hal etishga, balki, oilalarning buzilib ketishiga ham olib kelmoqda.

«Bu oila-turmush doirasida bo‘ladigan bo‘lsa, albatta, shu oilaga ertasi kuniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Himoya orderi so‘rab keldimi, bu nafaqat nizoni bartaraf etishga, balki, oilani parokanda bo‘lishiga ham ta’sir qilishi mumkin. Hamma vaqt ham bu ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi. 8431 nafar xotin-qizdan nizosi bartaraf etilganlar 3151 nafarni tashkil etadi. Yarashtirilganlar 4,5 ming nafar. Himoya orderi olgani ta’sirida 418 nafar xotin-qizlar ajrashgan», — dedi IIV polkovnigi.

Umida Abdullayeva, shuningdek, 319 ta holatda nizo bartaraf etilmay qolganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, himoya orderi bir oy muhlatga berilishi, nizo bartaraf etilmasa, tuzatish dasturidan o‘tish sharti bilan order muddati yana bir oygacha uzaytirilishi ta’kidlandi. Qonun hujjatlarida orderni berish bilan birga, tazyiq o‘tkazgan shaxsga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini qo‘llash ham ko‘zda tutilgan.

«Bugungi kungacha beshta jinoiy javobgarlikka, 100 yaqin ma’muriy javobgarlikka tortish holatlari bo‘ldi. Orderda beshta cheklov ko‘rsatib o‘tilgan. 5 avgust kuni qabul qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 206 prim-1 modda kiritildi. Unga asosan himoya orderida belgilangan cheklovlarni buzgani uchun BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilangan. Hozirga qadar 14 ta holatda mazkur modda qo‘llanildi», — deya ma’lum qildi Umida Abdullayeva.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva: «Hamma pastdagi muammo, ayollarni chiqa olmasligi yoki xo‘rlanishi, hayotda o‘z o‘rnini topa olmasligi, erkaklarni ham haq-huquqlarini ayolga nisbatan oshirib yuborishi — buning hammasi ta’lim, bilimning yetishmasligidan», — deya ta’kidladi.

Ma’lumot o‘rnida, himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi hujjat hisoblanadi. Order jismoniy, jinsiy, iqtisodiy, ruhiy zo‘ravonlik va tazyiqqa uchraganlarga rasmiylashtirib beriladi. Himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoringni yuritish masalalari «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"giqonun, qolaversa, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 4 yanvardagi «Xotin qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan tartibga solinadi.